
Germaniya kansleri Fridrix Mers 30-oktyabr kuni Anqaraga rasmiy tashrif buyurib, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Suhbatda migratsiya, mudofaa va G‘azodagi vaziyat kabi strategik masalalar muhokama qilindi, deb yozdi Die Welt. Ammo asosiy mavzu bo‘lgan G‘azo masalasida ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida fikrlar keskin farq qildi.
Reuters agentligi yozishicha, Erdo‘g‘an Isroilni G‘azoda genotsid uyushtirishda va yadroviy yoki boshqa turdagi og‘ir qurollar bilan tahdid qilganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya bu harakatlarni ko‘rmaslikka olgan yoki yetarlicha baho bermayotgan. Turkiyaning DHA agentligi uchrashuv stenogrammasini e’lon qildi, unda Erdo‘g‘an Isroil harakatlarini ochiqchasiga qoralagani aks etgan.
«Biz mintaqaviy va global masalalar haqida fikr almashdik. Turkiya boshidanoq G‘azodagi genotsid masalasini xalqaro kun tartibiga qo‘ydi. Biz o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldik. Mintaqada uzoq muddatli tinchlik uchun ikki davlat yechimi zarurligini ta’kidladim. Har bir davlat bu jarayonga o‘z hissasini qo‘shishi shart», – dedi Erdo‘g‘an.
Mers esa o‘z navbatida Isroilga nisbatan yon bosdi. Unga ko‘ra, Germaniya 1948-yildan beri Isroilni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va bu pozitsiya o‘zgarmaydi. «Biz tinchlikka intilamiz. Ammo bu jarayonda HAMASsiz qaror qabul qilish mumkin emas. Isroil o‘zini himoya qilish huquqidan foydalandi. Albatta, G‘azodagi bolalarning ahvoli meni chuqur qayg‘uga solmoqda, umid qilamanki, bu dahshat tez orada to‘xtaydi», – dedi kansler.
Erdo‘g‘an esa Mersning ushbu bayonotidan so‘ng qattiq norozilik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, G‘azodagi voqealarga nisbatan Germaniyaning sukuti yoki betarafligi juda achinarli holat. «Men bu yerda bir narsani ochiq aytaman: bu urushda 60 mingdan ziyod ayol, bola va keksalar halok bo‘ldi. HAMASda yadro yoki og‘ir qurol yo‘q, ammo Isroilda bor va ular har kuni G‘azoga zarba bermoqda. Nahotki siz, Germaniya, buni ko‘rmayapsiz? Nahotki buni tushunmasangiz?» – dedi Turkiya rahbari keskin ohangda.
Erdo‘g‘an so‘zlariga ko‘ra, G‘azoga oziq-ovqat va yordam yetkazish juda qiyin bo‘lib qolgan. Qizil Yarim Oy va Qizil Xoch tashkilotlari xavfli sharoit tufayli yordam yetkaza olmayotgani ta’kidlandi. «Biz 100 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat yuborishga harakat qildik, lekin bu yetarli emas. Germaniya va Turkiya insonparvarlik nuqtayi nazaridan birgalikda harakat qilishi, bu qirg‘in va ocharchilikni to‘xtatishi lozim», – dedi u.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyaning tinchlikni tiklash borasida faol ishtirok etishga tayyorligini bildirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tashqi ishlar, mudofaa va razvedka sohasidagi mutasaddilar orqali mintaqa tinchligi uchun uzluksiz ish olib bormoqda.
«Biz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni to‘xtatishni xohlaganimiz kabi, Isroil va G‘azo o‘rtasidagi urushni ham tugatishni xohlaymiz. Turkiya va Germaniya bu masalada hamkorlik qilishi mumkin», – dedi Erdo‘g‘an suhbat yakunida.
Matbuot anjumanida muhokama markazida bo‘lgan G‘azo masalasi ikki davlat munosabatlarida keskin siyosiy tortishuvni yuzaga keltirdi. Ammo har ikki yetakchi dialogni davom ettirish va strategik hamkorlikni saqlab qolish muhimligini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 