Gollivud yulduzi, 63 yoshli aktyor va kaskadyor Tom Kruz o‘zidan ancha yosh — 37 yoshli kuba-ispan modeli Ana de Armas bilan bo‘ladigan to‘yini shunchaki marosim emas, balki haqiqiy sayohat va adrenalinga boy hodisaga aylantirishni maqsad qilgan. Bu haqda Muthrubhumi nashri xabar berdi.
Manbalarning ma’lum qilishicha, juftlikning to‘y marosimiga nisbatan g‘oyat g‘ayrioddiy rejalari bor — ular suvostida nikohdan o‘tish, parashyut bilan sakrash yoki hatto koinotda turmush qurish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishmoqda.
Tom Kruz hali rasman unashtirilmagan bo‘lsa-da, to‘yning har bir jihatini shaxsan rejalashtirayotgani aytilmoqda. Insayderlar ta’kidlashicha, u “Yerdan tashqarida nikoh quradigan ilk juftlik” sifatida tarixda qolishni xohlamoqda.
“Tom va Ana har ikkalasi ham tavakkal qilishni yaxshi ko‘radi. Ular uchun to‘y — bu oddiy marosim emas, balki o‘zining ekstremal ruhini namoyon etish imkoni. Shu sababli, marosim ilhomlantiruvchi, kutilmagan va mutlaqo noan’anaviy bo‘lishi kutilmoqda”, — deydi manba.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kruz va de Armas o‘rtasidagi munosabat 2025-yil boshlarida boshlangan. Ular yozdagi Vermontga birgalikdagi sayohati davomida munosabatlarini ochiq e’lon qilishgan.
Bu to‘y Kruzning hayotidagi to‘rtinchi nikoh bo‘lishi mumkin. U avval Mimi Rojers, Nikol Kidman va Keti Xolms bilan turmush qurgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yil yozda Eronning so‘nggi podshohi Muhammad Rezo Pahlaviyning nabirasi Imon Pahlaviy Nyu-Yorkdagi shaxsiy to‘yidan so‘ng amerikalik tadbirkor Bredli Sherman bilan Parijda nikoh tantanasini o‘tkazgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!