
Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan transport va logistika xizmatlari ko‘rsatuvchi xususiy korxona hisobchisi katta miqdorda pora talab qilgani uchun qo‘lga olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘zining davlat idoralarida ishlovchi sobiq hamkasblari orqali “masalani hal qilib berishini” va’da qilib, bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonadan katta mablag‘ so‘ragan.
Tergov organlarining ma’lum qilishicha, ushbu shaxs kompaniya ta’sischisidan jami 35 000 AQSH dollari talab qilgan. Evaziga u 17 milliard so‘m miqdoridagi qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) manfiy farq summasini qaytarib berish hamda vaqtincha to‘xtatilgan QQS guvohnomasini qayta faollashtirib berishni va’da qilgan.
Ammo “yordampesha”ning rejasi amalga oshmadi. Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qo‘shma tezkor tadbiri davomida u 20 500 dollarni naqd shaklda qabul qilib olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tekshiruvlar jarayonida hisobchi o‘zining “xolis yordami”ni amalga oshirishda Soliq qo‘mitasining katta inspektori orqali harakat qilishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Shu sababli mazkur davlat xizmatchisi ham tergov doirasiga olindi va jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etildi.
Hozirda ish bo‘yicha jinoyat ishi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (katta miqdorda firibgarlik) va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora olishga hamkorlik qilishga suiqasd) bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.
Tergov organlari aybdorlarning ayrimlariga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu holatni tadbirkorlik sohasidagi qonunga zid harakatlar va korrupsiyaning yorqin namunasi sifatida baholamoqda.
Maxsus xizmat va departament vakillari jamiyatda shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tadbirkorlardan bunday “yordam” takliflariga ishonmaslik va bu kabi holatlar haqida darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni so‘ramoqda.
Bu voqea yana bir bor shunday xulosaga olib kelmoqdaki — moliyaviy manfaat orttirish maqsadida tizimni aylanib o‘tishga urinish nafaqat qonunbuzarlik, balki davlat organlariga bo‘lgan ishonchga putur yetkazishdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!