
O‘zbek adabiyotining betakror durdonasi, milliy romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriyning mashhur “O‘tkan kunlar” asari endi koreys tilida ham mutolaa qilinishi mumkin. Tarjima jarayonini Janubiy Koreyaning nufuzli Kemyong universiteti professori Kim Chung Sun amalga oshirdi, deb xabar berdi dunyo.info.
Bu jarayon shoshma-shosharchilikdan yiroq, yuksak mas’uliyat bilan olib borildi. Tarjimon asarni ikki yarim yil davomida o‘rgandi, mazmun-mohiyatini teran anglashga, badiiy va tarixiy ruhini aniq yetkazishga harakat qildi. Buning uchun u nafaqat kitob varaqlariga, balki asar ila bog‘liq voqealar sodir bo‘lgan joylarga ham sayohat qildi.
Professor Kim Chung Sun joriy yil mart oyining oxirlarida maxsus tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Unda adibning uy-muzeyi, roman sahnalari aks etgan Toshkent, Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida bo‘ldi, tarixiy muhitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti olimlari bilan fikr almashib, tarjimaning til, uslub va kontekstga mosligini yanada mukammallashtirish bo‘yicha ish olib bordi.
Tarjimon nafaqat adabiy matnga, balki u orqali xalqning tuyg‘ulari, urf-odatlari, tarixiy xotirasiga chuqur kirib bordi. Bu yo‘lda unga Abdulla Qodiriyning nevarasi Xondamir Qodiriy bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti qo‘shimcha ilhom va tarixiy faktlar manbaasi bo‘ldi. Ushbu uchrashuv romanning ayrim detallarini aniqroq tarjima qilishda yordam berdi.
Asarning Seul shahrida bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimi madaniy hayotda katta voqea sifatida nishonlandi. Unda Janubiy Koreya parlamenti va hukumatining nufuzli vakillari, vazirlik-idoralar, diplomatik korpus va faol vatandoshlar ishtirok etdi. Bu esa “O‘tkan kunlar”ning yangi tilda ham katta qiziqish uyg‘otganidan darak beradi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchisi Alisher Abdusalomov professor Kim Chung Sunning mehnatini alohida ta’kidlab, bu asar faqat bir tarjima emas, balki ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik ekanini bildirdi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, bu kitob orqali koreys o‘quvchisi o‘zbek xalqining o‘tmishi, ruhiyati, an’analari va bugungi taraqqiyotgacha bo‘lgan yo‘lini his qilishi mumkin.
Taqdimot marosimi shuni ko‘rsatdiki, “O‘tkan kunlar” kabi asarlar faqat adabiy boylik bo‘lib qolmasdan, madaniy hamkorlikni mustahkamlovchi samarali vosita hamdir. Bu tarjima faqat kitob emas, balki qalblar, xalqlar va tarixlar orasidagi bog‘lanishga xizmat qiladigan ko‘prikdir.
Shu bois, bu kabi tashabbuslar nafaqat adabiyot ixlosmandlari, balki keng jamoatchilik uchun ham ilhom manbai, millatlararo aloqalarni mustahkamlovchi muhim qadam hisoblanadi.
Foto: "Dunyo" AA “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar