Foto: AP
Ishonch shu qadar katta kuchga egaki, o‘layotgan odamni tiriltirishi, soppa-sog‘ insonni falaj qilishi, hatto o‘ldirishi mumkin. Ishonch bizni bu dunyoda suyab turgan ustunlardan biri. Ozuqa odam uchun qanchalar darkor bo‘lsa, ishonch va umid ham shunchalar zarur. Bu narsalar ruhimiz ozuqasi hisoblanadi. Dino Butssatining «Yetti qavat» hikoyasida ishonch nelarga qodir ekani yoritib berilgan.
Syujet:
Juzeppe Korte ismli odam arzimas istima bilan 7 qavatli mashhur klinikaning 7-qavatiga joylashadi. Uning bilishicha, klinikada mijozlarni kasalligining og‘ir-yengilligiga qarab qavatlarga taqsimlashar ekan.
Eng yuqori, yettinchi qavat dardi hammadan ham yengillar uchun mo‘ljallangan. Oltinchi qavatga dardi unchalik og‘ir bo‘lmasa-da, harholda uncha-muncha xavotirli tomoni borlar yotqiziladi. Beshinchi qavatda ahvoli, ruhiyati ancha og‘ir bo‘lganlar davolanardi, shu tariqa — qavatma-qavat tushilaveradi. Ikkinchi qavatda kasali juda og‘ir sho‘rliklar yotardi. Birinchi qavatda dunyodan ilinji batamom uzilganlar, tuzalishidan umid yo‘qlar…
Xullas, Korte kasalxonada davolana boshlaydi. Tez orada Korteni bir narsalarni bahona qilib 6-qavatga tushirishadi. Keyin 5, keyin 4, 3, 2 va nihoyat 1-qavatga. Korte har bir pog‘onadan pastga tushishda o‘zining chindanam xasta ekaniga ishona boshlaydi. 1-qavatga tushganda u deyarli falaj holatda edi…
Tahlil:
Ko‘plab hikoyalar kabi Dino Butsattining «Yetti qavat» hikoyasini ham ijtimoiy-siyosiy va maishiy-psixologik tahlil qilish mumkin. Zero, haqiqiy asar turli talqinlarga imkon beradi.
7 qavat bino – qulayotgan jamiyat, undagi tartib-qoidalar – jamiyat qonuniyatlari, qahramon esa o‘sha jamiyatning asosli-asossiz qoidalariga bo‘ysunuvchi qurbon ramzi. Kasalxona – taraqqiyotga emas, tanazzulga olib boruvchi tuzum, u yerdagi tartib-qoidalar rasmiyatchilik, ma’muriy buyruqbozlik tizimi. Asar zamirida keraksiz qoidalarga boy jamiyat insonlarning o‘z ixtiyoridan, shaxsiy tanlovlaridan, xohish-istaklaridan ayiradi va muqarrar halokatga olib boradi degan ma’no yotadi.
Qahramonimiz yettinchi qavatdan birinchi qavatga sayin tushib borishi bejiz emas. Birinchi qavat tanazzul bo‘lsa, arzimas sabablar, tasodiflar, kimlarningdir lozim topishi, kimlarningdir aldovlari, qarorlari orqali bosh qahramon ham o‘sha tanazzulga qarab sho‘ng‘ib boryapti. Qarshilik ko‘rsatmayaptimas, ko‘rsatyapti, ammo bu qarshilik qancha kuchaysa, jamiyat uni shuncha kuchsizlantirib boryapti.
Hikoyada mantiqiy izchillik kuchli. Qahramonning yettinchi qavatdan birinchi qavatgacha tushib kelishi kasalxonadagi tartib-qoidalarning natijasi ekanligi ishonarli tarzda ko‘rsatib berilgan. Shunday mohirlik bilan ko‘rsatilganki, kitobxon «men Kortening o‘rnida bo‘lganimda unday qilardim, bunday qilardim, tushishga ko‘nmasdim yoki og‘ir kasallar ichiga kirganim sari ruhiyatimni cho‘ktirmasdim» deb aytolmaydi. Chunki bu psixologiya. Psixologiya esa ko‘p hollarda tartib-qoidalarga bo‘ysunavermaydi.
Siz ishonadigan yaxshi mutaxassis dori shaklidagi oddiy konfetni berib «bu juda foydali, uni ichsang tuzalib ketasan» desa, siz bunga ishonasiz va avtomatik tarzda o‘zingizni yaxshi his qila boshlaysiz. Qahramonimiz Korte ham o‘zining sog‘lomligini bilsa-da, kelgan kunidan beri qo‘rqadigani birinchi qavatga yaqinlashgani sari undagi ishonch so‘nib boradi. Ruhiyati cho‘kadi. Jismning sog‘lomligi ruhiyatga chambarchas bog‘liqligi shu joyda ko‘rsatilgan.
Yana bir talqinimiz bor: u yuqoridagidan sal boshqacharoq: Binoni umr, hayot yoki taqdir deb oladigan bo‘lsak, qahramon o‘zimiz, ya’ni insonlar. Ko‘pincha taqdir qonuniyatlari, sababiyatlari oldida ojiz qolamiz. Butun umrimiz shu sababiyatlar bilan o‘tib boradi va biz tobora 1-qavatga, ya’ni muqarrar o‘limga sari boraveramiz. Qanchalik yuqoriga intilmaylik, qancha ko‘p yashashga urinmaylik, taqdirga yozilgancha umr – 7 qavatning so‘ngiga, 1-qavatiga baribir borishimiz muqarrar. Korte singari xoh qarshilik ko‘rsataylik, xoh isyon qilaylik nima bo‘lmasin bizni o‘sha 1-qavatga yetkazib borishlari tayin.
Kitobxonda nega aynan 7 ta qavat degan savol tug‘ilishi tabiiy. Fikrimizcha, yetti bu dunyo va u dunyo uchun ramziy son. Haftada yetti kun, yetti qavat osmon degan gaplar bor. Do‘zaxning yetti qavati, darajasi bor va hokazo. Shuningdek, yozuvchining shu son bilan boshlangan boshqa asarlari bor. Masalan, «Yetti chopar» (Sem gonsov).
Ma’lumot o‘rnida: «Yetti qavat» hikoyasiga yozuvchimiz Xurshid Do‘stmuhammad «Jimjitxonaga yo‘l» nomli nazira bog‘lagan. Bu ikki hikoyaning tuzilishi va mohiyatida bir qancha farq bor. Masalan, «Jimjitxonaga yo‘l» hikoyasi pastdan tepaga tarzida boradi. Ya’ni bu hikoyada qahramon 1-qavatdan 7-qavatga sari ko‘tariladi. Yozuvchi qahramonning o‘z xohishiga ko‘ra chiqib borishiga urg‘u beradi. Korte esa qarshilik ko‘rsatadi. Bu yerda X. Do‘stmuhammad xalqimizning tez taslim bo‘lishga moyillik xarakterini ochib bermoqchi bo‘lgan.
Yana bir farqi Korte pastga tushgani sari o‘limdan qo‘rqib ortiga qaytishni o‘ylasa, «Jimjitxonaga yo‘l» hikoyasi qahramoni Zohid esa yuqorilab, o‘limga yaqinlashgani sari suyunadi. Shu joyda turli xil e’tiqod vakillarining farqi ko‘rinadi. Biri uchun o‘lim mahv etilish, tamom bo‘lishni ko‘rsa, undan qo‘rqsa, boshqasi aynan shu o‘limda abadiy hayotni, azoblardan najot topishni, murod-maqsadni ko‘radi.
Xulosa qilib aytganda janob Korteni jamiyat qurboni yoki taqdirining 7 qavatini yashab, so‘nggi bekatiga yetib kelgan yo‘lovchi deyishimiz mumkin.
Gulasal Qodirova
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring