Marhum adib Tog‘ay Murodning barcha asarlari xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilinadi. Uning har bir kitobida o‘zbek xalqining quvonch va tashvishlari, armon va orzulari kuylanadi. Shu jihatdan Tog‘ay Murodning nasriy asarlari bir she’r kabi, bir doston kabi o‘qiladi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning yozishicha, Tog‘ay Murod unga “Otamdan qolgan dalalar” romanini ko‘rib chiqishi uchun olib kelganida, kitobni bir kechada o‘qib tugatgan ekan. Kitob o‘ziga ohanrabodek tortib, o‘qiy boshlaganidan keyin to tugatmagunicha qo‘yib yubormagan ekan.
Rejissyor Shuhrat Abbosovnnig yozishicha, Tog‘ay Murod o‘z asarlarining sahnalashtirishiga juda mas’uliyat bilan yondoshgan, bunga osonlikcha ruxsat bermagan. Asarini undan ruxsat so‘ramasdan teatrda sahnalashtirgani uchun bir rejissyorning “tanobini tortib” qo‘ygan ekan hatto. Lekin Shuhrat Abbosovning “Otamdan qolgan dalalar” romanini sahnalashtirishiga darrov ruxsat bergan, negadir. Faqat titrlarda rejissyor nomidan oldin o‘zining nomini berishlarini qat’iy talab qilgan.
AzonTV da berilgan «Fikrat» tahliliy ko‘rsatuvlaridan birida O‘zbekiston Xalq artisti Dilorom Karimova bilan kino va uning xalq onggiga ta’siri mavzulariga bag‘ishlangan suhbat o‘tkazildi. Unda, jumladan, “Otamdan qolgan dalalar” romani va uning kinoversiyasi haqida ham so‘z bordi.
- To‘g‘risini aytsam bu romanni birinchi marta o‘qib, qabul qila olmaganman o‘sha paytda, - deydi Dilorom Karimova. – Tili boshqacha bo‘lgani uchun emas, asar tili juda ajoyib, shoirona. Men millatchi emasman. Unda rus millati juda yerga urib yuborilgandek tuyulgan edi. Keyin bilsam, uning yozgan narsalarida jon bor ekan. Rahmatli Tog‘ay Murod Moskvadagi arxivlarni titkilab, juda ko‘p narsalarni yozib kelgan ekan. Bekorga yozmagan ekan. Lekin rus xalqini yerga urgandek tuyulgan jihatlar romanning kinotalqiniga ko‘chmagan. Filmda o‘zbekning boshiga sovet tuzumi solgan kulfatlar jonli ravishda tasvirlangan. Bu voqealarga munosabat borligi bilinib turadi.
Dilorom Karimova “bu film namoyishi nega taqiqlangan”, degan savolga ham javob berib o‘tdi. Chunki bir qarashda bu filmda asosan Chor Rossiyasi zulmi haqida so‘z boradi. Hozirgi davr uchun nimasi bilan xavf tug‘dirishi mumkin?
- Chunki baribir ta’siri bor, - deydi Dilorom Karimova. – Qandaydir qo‘llar bizni baribir bosib turadi. Demak kimlardir, kimligini bilmayman, bularni kuzatib, qiziqib turadigan odamlar bor. Shermuhammad haqida film suratga olishmoqchi bo‘lganda, “buni nima qilasizlar, bosmachi bo‘lganku”, qabilida e’tirozlar bo‘lgan. Lekin ruslarning o‘zi tarixidagi inqiloblarga qarshi Kolchak armiyasini “oq gvardiya” deb ataydi. Ular haqida yaxshi filmlar olishgan. Nega endi ular o‘z inqilobiga qarshi chiqqan “oq gvardiya” haqida film olishi mumkinu, biz ozodligimiz uchun, mudofaa uchun kurashgan qahramonlarimiz haqida kino ololmaymiz?, – deydi Dilorom Karimova.
Darhaqiqat, kino san’ati katta mafkuraviy kuchga ega. Undan bizga qarshi kuchlar propaganda sifatida foydalanishi mumkin, albatta. Mustaqilligimizni saqlab qolishimiz, xalqimiz ongini propaganda kurashlarida boy bermasligimiz uchun kino san’atiga ham diqqatliroq bo‘lishimiz kerakka o‘xshaydi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)