date

Jennifer Lopes Chorsuda osh yedimi?

Jennifer Lopes Chorsuda osh yedimi?

Kollaj: Xabar.uz

Mashhur qo‘shiqchi konsertining ertasi kuni yo‘lim Chorsu bozori tomonga tushdi, tushlik qilib olish uchun kichik bir oshxonaga kirib, yarimta osh aytdim. Beixtiyor Jennifer Lopesga osh berishdimikan, degan savol xayolimdan o‘tdi.

Xo‘sh, mabodo taklif qilinsa, Jennifer Eski Jo‘va bozoriga kelishi mumkin edi, ammo u kelmaydi. Sababi — uning ish tartibi barcha yulduzlardek qat’iy rejalashtirilgan. Kelganida ham oshdan tatib ko‘rib, nari borsa meva-chevalarimiz zo‘rligini maqtab qo‘yardi ehtimol. Oshni ko‘nglimiz uchun bir martaga zo‘r taom ekan deya alqab qo‘yishi, 70 yoki 80 ga kirganida intervyularida so‘rab qolishsa, O‘zbekistonga borganman deb eslab qolishi mumkin.

Konsert tashkilotchilari qo‘shiqchini palovxonto‘ra bilan siylaganlari haqiqatga yaqinroq. Qo‘shiqchi va aktrisaning Toshkentga tashrifi shov-shuv bo‘ldi, gapirgan ham, gapirmagan ham gapirdi. Lopesning konserti haqidagi gaplar, ayniqsa, bozorda avjiga chiqqan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylagandim. Men kirgan tamaddixonada o‘ttiz-qirq chog‘li odam tushlik qilib o‘tirar, ammo gap mavzusi amerikalik qo‘shiqchi emas edi. Xo‘randalar bu jaziramada qanday salqinlash haqida hamda kundalik hayot tashvishlaridan gurunglashishardi.

Oralarida xorijliklar ham bor ekan, xitoylik musulmon oila va Tojikistonning Panjikentidan kelgan ota-bola bilan bir-ikki og‘iz suhbatlashdik. Panjikentlik mehmonlar davolanishga kelishibdi, chegaradan tez o‘tishganiyu, avtomobillar ko‘pligi, Samarqand orqali Toshkentga kelishgani, bozor gavjumligi haqida gapirishdi. Azaliy bordi-keldilar qayta tiklanganidan ular mamnun edi.

Xitoylik mehmonlar bilan birga metroga tushdim. Yangi metro poyezdlari salqingina edi, tashqaridagi issiq birpasda unut bo‘ldi. Metroga tushgunimizcha ham ko‘p xorijliklar duch keldi. Turk qardoshlar, inglizu ruslar, qozoq bovurlarimiz bozorni aylanib yurishibdi. So‘nggi olti-yetti yilda yurtimizga keluvchi sayyohlar ko‘paygani sezilmoqda. Har kuni ko‘cha-ko‘yda, bozoru bog‘larda, tibbiyot maskanlarida ularni uchratish mumkin.

Turizm salohiyatimizni ishga solayotganimizga ko‘p bo‘lmadi hali, endigina katta istiqbolli yo‘l boshida turibmiz.

Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili Turkiyaga 62 milliondan ziyod sayyoh kelgan, mamlakat bundan 65 milliard dollar daromad topgan, 2025 yilning birinchi yarmida esa Turkiyaga 26 million 388 ming 831 nafar ziyoratchi tashrif buyurgan, turizmdan tushgan daromad 25,8 millard dollarga yetgan. Mazkur mamlakat aynan biz mustaqillikka erishganimizda turizm salohiyatini oshirishni boshlagan. Turkiya Jumhurboshqoni Turg‘ut O‘zol 1992 yilda Antaliyada bir guruh tadbirkorlarni yig‘ib, «Alloh bizga mana shunday imkoniyatlarni bergan, bu sharoitdan foydalanib, daromad topishimiz yo pulimizni ko‘kka sovurishimiz mumkin», deya masala mohiyatini tushuntirgan. Tadbirkorlar esa bir yoqadan bosh chiqarib, turizm orqali daromad topish uchun barcha infratuzilmani yaratishga kirishgan. Natija esa yuqoridagi faktlarda bor bo‘yi-basti bilan ko‘rinib turibdi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib faoliyat yuritgan paytida Olgan Bekar nashrimizga bergan intervyusida «Turizm yo‘nalishida mamlakatingiz katta salohiyatga ega, Xiva, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz kabi turizm maskanlaringiz bor, imkoniyatlardan samarali foydalanilsa, O‘zbekiston ham dunyoning eng jozibador turizm mamlakatiga aylanadi», degan edi. Yuqorida aytganimizdek, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar oqimi ko‘paysa ko‘paymoqdaki, aslo kamaygani yo‘q. Chegaralarimiz ochilgani, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan tobora do‘stona hamkorligimiz shiddat bilan rivojlanayotgani, investitsiya kiritaman, degan xorijlik tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar haqiqatda yurtimiz sayyohlik jozibadorligini oshirmoqda.

Inson unutuvchan. Eslaysizmi, to‘qqiz yillar oldin plastigimizga tushgan pulni naqd qilolmay sarson bo‘lardik, qaysidir «hojatbaror»ga yalinardik, pensionerlar ovora bo‘lganini aytmay qo‘yaveraylik. Bankda ham, bankomatda ham naqd pul olish mushkul edi. Xorijiy valyuta olish esa o‘n chandon qiyin edi. Farzandlarimiz 9-sinfni bitirgach o‘zi xohlamagan kollej yoki litseyga borishga majbur edi. Oliy o‘quv yurtiga kirish esa... «bunkerlar»... Test kuni mobil telefonlarni o‘chirib qo‘yish yana bir qiziq holat edi. Avtomashina xarid qilib olish ham bir tarix edi, bitta mashina ishlab chiquvchi zavod esa xohlaganini qilardi. Davolanishga, sayyohatga, yaqin qarindoshni ko‘rib kelishga borish mashaqqatlari, hatto qo‘shni davlatda otasi yo onasi ta’ziyasiga bora olmaganlarning armonlari bir olam edi...

Shukrki, bu edi-edilar barham topdi. Hozir fuqarolik olgan, dunyoning istalgan davlatiga sayru sayohatga otlangan yurtdoshlarimiz ko‘p. Yoshlarimiz o‘zlari xohlagan o‘quv yurtlariga kirib o‘qiyapti, xorijning mana-man degan universitetlarida tahsil olmoqda. Endilikda avtomashinani tanqis qilgan zavod pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga rozi bo‘lib, yurtdoshlarimizga taklif bermoqda, Va dunyoning mashhur mashinalari o‘zimizda yig‘ilib, sotilmoqda. Bo‘lar ekan-ku!!! Aytmoqchi, mamlakatimiz ichida yana «alohida mamlakat» bo‘lib olgan Toshkent uchun propiska bekor qilingani, viloyatdan viloyatga o‘tishdagi postlarning olib tashlanganini yodga olmay qo‘ydik, unutdik. Bularning o‘zi osonlikcha bo‘lgani ham yo‘q. Davlatning siyosiy irodasi, sa’y-harakatini ham doimo yodda tutgan afzal.

Endi yana Jennifer Lopesga qaytsak. Musiqa megayulduzining dunyo bo‘ylab turnesi bo‘lib o‘tmoqda. Toshkentga kelishidan avval Armaniston poytaxti Yerevanda 3 avgust kuni konsert bergan. «Ozodlik» radiosining arman xizmati Lopesning konserti Armaniston davlat budjetiga 6 million dollarga tushishi, bu mablag‘ nimalarga sarflanishi haqida batafsil ma’lumot bergan. Qo‘shiqchining gonorari 2,5 million dollar bo‘lishini qayd etgan. Konsertdan avval, 2 iyul kuni Yerevan meri o‘rinbosari Armen Pambukchyan Jennifer Lopes shousi uchun hukumat 7 million dolar ajratgani, tomoshaga 15 ming xorijlik kelishi kutilayotgani, ularning har biri kamida 500 dollardan sarflasa xarajatlar bemalol qoplanishini ma’lum qilgan. Pambukchyan megayulduzning konserti mamlakatni dunyo miqyosida tanitishga xizmat qilishni alohida ta’kidlagan.

Yon qo‘shnimiz Qozog‘iston poytaxti Ostonaga megayulduzning kelishi ham shov-shuvga aylandi. Nashrlar konsert bilan bog‘liq materillarni paydar-pay e’lon qilishdi, turlicha fikrlar bildirildi. Tengrilife nashri joriy yilning 8 aprel kuni «Astana konsert» kompaniyasi prodyuseri Malik Hasenovning 1 avgust kuni Jennifer Lopes ishtirokida bo‘lib o‘tadigan shou haqida ma’lumotlarini ulashdi.

Malik Hasenov mazkur konsert davlat budjetini 400 million tengega boyitadi, chet eldan 15 ming tomoshabin keladi, dedi. Aslida konsertga 30 ta davlatdan 10 ming tomoshabin kelgan. Mehmonlar orasida yurtdoshlarimiz va qo‘shni tojikistonlik muxlislar ham bo‘lgan.

Lopesning Toshkentdagi konsertiga 25 mingta chipta sotilgan va shundan 67 foizi, ya’ni 15 mingtasini chet elliklar xarid qilgan. Ta’kidlanishicha, shu tomoshabinlar 4-6 kunlik turpaketlar sotib olib, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilishni maqsad qilgan.

Konsert bahona ana shunday hisob-kitoblar ochiqlanib, ijtimoiy tarmoqlarda minglab izohlar yozilishiga ham sabab bo‘ldi. Bu konsert uyushtirilishini kimlardir ma’qulladi, kimlar esa aksincha. Nazarimizda, turizmni rivjlantirish orqali mamlakatimizni dunyoga tanitish uchun ham bunday konsertlar kerak. Turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yish orqali ko‘plab ish o‘rinlarini tashkil qilish, aholining doimiy bandligini ta’minlash va barqaror daromad topishiga imkon yaratish mumkin.

Endi kommentlar, ya’ni izohlar yozish haqida bir og‘iz: bu izohlar egasining kimligini, saviyasiyu darajasini bildiradi va u umumiy kayfiyata ta’sir qiladi. Qariyb 150 yil davomida dastlab chor Rossiyasi, keyinchalik sovet tuzumining mustamlaka siyosati oqibatida ilg‘or fikrlililar qirg‘in qilindi, dunyoga olimu fuzalolar yetishtirib bergan millatimiz ongi yuvildi. Mustamlakachilarning maqsadi — bu bu xalq fikrlamasligi, istiqlol talab qilmasligi, kelgusida bosh ko‘tarmasligi, boy tarixini chuqur anglab, quvvat olmasligi kerak edi. Ma’lum ma’noda ular bunga erishdi ham. Hozir ham turli kuchlar, ayniqsa, o‘z mustaqil fikri, dunyoqarashi bo‘lmgan yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqarishga, davlatimiz yuritayotgan islohotlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishga, millat sifatida birlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi. Izoh yozayotganlarga ustalik bilan ta’sir ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Shuning uchun ham ularning nayranglari qurboni bo‘lmaslik kerak.

Millatni millat qiladigan, davlatni yuksaltiradigan, xalqning farovon va hur yashashiga katta imkon beradigan ikkita tizim bor: ta’lim va tibbiyot. Ularning rivojisiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli ham davlatimiz bu yo‘nalishlarda qat’iy islohotlar yuritmoqda. Shu yurt fuqarosi sifatida bu xayrli ishlarga biz ham kamarbasta bo‘lishimiz lozim.

Lopesdek yulduzlar esa kelib-ketaveradi, ular o‘zlari haqidagi izohlardan mutlaqo bexabar, buning ularga qizig‘i ham yo‘q. Ularning tabiati, tutumi umuman boshqacha. Bildirilgan izohlar bilan ular o‘zgarib ham qolmaydi. Xalqimizning «O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir», degan g‘oyat purhikmat maqoli bor. Eng muhimi, shuni unutmaslik.

Abdug‘ani Abdurahmonov


Manba: Xabar.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Jennifer Lopes Chorsuda osh yedimi?