Zap zamonlar bo‘ldi-da! Bundan yigirma yillar oldin kiyimingiz yirtilib qopti deyishsa, yirtiqdan uyalib, sharmanda bo‘lishdan cho‘chir edi odamlar. Yillar o‘tib, jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar odamlarimizning kiyim borasidagi qarashlarini keskin o‘zgartirib yubordi. Bugungi yoshlar aynan shunday kiyimlarni kiyishni, shu kiyimlarda nikoh va kechki bazmlarga borishni juda istaydilar.
Bugungi «Zamonaviy kiyimlar»
Bugun shaharlarda yirtiq shimu yubkalarni, yelkasi ochiq kuylaklarni, kalta kiyimlarni kiyish urfga aylanib bormoqda. Kelinlarimiz yelkasi ochiq, ba’zan belgacha ochiq to‘y ko‘ylaklarini kiyishsa ham uyat hissini tuymay qo‘ydi. Buni ko‘rib turgan ota-ona va hatto bo‘lajak er ham «sovremenniy»ligi uchun bunga ko‘nib qo‘ya qoladi. Kimdir buni moda deb bilsa, kimdir zamonaviy ko‘rinishga yo‘yar, kimdir birovlarning e’tiborida bo‘lishni istar – har kimni o‘z istaklari boshqaradi. Ammo bularning barchasida «Men sening milliyligingga tosh otayapman» degan shior yashirin hujum qilayotganday...
Tan oling, bu kiyimlarni o‘z farzandingiz kiyganida koyimasdan, «Mayli, yosh, nima qilibdi, kiysa kiyibdi-da» yoki «Bu qulay, zamonaviy» deb oqlaysiz. Hatto o‘ta millatparvar bo‘lsangiz ham, atrofdagilarga qarab, «Hamma shunday yuribdi-ku!» qabilida ish tutasiz. Buning uchun mas’uliyat faqat sizning zimmangizda emasligi kunday ravshan-ku?
«Yirtiq madaniyat» targ‘ibotchilari
Bugungi kunda televideniye, aytish mumkinki, eng kuchli targ‘ibot vositasi hisoblanadi. Ammo ayrim xususiy kanallar bilib-bilmay reklama, ko‘rsatuv, film, seriallar orqali teletomoshabinlarga milliylikdan uzoq, an’analarimiz va qadriyatlarimizga zid axborotni targ‘ib etib qolmoqda. Ayniqsa, telekanallarimizni kundan-kunga «bezayotgan» seriallar kishini hayratda qoldiradi. Ularning mazmun va mohiyatini qo‘ya turaylik, aktyorlar kiygan yirtiq, yopishqoq, ochiq kiyimlar farzandlarimizga salbiy ta’sir qilayotganini nahotki tushunmasak?
Aks e’tirof
Bu borada ba’zi san’atkorlarimiz alohida «e’tirof»ga sazovor. Masalan, Rayhon G‘aniyevaning «Hamma jam», Nilufar Usmonovaning «Kel ikkimiz» kliplariga kiyib tushgan liboslaridan «Ular milliylikdan xabardormikan?» degan savol miyangizda charx ura boshlaydi.
O‘ylanib qolasiz, har qanday san’atkor minglab tomoshabinlar uchun o‘rnak emasmi? Ular bu «madaniyat»ning ortidagi tahdidni tushunishmaydimi? Nazarimizda, yo ular millat oldidagi mas’uliyatini tushunishmaydi, yo bu millatdan o‘zini ayri holda ko‘radi.
«Bizning» moda
Chet eldan kelayotgan sayyohlarga e’tibor bering. Ular oddiy, ixcham va qulay kiyimlarni kiyishadi. Ularni yirtiq kiyimlarda kamdan-kam uchratasiz. Kiyganlarining ham aksariyati yoshlar... Demak, yirtiq va ochiq kiyimlarni kiyishni chet elliklardan o‘rganayapmiz desak, ancha yanglishgan bo‘lamiz.
O‘ylab qoldim. Biz bu kiyimlarni yo‘q qilishga qodirmizmi? Yo‘q! Biz bu kiyimlarni yo‘q ham, inkor ham qila olmaymiz. «Yirtiq kiyimlar madaniyati» bugungi o‘zbek milliy modasining xalqimiz orasida o‘rni yo‘qligini, uning ahamiyati shu darajada past ekanini ko‘rsatadi. Aslida dunyoning yetakchi dizaynerlari o‘zbeklarning atlasini olib, o‘z nomi bilan liboslar taqdim etayotganini, bizning oddiy eski kalishlarimizga sal o‘zgartirish kiritib, modaning eng yuqori cho‘qqisida ekanini ko‘z-ko‘zlayotganini hamma ham bilmasa kerak. Eng sifatli ipak tolalar, paxta tolasi o‘zimizda yetishtirilsa-da, haliyam sifatli kiyimlarni boshqa davlatlardan olib kelayapmiz. Tan olish kerak, bugungi kunda Qirg‘iziston mahsulotlari dizayni chet el dizaynidan qolishmaydi va bizning bozorlarda yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi. Nahotki o‘zbek do‘ppilari, ro‘mollari, mahsilari, kamzullari, ko‘ylaklari orqali dunyoni, hech bo‘lmasa, o‘zimizning bozorlarni zabt eta olmasak?
O‘zbek dizaynerlari sifatli va bejirim kiyimlarni taklif etmas ekan, farzandlarimiz yirtiq kiyimlarga oshno bo‘laverishadi. Odamlar ongli ravishda buni inkor etmas ekan, barcha sa’y-harakatlarimiz besamar ketaveradi. O‘zbek modasi ilgarilab, boshqa mamlakatlarga ham o‘zini ko‘rsata olmas ekan, boshqa mamlakatlar o‘z «g‘ayrioddiy» modasi bilan bizni ishg‘ol etishda davom etaveradi.
Hulkar Abdullayeva,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi
Manba: qurama.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi