Angliyaning “Manchester Siti” klubi yordamchi murabbiyi Kolo Ture Pep Gvardiola bilan bir jamoada faoliyat olib borayotganidan juda mamnunligini bildirdi. 44 yoshli mutaxassis iyul oyida “shaharliklar” shtabiga qoʻshilgan edi.
Sobiq Kot-d’Ivuar terma jamoasi himoyachisi 2009–2013 yillarda “Siti” tarkibida toʻp surgan va shu davrda klub bilan Angliya chempionligini ham qoʻlga kiritgan. Ture 2024 yildan buyon “Siti”ning U18 jamoasida yordamchi murabbiy sifatida ishlagan edi.
“Faoliyatimda Pep Gvardiola qoʻl ostida oʻynash imkoniyati boʻlmagan, lekin endi men uning yonida ishlayapman. Bu — men uchun katta sharaf. U nafaqat zoʻr murabbiy, balki ajoyib inson ham. Gvardiola siz bilan gaplashganda sizni ishontirib, ruhlantirib yuboradi”, — dedi Ture klub matbuot xizmatiga.
Uning soʻzlariga koʻra, Gvardiola bilan ishlash har bir yosh murabbiy uchun haqiqiy maktabdir:
“Men Pep haqida soatlab gapirishim mumkin. Uning ish uslubi, e’tibori va futbolga boʻlgan munosabati hammasidan ustun. U bilan bir jamoada boʻlish — orzuimning roʻyobi. Umid qilaman, bu hamkorlik uzoq davom etadi”, — deya qoʻshimcha qildi sobiq himoyachi.
Kolo Turening yangi lavozimi unga yuqori darajadagi futbol muhitini yaqinroq his etish imkonini bermoqda. Murabbiylar shtabidagi tajribasi orqali u kelgusida mustaqil jamoa boshqarishni ham rejalashtirayotgani aytilmoqda.
Turening Gvardiola haqidagi soʻzlari “Siti”dagi ijobiy muhit va jamoaning muvaffaqiyat sirlaridan biri ekanini yana bir bor isbotladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!