Turkiyada o‘zbek shoiri Usmon Azim haqida ilmiy kitob chop etildi. Bu haqda asar muallifi, turk shoiri va adabiyotshunos Fotih Sulton Yilmaz o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi, deb yozdi TimeTürk.
Yilmazning “O‘zbek adabiyotining bir fidoiysi: Usmon Azim (davr, shaxsiyat, asar)” nomli ilmiy kitobi shoirning 75 yilligi munosabati bilan nashr etildi. Asar uch bobdan iborat bo‘lib, birinchi va uchinchi boblarning muallifi Yilmazning o‘zi hisoblanadi.
Birinchisida Usmon Azimning adabiy portreti, ijodiy yo‘li va asarlaridagi g‘oyaviy yo‘nalishlar ilmiy tahlil etilgan. Ikkinchi bobda o‘zbek va turk adabiyotshunoslari — Shoira Ahmedova, Nasiba Norova, Sarvinoz Ne’matova, Madinabonu Rahmatova va boshqalarning maxsus maqolalari jamlangan. Ushbu ishlar turk o‘quvchilari uchun Yilmaz tomonidan turk tiliga tarjima qilingan.
Uchinchi bobda esa muallifning Toshkentda Usmon Azim bilan bo‘lgan suhbati o‘rin olgan. Unda shoirning turk va jahon adabiyotiga oid, avval e’lon qilinmagan fikr va mulohazalari keltirilgan.
“Bu suhbat orqali nafaqat shoir ijodi, balki uning ichki dunyosiga ham nazar tashlash mumkin. Turk dunyosi adabiyoti uchun xayrli bo‘lsin”, — deb yozgan Yilmaz.
Fotih Sulton Yilmaz shu bilan cheklanmay, Usmon Azim she’rlarining turkcha tarjimalarini “Sessızce oturdum dünya içinde” nomi bilan “Bengü” nashriyotida alohida kitob sifatida nashr etgan. Unda shoirning ilk ijodiy davridan to so‘nggi she’rlarigacha bo‘lgan asarlari jamlangan.
Ma’lumot uchun, Fotih Sulton Yilmaz 1995 yilda Trabzonda tug‘ilgan, turkiy xalqlar adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. U Abay Qo‘nanboyev haqida ham asar yozgan va o‘zbek, qozoq, qirg‘iz hamda ozarbayjon shoirlarining ko‘plab she’rlarini turk tiliga tarjima qilgan.
Usmon Azim esa zamonaviy o‘zbek poeziyasining yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi. Uning “Holat”, “Oqibat”, “Ko‘zgu”, “Jodu”, “So‘ngso‘zlar” kabi asarlari adabiyotda chuqur iz qoldirgan. Shoir 1998 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan va 3000 ga yaqin she’r muallifi sanaladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!