01:21 / 21.05.2023
338

“Hayvonday yashagandan odamdek o‘lgan ma’qul...”. “La’natlanganlar oroli” filmi haqida

“Hayvonday yashagandan odamdek o‘lgan ma’qul...”. “La’natlanganlar oroli” filmi haqida

Tasavvurni ishga solamiz: bir uchiga chiqqan yaramas dushmaningiz bor. Siz uni, u sizni ta’qib etishdan charchamaydi. Unga jamiki ko‘ngilni ag‘darguvchi sifatlar ham kamlik qiladi: murtad, qabih, qo‘rqoq, qotil...
U sizga soyaday ergashadi. Tushlaringizni buzadi. Halovatingizni yo‘qotadi. Ishtahangizni bo‘g‘adi.

Ruhiyatingizga ta’sir o‘tkazadi va miyangizni boshqaradi! 

Barcha falokatlar, barcha yo‘qotishlar, omadsizliklar u sabab bo‘layotganini tushunasiz. Hayotingizni asta-sekin barbod qilayotganini, albatta, devorga suyangancha papiros tutatib, jim kuzatolmaysiz. Izidan tushasiz. Soyangizni quvasiz. Charchaysiz. Boshingiz qotadi. Alaloqibatda, barchasi shunday chigallashib ketadiki, shunday lohas bo‘lib, jasadingiz yerga qapishib ketadiki, bunda faqatgina boshingizdagi teran og‘riq sizni hushyorlashtirib turadi. 

Vanihoyat, uni qorong‘i bir xonada qo‘lga tushirib, yoqasidan siltab, shuncha sitamlar haqqi yuziga tuflash uchun shundoq yorug‘likka olib chiqqaningizda, u siz bo‘lib chiqasiz... Ya’ni yoqangiz o‘zingizning qo‘lingizda. Aniqrog‘i, o‘sha dushman aynan sizsiz! Shunchaki “qilgan gunohlaringizni kechirolmaganingiz uchun o‘zingizdan boshqa bir odam yasab olgansiz!”

“La’natlanganlar oroli”da aynan shu dahshatli jumboq ilgari suriladi.

Kino xususida ikki og‘iz

Film amerikalik yozuvchi Dennis Lixeynning 2003-yilda nashrdan chiqqan “La’natlanganlar oroli” romani asosida suratga olingan. 

Ko‘pni ko‘rgan qariya – Martin Skorseze rejissorlik qilgan ushbu film kino tanqidchilari tomonidan e’tirof etildi. 

Film 2011-yilda “Eng yaxshi triller” nominatsiyasida “Imperiya” mukofotini, xuddi shu yili turli yo‘nalishlar bo‘yicha “Sputnik” mukofotini qo‘lga kiritdi.

Di Kaprio eng ko‘p hissiyotga berilgan: hayajonlangan, asabiylashgan, har daqiqada yuz ifodasini o‘zgartirib turgan kino aynan shu bo‘ldi — iste’dodli aktyor suratga olish maydonchasida o‘zini qayergacha “bardosh” bera olishini aniqlab oldi.

Tomoshabinlarning Di Kaprio hamda Skorseze bor joyda hech qachon yomon kino suratga olinmaydi, degan iqrorlari haqiqatga qanchalik yaqin ekanligini ushbu misol orqali tushuntirishga harakat qilaman: uzoq shimolda mo‘ynasi uchun ovlanadigan nerpa nomli hayvonni musiqa bilan ovlashadi. Qayiq ichidagi magnitofondan kuy tarala boshlagach, nerpalar asta-sekin uning atrofida yig‘ila boshlaydi.

Qarabsizki, ovchilar ortiqcha chiranishlarsiz ularni bitta-bitta qayiqqa bosishadi. Skorseze hamda Di Kaprio juftligida ham shunday, ularning atrofida bir marta aylandingizmi, tamom, yozuvchi Vitaliy Yann aytmoqchi, har filmi yakunida “Salom, tomoshabin!” hayqirig‘i bilan sizni o‘zining girdobiga tortib ketaveradi. 

Martin Skorseze va Di Kaprio “La’natlanganlar oroli”ga qadar uchta filmda birga ishlagan: “Aviator”, “Murtadlar” va “Nyu-Yorklik qaroqchilar”. Bularning hammasi reja qilinganidan ko‘ra ko‘proq shuhrat keltirgan.

Sujet va tahlil

“La’natlanganlar oroli”ning hayratlanarli tarafi shundaki, ekranda sodir bo‘layotgan barcha hodisalar 67-raqamli bemor – Endryu Leddisning yopilib qolgan xotira qopqog‘ini ochish, u barchasini eslashi uchun Eshkliff kasalxonasi shifokorlari tomonidan o‘ylab topilgan o‘yin shartlari bo‘lib chiqadi. Kino oxiridagina biz chinakam, uyushtirilmagan sahnalar guvohi bo‘lishimiz mumkin. 

Voqealar 1954-yilning yozida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi jahon urushi veterani Endryu suyukli xotini Dolores hamda uch nafar jajji farzandlari bilan barcha odamlar qatori tinch-totuv yashaydi. Biroq Dolores ruhiy nosog‘lom edi. Albatta, Endryu xotinidagi o‘zgarishlarni payqagan, keyinchalik vaqtida oldini olmagani uchun qattiq afsus chekkanini ham film davomida ko‘rishimiz mumkin. Biroq ayni o‘sha paytlar uni sevgani sabab bunday bo‘lishi mumkin emas, deya o‘ziga o‘zi yolg‘on tasalli berib, ishongisi kelmaydi. Bundan tashqari, urushdan keyingi asorati hamda ichkilikka ruju qo‘yishi uni bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga fursat qoldirmaydi. 

Ammo oxir-oqibatda haqiqatning yuziga tik boqishdan boshqa chora qolmaydi. Bir kuni Endryu ishdan ertaroq keladi va xotini jonidan ortiq ko‘rgan farzandlarini suvda cho‘ktirib yuborganini guvohi bo‘lib, dahshatdan aqldan ozar darajaga keladi. Doloresga bo‘lgan muhabbati cheksizligiga qaramay, bu qilmishi uchun uni kechirolmaydi: o‘z xotinini to‘pponcha bilan otib o‘ldiradi. Bir kun, atigi bir kun ichida u hamma narsadan mosuvo bo‘ladi. Bunday aybdorlik hissi va vijdon azobi bilan yashay olmasligini bilgan Endryu o‘ziga yangi shaxsiyat yaratadi: Eshkliff kasalxonasida yuz bergan mudhish hodisalar bo‘yicha surishtiruv ishlari olib boradigan marshal Teddi Deniels.

Iqrorlik azobi

Hissiy jihatdan beqaror marshal Teddi Deniels (Leonardo Di Kaprio) sherigi Chak (Mark Ruffalo) bilan Boston ko‘rfazidagi ruhiy nosog‘lom, ashaddiy jinoyatchilar shifoxonasi joylashgan sirli orolga suzib kelishadi. 

Bu yerga agentlar qattiq qo‘riqlanadigan kameradan bir bemorning qochib ketgani sabab tashrif buyurishgan edi...

Aslida-chi? Aslida u hech qanday marshal bo‘lmaydi. Sherigi Chak esa ikki yil mobaynida uning sog‘ayishi uchun harakat qilayotgan shifokori Leddis Shin bo‘lib, umumiy o‘yin qoidalarini buzmaslik uchun Endryuning “xurmacha” qiliqlariga chidab keladi. Shifokorlar Endryuga yordam berish uchun bor kuchini ishga soladi. Bosh shifokor Kouli va Lester Shin bemorni o‘z holiga qo‘yib bersa, oxiri o‘z aldoviga o‘zi bardosh berolmay, haqiqatni tan olishga majbur bo‘ladi, deb hisoblashadi. Biroq bu g‘alati nazariyaga Uorden hamda doktor Neyring qarshi chiqadi, har narsa kutish mumkin bo‘lgan bu odamni iloji boricha tezroq lobotomiya amaliyoti bilan tinchlantirish kerak, deya oyoq tirab olishadi.

Shin nazorati ostida Endryuning xotirasida bir qancha tiklanishlar sodir bo‘ladi. Bu muvaffaqiyat muolajani davom ettirish uchun dastak vazifasini o‘taydi. Endi Shin va Kouli tezroq natijaga erishish uchun kasalxonadagi barcha shifokorlar, qo‘riqchilarni bu o‘yinda qatnashishga ko‘ndiradi. 

Oddiy qo‘riqchi kimsan marshal unvonini olgan Teddini pisand qilmay, masxaraomuz kulib turgani yoki agentlar hamshiralarni so‘roq qilayotgan payt ularning to‘satdan kulib yuborishi – shunchaki, rolini mukammal o‘ynay olmayotgan odamlarning tutib turolmagan hissiyotlari bo‘lib chiqadi.

Bu o‘yin davomida shifokorlar Endryuga tinchlantiruvchi dori berishmaydi. Shu sababdan uni kino davomida asabiy, qo‘llari titragan holda ko‘ramiz. Endryu esa menga turli yo‘llar bilan dori berishayotgani uchun aqldan ozyapman, deb hisoblaydi. Natijada, gallyutsinatsiya va real hayot o‘rtasida qolib ketmaslik uchun so‘nggi kuchini ham orolda nima yuz berayotganini bilishga sarflaydi. Bu orada uning sheriki Chak, ya’ni shaxsiy shifokori Shin sirli ravishda yo‘qolib qoladi. Bu vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Xullas, bir-biridan tushunarsiz bo‘lgan jumboqlar oxiri oroldagi sirli mayoqqa yo‘naltiradi. Teddi u yerga boradi. Qarasaki, mayoqni tun-u kun qo‘riqlaydigan askarlarning qo‘lidagi qurollar o‘qlanmagan, Teddining kelganini ham go‘yoki payqamay qolishgan. Bu narsa Teddini javob topishga bo‘lgan qiziqishiga tag‘in olov purkaydi.

Mayoq tepasiga ko‘tarilganda, uni bosh shifokor Kouli va Shin kutib turadi. Ikkisi Teddiga necha haftadan buyon iziga tushgan odami, aslida, o‘zi ekanligini, farzandlari bo‘lganini va ularni xotini Dolores suvda cho‘ktirib o‘ldirganini, u aynan shu orolda ikki yildan beri davolanayotganini xotirjamlik bilan tushuntirishga harakat qilishadi. Dastlab Endryu menga bo‘hton qilishyapti, deb ishonmaydi, biroq Shin farzandlarining suratlarini ko‘rsatgach, u hammasini eslaydi.

Shin va Kouli bundan xursand bo‘ladi. Harakatlar besamar ketmadi. Xotira tiklandi. Biroq ertasi kuni Endryu ataydan yana marshal roliga qaytib oladi. Chunki bu tarzda yashay olmasligini anglab yetadi. U Shin bilan bo‘lgan oxirgi suhbatda hayvonday yashagandan, odamdek o‘lish ma’qul ekanligini aytib, o‘z xohishi bilan uni xotirasidan butkul ayirish uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga tayyor shifokorlar tarafga qarab ketadi – Endryu o‘limni afzal ko‘radi.

Skorseze kashfiyoti

Kartina atmosferasi tahsinga loyiq. Oroldagi shifoxona devorlari hech kimsaning qichqirig‘ini eshitmaydigan mustahkam qal’ali qamoqxonaga yoki rejissor bizga tez-tez ishora qilishga uringan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar sodir bo‘luvchi konslagerga o‘xshardi. Har holda, Teddi shunday deb hisobladi, chunki uning xulosasiga ko‘ra, odam siyohi yo‘q natsistlarning shafqatsiz tajribalari bu yerdagi manqurt shifokorlarning xatti-harakatlari oldida holva bo‘lib qolardi.

Doimo janrlar chorrahasida muvozanatni saqlay olgan Skorseze bu og‘riq kamerasini yodga soladigan paranoid trillerni Big Hollywood Style’ga solishga uringan va buni eplagan. U hatto eng noqulay joylardan turib ham suratga oldi: kamerani osmon “shiftigacha” ko‘tardi va imkon qadar keng burchakdan vahmkor qal’aning ramziy yo‘laklari bo‘ylab butun boshli jarayonni tasvirga tushirdi. Ulkan qoyalar, qudratli to‘lqinlar, mavhum soqchilar, yuzlari ifodasiz shifokorlar hamda sobiq natsist jinoyatchilarning bahaybat talvasalari aks etgan ko‘zlari – oroldagi hamma narsa haqiqiy, rutubatli ko‘rinishiga xizmat qildi. 

Xulosa

Skorsezening domino donalari shu darajada pishiq joylashtirilgandiki, ortiqcha deb hisoblangan narsani olib tashlash muvozanatning buzilishiga olib kelardi. Masalan, bizga hech qanday nafi tegmaydigan 20 daqiqalik aloq-chaloq suhbatlar ham kartina massasini oshirishda yaxshigina rol o‘ynagan. Leo o‘zining yuzi va tanasi bilan qilishi kerak bo‘lgan barcha ruhiy ko‘rinishlar: taajjublar, og‘riqlar, nafratlar, xullas, hamma-hammasini ser Lanselot kabi yuqori intizom hamda ichki tartib asosida mukammal bajardi. Uning fe’l-atvori bu yuruvchi murdalar orasidagi yagona tiriklik nishonasi bo‘lib tuyuladi. U o‘yin shartlariga itoatkorlik bilan ergashib, tuzoqqa tushadi. Buni ko‘rgan tomoshabinlar o‘zgacha zavq bilan o‘krab yig‘lashadi. Ba’zida “Cape Fear” musiqasi jo‘rligidagi bu sujet nayranglari yalang‘och yelkangiz bo‘ylab o‘rmalagan minglab jirkanch hasharotlarni ko‘rganingizdagi qo‘rquvni esga solib yuboradi.
Skorseze nafaqat detektiv triller, balki chinakam film-rebus yaratdi. Tomoshabinlar hali uzoq vaqt mobaynida ushbu film sahnalaridan yangi ma’nolar izlashadi, yashirin belgilar ochishadi, tahlillarni tahrirlashadi va albatta, Endryuni qayta-qayta kashf qilishda davom etishadi.

Kinodan iqtiboslar

Nimaga qattiq ishonsang, o‘sha sening haqiqatingga aylanadi.

Qo‘rquvni yengishning yagona chorasi – u bilan yuzma-yuz kelish!

– G‘ayrioddiy narsalarni sezmayapsizmi? 
– Bu yer ruhiy kasallar shifoxonasi, marshal. G‘alati hodisalar bo‘lmasligi mumkin emas...

– Yaratgan Egam bizga zo‘ravonlik tuyg‘usini bergan, Teddi, bu senda ham bor.
– Yaratgan Egam bizga farosat bergan...

Qiziqarli faktlar 

– Mark Ruffalo Chak rolini olishi uchun Skorsezega bir muxlis sifatida xat yozib jo‘natadi. Maktubda Skorseze bilan bir kinoda ishlash u uchun sharaf ekanligini aytgan; 

– Dastlab Martin Skorseze va Di Kaprio Chak roliga “Temir odam” – Robert Dauni Junior munosib degan qarorga kelishgan; 

– Triller jahon kinoteatrlari bo‘ylab 41 million dollar ishlab topgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Hayvonday yashagandan odamdek o‘lgan ma’qul...”. “La’natlanganlar oroli” filmi haqida