Jahongir Xo‘jayev oilaviy muammodan yangi biznes yaratdi
Jahongir Xo'jayev Amirxon Umarov bilan suhbat davomida o‘zining yangi biznes g‘oyasi va uning paydo bo‘lish tarixi haqida batafsil so‘zlab berdi.
Uning aytishicha, oilaviy hayot va turmushdagi kuzatuvlari ushbu loyihaning asosiga aylangan. Xo‘jayev turmush o‘rtog‘i Asal uyda bola parvarishi va uy ishlarini bajarishini, bu esa ko‘p ayollar uchun odatiy hol ekanini ta’kidladi. “Bir kuni ayolim sportga borishni xohlayotganini aytdi. Men esa bu sog‘liq uchun ham foydali, chalg‘ish uchun ham yaxshi deb qo‘llab-quvvatladim. Ammo muammo shundaki, bolaga kim qaraydi?” — deya hikoya qildi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, farzandi hali kichkina bo‘lgani uchun bog‘chaga berish imkoniyati bo‘lmagan, oyisi hamda qaynonasi ham band bo‘lgan. Shu vaziyat uni yangi g‘oya ustida o‘ylashga undagan. “Men o‘yladim: ayollarning asosiy muammosi — bola va o‘z vaqtini uyg‘unlashtira olmaslik. Shuning uchun shunday joy bo‘lsinki, onalar bolalarini ishonchli joyga topshirsin, o‘zlari esa bemalol sport bilan shug‘ullansin, xarid qilsin va dam olsin”, — dedi tadbirkor.
Uning aytishicha, ushbu g‘oya dastlab Instagram’da e’lon qilingan va tez orada katta qiziqish uyg‘otgan. Ko‘plab ayollar loyihani qo‘llab-quvvatlagan. Xo‘jayevning ta’kidlashicha, bu formatdagi biznes O‘zbekistonda hali yo‘q, biroq xorijda mavjud. Yangi loyiha “Bolajon Citymall” nomi bilan 3 ming kvadrat metr maydonda barpo etilmoqda. Bu yerda bolalar uchun alohida xizmatlar va ayollar uchun turli qulayliklar yaratiladi.
San'atkor loyihani 1 iyunda rasman ochishni rejalashtirganini, hozir esa 4–5 kunlik sinov rejimida ish boshlanishini ma’lum qildi.
Shuningdek, u Instagram sahifasida ham “Bolajon Citymall — tez kunda” deya post qoldirib, yangi loyiha tez orada ishga tushishini bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!