date

OITS haqidagi yolg‘on video ortidan ikki yigit jazolandi

OITS haqidagi yolg‘on video ortidan ikki yigit jazolandi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “OITS bilan kasallanganlar o‘rindiqlarga igna qo‘yib ketmoqda” mazmunidagi video jamiyatda xavotir uyg‘otdi. Ammo Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tekshiruvlaridan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, bu ma’lumot mutlaqo asossiz va to‘qib chiqarilgan.

Surishtiruv natijasida mazkur videoni o‘ylab topib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan ikki yosh yigit qo‘lga olindi. Ular aybini to‘liq tan olgan holda, buni “layk” va ko‘rishlar sonini oshirish uchun qilganini aytishdi.

“O‘rtog‘im ‘SPID haqida video olaylik’ dedi. Bu darajada ommalashishini o‘ylamagandim. Xalqdan chin dildan uzr so‘rayman”, — dedi videoning mualliflaridan biri.

Ikkinchi yigit esa: “Instagram’da shunday video ko‘rib, biz ham shunga o‘xshash kontent tayyorladik. ‘Prosmotr’ uchun qilgandim. Endi qilgan ishimdan juda afsusdaman”, — deb izoh berdi.

Mazkur voqeaga munosabat bildirgan Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi bo‘lim mudiri Anvarbek Jabborov ta’kidlashicha, OIV infeksiyasi faqat uch yo‘l bilan yuqishi mumkin: himoyasiz jinsiy aloqa orqali, nosteril tibbiy asboblar yoki shprislar orqali, shuningdek, kasal onadan bolaga.

“O‘rindiq yoki stul orqali OIV yuqishi mumkinligi haqidagi gaplar mutlaqo ilmiy asosga ega emas. Virus tashqi muhitda tez halok bo‘ladi. Qonli igna orqali yuqish ehtimoli bo‘lgan taqdirda ham fuqaro 2 soatdan 72 soat ichida OITS markaziga murojaat qilsa, infeksiyani oldini olish 100 foiz ta’minlanadi”, — dedi mutaxassis.

Qonunbuzarlik sodir etgan yigitlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi (“Internet orqali yolg‘on axborot tarqatish”) bilan javobgarlikka tortildi.

Bu moddaga ko‘ra, yolg‘on ma’lumotni jamoatga tarqatgan shaxs 50 dan 100 baravargacha bazaviy hisoblash miqdorida jarima to‘laydi. Bu 20,6 milliondan 41,2 million so‘mgacha bo‘lishi mumkin.

Mutasaddilar aholini internetdagi har qanday sensatsion videolarga ishonmaslikka, tekshirilmagan ma’lumotni tarqatmaslikka va fuqarolar o‘rtasida asossiz xavotir uyg‘otmaslikka chaqirdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Jamiyat » OITS haqidagi yolg‘on video ortidan ikki yigit jazolandi