22:50 / 06.04.2022
1 320

«Blogerlarni qamashmoqda...» — Bloger o‘zi kim? Blog nima?

«Blogerlarni qamashmoqda...» — Bloger o‘zi kim? Blog nima?
Ko‘pchilik «bloger» deganda jamiyatimizdagi ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqadiganlarnigina ko‘z oldiga keltirishadi. Umuman, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek sigmentida amaldoru davlat xizmatchilaridan tortib oddiy odamlargacha, blogerni jamiyatimizda bo‘layotgan voqea hodisalarni tanqid qiluvchi, murojaatni o‘rganuvchi, yechim izlovchi, deb hisoblashadi. Aslida bloger kim?

Blog — inglizcha web-log so‘zidan olingan, ya’ni internet sahifasi, onlayn kundalik hisoblanadi. Bu onlayn kundalikdan matn, rasm yoki multimediya o‘rin olgan bo‘lib, ma’lum bir shaxs tomonidan yuritiladigan internetdagi sahifa.

O‘z sahifasini yuritadigan odamlar bloggerlar, bloglar to‘plami esa blogosfera deb ataladi. Ilk blog 1992 yilda ochilgan bo‘lib, Tim Berners-Liga tegishli. 1996 yildan boshlab esa bloglar ommalasha boshladi. 1999 yil avgustda Pyra-Labs kompyuter kompaniyasi Blogger.com — birinchi bepul bloglash xizmatini ishga tushirdi. «Blog» atamasi 1997 yil 17 dekabrda Jorn Barger tomonidan o‘ylab topilgan.

Bloglar muallifligiga ko‘ra shaxsiy, jamoaviy va korporativ, mazmuniga ko‘ra tematik yoki umumiy bo‘lishi mumkin. Joylashuviga ko‘ra, tarmoq, ya’ni bloging xizmatlarida (blogspot.com, livejournal.com) va avtonom, kontent mustaqil boshqariladigan tizimda (Telegram, Facebook, Instagram, Youtube, Tik-Tok, Twitter platformalari kabilarda) faoliyat olib boriladi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi do‘stlarim orasida Bahodir Kamolov o‘zining bog‘i, toklari, ekayotgan sabzavotlari, qishloq ob-havosi haqida postlar qo‘yib borsa, tarixchi Ixtiyor Esonovning sahifasida qiziqarli tarixiy faktlar, mashhur tarixiy shaxslar haqida o‘qiysiz.

Qo‘g‘irchoq yasovchi Mohidil Tursunova, kashtachi Mohira Sultonova esa hunarmandlik sirlari bilan batafsil o‘rtoqlashib boradi.

Hayvonlar uchun boshpana ochgan Iroda Matkarimova ham bloger hisoblanadi. Uning sahifasida O‘zbekistonga nega shunday hayvonlar uchun boshpana kerakligi, hayvonlarga nega mehr-muhabbat berish lozimligi haqida o‘qiysiz. Iroda Matkarimovaning blogi orqali hayvonlar boshpanasi soni oshdi, hayvonlarga mehr ko‘rsatadigan odamlar ko‘paydi. Aynan shu bloger ham ushbu tizimdagi kamchiliklarni bemalol tanqid qila oladi. Nafaqat Facebook balki telegramm kanallari ham mavjud. Men yuqorida sanab o‘tgan blogerlar qo‘yadigan postiga, mazmuniga ko‘ra tematik yondashadi.

Bizda esa ayrimlar kamerani ko‘tarib olib er-xotinni to‘shagini suratga olish, fohishani so‘roq qilish, biror idora rahbarining xonasiga bostirib kirish yoki biror fuqaroning haqiqatini yuzaga chiqarish uchun aniq bo‘lgan yoki bo‘lmagan faktlarni ko‘tarib chopadiganlarniga bloger hisoblashadi.

Ya’ni, yuqorida ta’kidlaganimdek, bloger deganda ijtimoiy muammoni ko‘tarib chiqadiganlarnigina tushunishadi. Aslida yo‘nalishiga ko‘ra sayohat, siyosiy, moda, hayotiy, ta’lim, sport, kino, salomatlik, biznes, taomlar, hunarmandchilik asarlari, musiqa, AKT — bularning barchasini izchil yoritadigan, ma’lumotlar berib boradigan, yangiliklar bilan tanishtiradiganlar ham blogerlar hisoblanadi. Ular shov-shuvga o‘ralashmay, birovni sharmanda qilish orqali nom chiqarmay, boshqalarning yangilik olishi, vaqtini mazmunli o‘tkazishi, nimadir o‘rganishiga xizmat qiladi.

O‘zga mamlakatlarda blog sahifalari ommalashgan sari hatto eng yaxshi bloglar uchun tanlovlar uyushtiriladi.

Bizda ana shunday turli tematikalarda izchil mavzularni yozib boradiganlarni bloger hisoblashadimi? Yo‘q. Yoki ularning yozganlarini kuzatishadimi? Yo‘q. Tanlovlar o‘tkazishadimi? Yo‘q. Tanlovlar nega kerak? Boshqa o‘z sahifasiga ega bo‘lganlarga motivatsiya berish, har bir odam o‘zidan «bloger yaratish», o‘qib-o‘rganish, auditoriyani kengaytirish, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek sigmentini ijtimoiy, madaniy fikrini kengaytirish uchun ham kerak.

Keyingi paytlarda blogerlarni qamashmoqda, degan xabarlar tez-tez qulog‘imizga chalinmoqda. Va go‘yoki jurnalistlar erkin so‘z aytmayotgani uchun ular bilan hech kimning ishi yo‘q, degan bahslar yuzaga kelmoqda. O‘sha qo‘lga tushganlarning orqasini surishtirsang, pul evaziga yer olib yoki manfaat evaziga birontasining ishini hal qilib bermoqchi bo‘lganining guvohi bo‘lasan. Va ijtimoiy tarmoqlarda, «Blogerlardan qo‘lingni tort», «Haqiqatchi blogerlar», degan guruhlarning paydo bo‘lgani hatto «bloger»larning o‘zi ham bloger va blog tushunchasiga ega emasligidan, ya’ni bloger degani faqat haqiqat izlovchi deb tushunishini anglash qiyin emas.

Keyingi paytlar biron mavzu xususida gap ketsa yoki murojaat paydo bo‘lsa jurnalistlar va blogerlar deb murojaat qilinadigan bo‘ldi. Va eng qizig‘i, biror joydan intervyu olishga borsa jurnalistdan hujjat talab qilishlariyu, blogerdan hujjat talab qilmasliklari, ularning vakolatini to‘rtinchi hokimiyat hisoblanmish jurnalistlarnikidan ham baland qo‘yish emasmi?

Ko‘pchilik jurnalist o‘z ishini bajarmagani uchun blogerlarga odamlar murojaat qilishadi, deb o‘ylashadi. Yoki qanchadan-qancha muammolar internet nashri yoki bosma nashrlarda jurnalistlarning muammolarga qayta-qayta urg‘u bergani uchun hal bo‘layotganini tan olishni istashmaydi.

Jurnalist biror muammoni xolis o‘rganib, o‘sha muammoni jabrdiyda tomon hal qilsa ham, amaldorni tanqid qilsayam o‘rinli tanqid qila oladiki, biror jurnalistga bosim o‘tkazilmaydi. Ijtimoiy tarmoqda yaqinda bir blogerni qamab qo‘yishibdi, degan xabarlarga ko‘zim tushdi. Sahifasiga kirib ko‘rsam birorta tayinli fikr, gap yo‘q. Bir marta men bloger sifatida murojaat qilayapman, degan faktsiz tanqidlari uchun uni qo‘lga olishibdi. Va hamma joyda blogerga bosim bo‘layapti, deb xayp qilishdi. Uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytgan tanqidini qanchadan-qancha jurnalistlar faktlar bilan yozyapti, nega hech kim ularni ushlab ketmyapti. Yoki haqiqiy siyosatdan, ijtimoiy hayotdan yaxshi xabardor blogerlar o‘z kanallarida, sahifalarida yoritayapti, hech kim indamayapti? Masalan, taniqli Nilufar Jumayeva, Aziza Qurbonova, Xushnudbek Xudoyberdiyev, Qobil Xidirov, Shahnoza Soatova kabi jurnalistlar o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifalarida ham, televideniye orqali ham qanchadan-qancha muammolarni ko‘tarib chiqayapti, ayovsiz tanqid qilyapti, lekin ularga taqiq bo‘lgani yo‘qku.

Bloger kim? Bloger ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini yurituvchi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi. U haqiqat izlovchi, muammolarga yechim topuvchi, kimnidir sharmanda qiluvchi, shantaj qiluvchi emas. U istalgan mavzuda qiziqarli qilib ma’lumot bera oladigan, odamlarga yangilik yetkaza oladigan, biron voqea-hodisaga o‘z munosabatini kreativ bildira oladigan faol ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisidir, aslo ikki taraf o‘rtasida turuvchi qozi emas...

Barno Sultonova

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Blogerlarni qamashmoqda...» — Bloger o‘zi kim? Blog nima?