Xonanda Mirjalol Ne’matov ijroga qo‘ygan ikki she’r muallifning roziligisiz aytilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati a’zosi Farhod Muminov o‘zining “Qo‘shni qiz” hamda “Men turganda” nomli she’rlari ijrochi tomonidan ruxsatsiz ijro etilgani haqida Adliya vazirligiga murojaat qilgan.
O‘rganish jarayonida haqiqatdan ham mazkur she’rlar muallif roziligisiz ijro etilgani aniqlangan. Shu sababli, Mirjalol Ne’matovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi qaroriga ko‘ra, ijrochi aybdor deb topilib, u jarima to‘lash bilan jazolandi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, har qanday ijrochi asarni ommaga yetkazishdan avval muallifning roziligini olishi shart, aks holda bu mualliflik huquqini buzish sifatida baholanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!