22
Tramvay ostida qolib vafot etgan “hindular sarkardasi” — Sergey Tixonovning ayanchli taqdiri
Rus kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Ishbilarmon kishilar” filmining ekranlarga chiqqaniga 63 yil boʻlganiga qaramay, haligacha u tomoshabinlarning sevimli filmi hisoblanadi. Filmda bola oʻgʻirlab, uning otasidan pul talab qilgan ikki firibgarning “dodi”ni bergan shumtakani gavdalantirgan aktyor Sergey Tixonovning taqdiri qanday kechgani koʻpchilikka qiziq.
Iqtidorni kashf etish
Sergey Tixonov Moskvada oddiy oilada tugʻilgan. Ota-onasining kinoga hech qanday aloqasi yoʻq edi, ular ishlab chiqarish sohasida mehnat qilishar va ikki oʻgʻilni tarbiyalashardi. 1950 yilda dunyoga kelgan Seryoja kenja, akasi Evgeniy esa toʻngʻich farzand edi. Aka-uka oʻsha davr bolalari kabi koʻp vaqtini bolalar bilan birga koʻcha changitib oʻtkazardi.
Qoʻshnilar Sergeyni “koʻcha bezorisi” sifatida eslashar: u soʻkinishni, hazil-mutoyiba qilishni va doʻstlari bilan kechgacha sayr qilishni yaxshi koʻrardi. Shunga qaramay, Tixonovning qarindoshlari va tanishlari uni yaxshi koʻrardi: u hech qachon birovga ozor bermasdi, aksincha mehribon va quvnoq bola edi. Tinib-tinchimasligi esa Seryojani bolalar orasida soʻzsiz etakchiga aylantirgandi.
Aytishlaricha, Tixonov rejissyor Leonid Gayday bilan avtobus bekatida tanishgan. Bola ota-onasi bilan transport kutib turganida, qoʻshiq xirgoyi qiladi, bu esa kino arbobining e'tiborini tortadi. Bolakayni koʻrgan Gayday aynan u Jonni Dorset roliga mos tushishini tushunadi. Paytni poylab, Seryojaning ota-onasiga yaqinlashadi va bolani kastingga olib borishni taklif qiladi.
Qizigʻi shundaki, oʻsha paytda “Ishbilarmon kishilar” filmidagi Jonni roli allaqachon band boʻlgan. Dorset rolini Nadejda Rumyanseva ijro etishi kerak edi, u oʻsha paytlarda kinolarda oʻgʻil bolalar rolini oʻynardi. Ehtimol, hammasi dastlabki reja boʻyicha ketganida, film mutlaqo boshqacha ruhda suratga olingan boʻlardi.
Biroq Tixonov kastingda ajoyib iste'dodini koʻrsatib, rolga tasdiqlanadi: u hech qanday tayyorgarliksiz barcha tuygʻularni ifodalab, hatto rejissyorning iltimosiga binoan yigʻlab beradi. Maydonchada hozir boʻlganlarning barchasi Tixonovda noyob qobiliyat borligini darhol anglaydi.
Bayramdek oʻtgan suratga olish ishlari
“Ishbilarmon kishilar” tez orada mashhurlikka erishadi. Ayniqsa, hech qanday teatr toʻgaraklariga qatnashmagan oddiy maktab oʻquvchisi Sergey Tixonovning rolini shunchalik mahorat bilan ijro etgani alohida e'tiborga sazovor boʻladi. U boshqa rejissyorlarning ham e'tiboriga tushadi, ulardan biri — Evgeniy Sherstobitov tez orada yosh aktyorni oʻzining yangi filmiga taklif etadi.
Yosh aktyorni hamma yaxshi koʻrardi. Filmda rol oʻynagan bolalar ham Sergeyni “sardor” deb bilishgan va uning har qanday shumliklariga rozi boʻlishgan. Ular tez-tez choʻmilgani borishar yoki katta hamkasblariga shumlik qilib turishardi, Tixonovning oʻzi esa shaftoli deb mahalliy bir bola bilan urishishga ham ulgurgandi.
U bilan ishlash ham oson edi: u rejissyorning buyruqlarini osongina bajarar, agar matnni unutsa, kulgili improvizatsiya qilardi. Sherstobitov Tixonovning gaplari uchun bir necha bor stsenariyni qayta-qayta yozishga toʻgʻri kelganini tan oladi. Darvoqe, filmda oʻynashga ikkilanib turgan Sergey Martinson Tixonov bilan bir-ikki sahna oʻynaganidan keyin darhol rolga rozi boʻladi. Keyinchalik ular doʻstlashib qolishadi.
Yosh aktyorning shirinlikka boʻlgan muhabbati suratga olish maydonchasidagi artistlar va boshqa xodimlarga ayniqsa kulgili tuyulardi. Seryoja suratga olish uchun tayyorlangan rekvizitlarni eb qoʻyar, keyin koʻz yoshi toʻkib suv soʻrab yurardi. Evgeniy Sherstobitov bolakayni otalarcha sevardi va shoʻxliklari uchun uni har doim oldida olib yurishga tayyor ekanini ochiq tan olardi. Rejissyor “Sergey Tixonov — haqiqiy daho” deyishni yaxshi koʻrardi.
Fojiali yakun
Keyinchalik Sergey Tixonov “Dubrovka” filmida jiddiyroq rol oʻynaydi. Shundan soʻng u ekranda koʻrinmay qoladi. Tixonovning keyingi hayoti haqida ikkita taxmin bor, ulardan biriga koʻra, aktyor oʻz karerasini davom ettirishga va teatr institutiga oʻqishga kirishga qaror qiladi.
Biroq u oʻqishga kirolmaydi: qabul komissiyalarining barcha a'zolari talantli yigitning mashhurligini, aktyorlik ma'lumoti boʻlmasa ham ish topa olishini bahona qilib, uni rad etishadi. Natijada Tixonov xizmatni oʻtab, yana oʻqishga kirish uchun armiyaga ketadi. Ammo xizmat vaqtida rejalar oʻzgaradi: Sergey qimorga berilib ketadi va bu zararli odatdan qutula olmaydi.
Keyinchalik u zavodga ishga kiradi, hamma pullarini qartada yoki garovda yutqazadi. Nihoyat Tixonov qarzlarini toʻlash uchun ota-onasining uyidagi qoʻlga ilingan buyumlarni sota boshlaydi. Oʻgʻrilar va sobiq mahbuslardan iborat boʻlgan raqiblari umrining oxirigacha Sergeyni tinch qoʻyishmaydi. 1972 yilda esa 21 yoshli Tixonov tramvay ostida qolib, vafot etadi. Uni dushmanlari transport ostiga itarib yuborgani haqida mish-mishlar yuradi.
Ikkinchi taxminga koʻra, Sergey hatto teatr bilim yurtiga kirishga urinmagan ham. U armiyada xizmat qilib, zavodga ishga kiradi va tasodifan tramvay ostiga yiqilib tushadi. Mashhur artist tramvay tagiga oʻzini tashlab, joniga qasd qilgan degan mish-mishlar ham bor, ammo doʻstlari va qarindoshlari bu taxminni darhol rad etishgan. Ba'zi hamkasblari Tixonov qimor tufayli janjallashib qolgan jinoyatchilarning e'tiborini jalb qilishdan qoʻrqib, bu haqda gapirishni istamaydi.
Nima boʻlganda ham, san'atkorning soʻnggi hayoti va oʻlimi haqidagi haqiqatni aniqlash dargumon. Sergey vafotidan keyin qarindoshlari vaziyatni izohlashni rad etib, ularni tinch qoʻyishni soʻrashgan. Tomoshabinlar aktyorning tarjimayi holini rejissyorlar va boshqa san'atkorlarning eski intervyularidan bittalab yigʻishgan.
Manba: Daryo.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing