
Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi va «Tojikfilm» davlat muassasasining «Jomiy va Navoiy» tarixiy filmini yaratish boʻyicha tuzilgan qoʻshma komissiyasining yakuniy yigʻilishida film kontseptsiyasi ikki davlat mutaxassislari tomonidan ma'qullandi.
Taqdimotda Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, «Tojikfilm» davlat muassasasi direktori Mahmasaid Shoxiyon, shuningdek, ikki davlat olimlari va kinoijodkorlari ishtirok etishdi.
Ikki mamlakat kinoijodkorlari va olimlari tomonidan tayyorlangan tarixiy badiiy filmning kengaytirilgan sinopsisi atroflicha muhokama qilindi. Ma'lumki, hamkorlikda film suratga olish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoevning 2021 yil 10-11 iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga tashrifi chogʻida bildirilgan va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan qoʻllab-quvvatlangan edi.
— Bugun barchamiz Tojikiston va Oʻzbekiston xalqlarining buyuk mutafakkirlari, shoir va faylasuflari — Jomiy va Navoiy oʻrtasidagi doʻstlik haqida badiiy film yaratish jarayonida ishtirok etmoqdamiz, — dedi Tojikiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda.
Stsenariy rejasini tayyorlashga Kinematografiya agentligi, «Tojikfilm» davlat muassasasi, ikki mamlakat Kinoijodkorlar uyushmalari, Fan akademiyalari, Madaniyat vazirliklari, san'at institutlari mutaxassislari, sharqshunos olimlar jalb etilgan.
— Ushbu noyob loyihani Yangi Oʻzbekiston yuritayotgan yaxshi qoʻshnichilik va ochiqlik siyosatining yorqin namunasi deyish mumkin. Bugun biz koʻplab ijodiy uchrashuv va muxokamalar, bahs va munozaralar, izlanishlar oʻtkazmoqdamiz. Ushbu loyiha ikki davlat kinoijodkorlari oʻrtasidagi yoʻqolgan koʻpriklarni tiklaydi va bizni yanada yaqinlashtiradi. Izlanishlar natijasida koʻplab tarixiy va faktologik materiallar toʻplandi, bugungi kunda butun dunyoni hayratga solayotgan, buyuk mutafakkir va shoirlarimiz ijod qilgan Sharq renessanasi davriga oid koʻplab manbalar oʻrganildi. Oʻtgan yilning oktyabr oyida memorandum imzolanganidan buyon ishchi guruhning 15 dan ortiq yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Filmning asosiy gʻoyasi «Tinchlik va ma'rifat hukm surgan joyda — taraqqiyot va farovonlik boʻladi» degan oʻzgarmas va hikmatli iboraga asoslangan, — deya ta'kidladi Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
Oʻzbekiston tomonidan filmga rejissyorlik qilayotgan Furqat Usmonovning ta'kidlashicha, Kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov Toshkent kinofestivali doirasida taniqli aktyor Lyuk Besson bilan muzokara oʻtkazgan.

«Yaqinda boʻlib oʻtgan zum-konferentsiya davomida Lyuk Besson Oʻzbekiston va Tojikiston yosh rejissyorlari bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi va yosh oʻzbek kinoijodkorlarining ishtiyoqidan ilhomlanganligini ta'kidlab oʻtdi. Kelishuvlarga koʻra, stsenariy ustida birgalikda ishlaymiz, u loyiha boʻyicha maslahatchi vazifasini bajaradi. Hozirda u film stsenariysini intiqlik bilan kutmoqda», — dedi Usmonov. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar