07:04 / 25.02.2018
5 352

Ulug‘bek Rahmatullayev: “O‘zgarishlar o‘z vaqtida kelayotganidan xursandman”

Ulug‘bek Rahmatullayev: “O‘zgarishlar o‘z vaqtida kelayotganidan xursandman”
O‘zbek estarada san’atini dunyoga tanitishni maqsad qilgan Ulug‘bek Rahmatullayev ijodini kuzatgan odam undagi yuksak o‘sishni his etmay qolmaydi. Xonandaning yana bir yutug‘i esa hamon oddiy va samimiyligida. Ehtimol, shu sababmi, u nafaqat yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi, balki yuksak fazilatlarni o‘zida namoyon eta olgan inson sifatida ham kattayu kichikning hurmatiga sazovor bo‘lib kelmoqda.

— Qo‘shiqlaringizni eshitgan odam ulg‘ayayotganingizni sezmay qolmaydi. Avval ko‘proq sevgi-muhabbat mavzularida kuylagan bo‘lsangiz, endilikda qo‘shiqlaringizda insonparvarlik g‘oyalarini aks ettirgan global mavzular, yurtimiz hayoti bilan bog‘liq voqealar aks etmoqda. Ijodingizdagi bu o‘zgarishlarni o‘zingiz qanday ta’riflaysiz?
— Ijodkorning biron qo‘shig‘i, qilgan mehnati e’tiborga tushsa, bu juda katta baxt. Ayniqsa, kuniga yuzlab qo‘shiqlar taqdim qilinayotgan bugungi shou-biznes olamidagi oqimning ichida e’tiborga tushishning o‘zi — katta baxt.

Sevgi-muhabbat haqida hozir ham qo‘shiqlar kuylayapman, ammo keyingi paytda hayotiy qo‘shiqlarim ko‘proq dilga yaqin bo‘lyaptimi, qolganlariga o‘rin bermay, tarozining pallasini bosib ketyapti. Shu paytda san’atda o‘rnimni topishimga sababchi bo‘lgan ustozlarimdan biri Iqbol Muhammadjonovning bundan ko‘p yillar oldin aytgan gaplari yodimga tushdi. Ular “Vaqti-soati bilan san’atkor “bo‘yiga cho‘zadigan” davr keladi, ya’ni uni hamma taniydi. Lekin bu qo‘shiqchi kuchli bo‘ldi, degani emas, uni qattiqroq shamol yiqitib qo‘yishi mumkin. Bo‘yiga cho‘zilgandan so‘ng san’atkor eniga “semirtiradigan”, ya’ni tarozini bosadigan qo‘shiqlar qilishi zarur. Shu jihatlarga e’tibor berishimiz kerak bo‘lgan davrlar keladi”, degandilar.

Ehtimol, ijodimdagi bu burilishlar yoshim bilan ham bog‘liqdir, chunki yosh bola emasman, shu kunlarda o‘ttiz oltiga kirdim. Sal kam qirqqa yaqinlashib qoldik, ijodda ham yoshimizga munosib bo‘lishimiz kerak. To‘g‘risi, o‘zim ham mahzunroq, hayotiy mavzudagi qo‘shiqlarni kuylagim kelib qolgandek, nazarimda. Lekin sho‘x, kayfiyatni ko‘taradigan qo‘shiqlar ham kerak. Ayniqsa, to‘ylar, konsertlarni ularsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq o‘zimda hayotdagi savollarga javob bera oladigan qo‘shiqlar kuylashga moyillik ko‘proqdek… Bu o‘zgarishlar vaqt bilan, yosh bilan va tushunchalarim ham oldingidan o‘zgargani bilan bog‘liq. Eng kerakligi, bu o‘zgarishlar o‘z vaqtida kelayotganidan xursandman.

— Bugun jamiyatimizda insonlarning o‘zaro munosabatlari bilan birga voqea-hodisalarga munosabatlari ham o‘zgardi. Siz atrofingizda ro‘y berayotgan hodisalarga qanday munosabat bildirasiz? Bu borada o‘zingizni faolman, deb ayta olasizmi?
— Bo‘layotgan o‘zgarishlar, ayniqsa, san’at sohasida sezilarli bo‘ldi. Prezidentimizning farmonlari, qonunlar, xalqimizga imkoniyatlarning kengayishi natijasida ko‘p narsalarga erishdik. Shaxsan o‘zimning ham san’atkor sifatida orzu qilgan, ammo erisha olmayotgan ishlarim bor edi. Ularni amalga oshirgim kelardi, lekin qo‘lim kaltalik qilardi. O‘tgan yili mana shu orzularim amalga oshib, juda ko‘plab qo‘shni davlatlar bo‘ylab konsert gastrollari uyushtirdim.

Bugungi kunda yurtimizda bo‘layotgan barcha yangiliklar shaffof tarzda odamlarga taqdim etilmoqda. Jamiyatdagi yaxshi o‘zgarishlar, muhimi, ulardan insonlarning xursandligi odamni quvontiradi. Oldin o‘n yilda yetib borishimiz kerak bo‘lgan maqsadimizga bugungi kunda juda qisqa muddatga yetish imkoni borligi shu jarayonlarda o‘z aksini topdi. O‘ylaymanki, bu sohada men ham faolman. Hamma narsadan boxabarman, bugungi kun yangiliklari bilan bog‘liq videoroliklarni tarqatishda ko‘maklashishga o‘zim ham hissa qo‘shayotganimdan xursandman.

Faol bo‘lishning o‘zimizga ijobiy tomonlari borligini hayotda ko‘rib turibmiz, odamlar harakat qilsa, nimagadir era olishini bilishyapti, bu yolg‘on emas. Chunki qilayotgan ishimizning natijasi sezilyapti, iloyim, yurtimizdagi mana shu jarayonlarga ko‘z tegmasin. Bu borada davlatimiz rahbariyatini oilamiz bilan doim qo‘llab-quvvatlaymiz.

— Keyingi paytda “Go‘dak nolasi” deb nomlangan qo‘shig‘ingiz o‘z ta’sirchanligi bilan hech kimni befarq qoldirmadi. Bu qo‘shiqning yozilish tarixi qanday bo‘ldi?
— Har yili poytaxtimizdagi muhtasham “Istiqol” san’at saroyida konsert berish nasib qilishining o‘zi — baxt. Men konsertda muxlislar bilan diydorlashib, chiroyli suhbat qilishdan, ularga zavq ulashishdan tashqari, shu bahona tomoshabinlarga bir ma’lumot yetkazgim keladi. Aynan shu “Go‘dak nolasi” qo‘shig‘ini taqdim etishdan asl maqsad ham odamlarga bor narsalarining qadriga yetishni yana bir bor eslatish edi. Inson o‘z hayotida aqlan his qilib, o‘ziga singdirib, shukur qilishni o‘rgansa, muammolari qolmas ekan. Chunki kelayotgan muammolarga nisbatan ham xursandchilik bilan qaraydigan bo‘lib qolarkansiz. Biz o‘rganishimiz kerak bo‘lgan muhim narsa bu — shukur qilish ekan.

Shu tushunchalarni odamlarga yetkazish maqsadida bir necha yillardan beri tinchlik, vatanga, oilaga, ota-onaga bo‘lgan mehr-muhabbat haqida qo‘shiqlar yozib, muxlislarga yetkazgimiz keladi. 2017 yilgi konsertda ham shunaqa mavzuda qo‘shiq qidirib, to‘g‘risi, boshida topa olmadik. Shunda ustoz bastakor Iqbol Muhammadjonov, “Ulug‘bek, siz bu haqda o‘ylamang, sizga bir sovg‘am bor, qo‘shiq tayyorlayapman”, dedilar. Qo‘shiqni konsertdan o‘n kuncha oldin ofisimizda jonli ijroda, pianino chalib aytib berganlarida, xuddi muxlislar uni ilk bor eshitganida qanday ta’sirlanishgan bo‘lsa, shunday holatga tushdim. Va bu qo‘shiqni aytmasam, xato qilgan bo‘laman, degan qarorga keldim. Ammo qo‘shiqni studiyada yozishga juda qiynaldim, bolaning nolasi ifoda etilgan har bir misrani aytayotganda, ko‘zimga yosh keldi. Lekin konsert dasturimda muxlislar qalbiga yoqqan uchta qo‘shiqnig eng birinchisi shu bo‘ldi. Vaholanki, bu tarona dasturga eng oxiri kiritilgandi. Odamlar uni ko‘zda yosh bilan tinglashdi.

“Go‘dak nolasi”ni ikki oyga yaqin vaqt orasida internet tarmog‘ida klipsiz holda ikki milliondan ko‘p odam tingladi, bundan juda quvondim. Shu qo‘shiqni aynan menga taqdim etganlari uchun Iqbol akaga, taronaga musiqiy sayqal bergan Jasur Badalboyevga, shu qo‘shiqning yozilishida hissa qo‘shgan barcha ijodkorlarga rahmat deb qolaman.

“Bugungi kunda yaxshi qo‘shiqni ham shunchaki taqdim qilish qiyin, unga, albatta, klip olishingiz kerak, u haqida ma’lumotlar berib, piar qilishingiz kerak… Yaxshi qo‘shiqning yaxshiligini bugungi kunda harakat qilib bildirmasangiz, qolib ketadi. Men uchun ham qo‘shiqni bir eshitishda tanitish orzu edi. Bu borada ustoz san’atkorlarga havas qilardim. Keyingi yillarda kuylagan “Jannatlarga yetib bordim”, “Go‘dak nolasi” kabi qo‘shiqlarim shu darajadagi taronalardan bo‘ldi”.

— Sizni o‘tgan yili qo‘shiqlari xorijiy tillarda eng ko‘p kuylangan xonanda sifatida ham e’tirof etishdi. Endi o‘zingiz ham biron xorijiy tilda qo‘shiq kuylashni o‘ylamayapsizmi?
— Repertuarimda xorijliklar tomonidan eng ko‘p kuylangan qo‘shiq “Qirmizi olma” bo‘ldi. Bu qo‘shiqni ikki yuzdan ortiq mashhur va mashhur bo‘lmagan chet el san’atkorlari kuylashdi. Bundan juda xursandman. Chunki qo‘shiqlarimizni chet ellarda kuylashlarini ijodimizning ilk davridanoq orzu qilganmiz. Men xursand qilgan yana bir jihati, qo‘shiqlar ommaga taqdim etilgach, ularning asl varianti, uning ijrochisi kimligi, qaysi mamlakatdanligi haqida o‘sha davlatlarning mahalliy televideniyelarida ko‘rsatuvlar qilishganini bildim.

Bu yil, xudo xohlasa, o‘zga tillarda ham qo‘shiqlar kuylab, san’atimizni xorijda yanada keng taqdim etish niyatim bor. Shu o‘rinda bir sirni ochaman, chet ellik mashhur bir bastakor bilan ijodiy hamkorlikni boshladik va birinchi qo‘shig‘imizni yozdik. Xudo xohlasa, tarona tez orada taqdim etiladi.

— 2017 yilgi konsertingizda hammaning e’tiborini tortgan yana bir qo‘shiq — “Qizalog‘im” bo‘ldi. Bu qo‘shiqning sababchisi va ijodkorlari kimlar?
— “Qizalog‘im” — qalbimga yaqin tarona. Uch farzandimdan biri qiz, uni juda yaxshi ko‘raman. O‘tgan yili o‘g‘limga atab qo‘shiq kuylasam, qizim ozgina xafa bo‘ldi. Unga bergan va’damga muvofiq, shu taronani yozdik. Qo‘shiq she’ri va musiqasi bugungi kunda ijodiy guruhimda faoliyat olib boradigan, “Sog‘inib tonglar otguncha” “I love you”, “Kabutarlar” kabi xit qo‘shiqlarim muallifi Alisher Tayrga tegishli. Ushbu qo‘shiqqa bir qizning kichkinaligidan katta bo‘lib, boshqa bir oilaga kelin bo‘lib tushguncha bo‘lgan holati asosida sahna ko‘rinishi ham ishladik. Taronani sahna ko‘rinishi bilan berganimiz qo‘shiqqa boshqacha jon kiritdi, oila a’zolarimizga ham, barcha tomoshabinlarga ham yoqdi.

Buni kuzatib, qo‘shiqqa klip surat olishimiz kerakligini tushundim. Chunki hayotda farzandi qiz bo‘lsa yoki qizlari ko‘proq bo‘lsa, xafa bo‘ladigan, qiz bolani avaylashni bilmaydigan odamlar ham bor. Bu qarashlar noto‘g‘riligini ana shu klip orqali yetkazib berishni niyat qildik. Klip g‘oyasini o‘zim berdim, Jamshid Hojiniyozov unga ssenariy yozishga yordam berdi. Do‘stim Yodgor Nosirovga murojaat etib, ushbu klipda o‘zim ham rol o‘ynadim. Faqat klipda o‘zimni ellik yoshga qaritdik.

O‘zimni keksa kishi obrazida ko‘rishni orzu qilardim, orzuimga shu klipda erishdim. Qo‘shiq klipi ta’sirli, hayotiy, eng muhimi, shu qiz katta bo‘lib birovning uyiga kelin bo‘lganida, uning qay darajada katta bo‘lganini yana bir bor ko‘rsatib beradigan, ya’ni ehtiyot qilishga undaydigan ijod namunasi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Orzuim — shu. Chunki ba’zan birovning qadriga yetmaymiz va qizlarimizni qanday parvarish qilishganini unutib qo‘yamiz. Qo‘shig‘imiz klipi orqali odamlarni o‘nta bo‘lsa ham, qiz farzandlarimizning boriga shukur qilib yashashga unday olsak, qizlarimizning qadrini ko‘tarsak, maqsadimizga yetgan bo‘lamiz.

Klipni suratga olish oson bo‘lmadi, shu jarayonda aktyorlarga oson emasligini bildim. Chunki grim ta’sirida yuzimga ikki kun ichida mayda toshma toshib, muammolar kelib chiqdi. Lekin bu to‘siqlarga qaramay, klipni tasvirga oldik.

— Farzandlaringiz ulg‘ayishmoqda. Rafiqangizga ularning tarbiyasida nimalarga e’tiborliroq bo‘lishni maslahat berasiz?
— Farzandlar oilada kimdandir sal hayiqib, xijolat bo‘lib turgani ma’qul ekan. Xudoga shukur, ota sifatida shu darajaga ham yetib keldim. Katta o‘g‘lim — Fayzulloh, qizim — Iymona, kichik o‘g‘lim — Muhammadyusufni birinchi navbatda ota-onam, rafiqam bilan birga tarbiyalab voyaga yetkazyapmiz. Xudoga shukur, bolalarim mehribon. Rafiqamga ularning ozodaligi, darsi ilm olishi uchun befarq bo‘lmasligini, hech nimaga oson erishib bo‘lmasligini tushuntirishini eslataman. Ular nimadir xohlayaptimi, kiyimini taxlab qo‘ysin, rasm chizib bersin, she’r yodlab bersin yoki xonasini yig‘ishtirib qo‘ysin, deyman. Bilmadim, balki o‘ta talabchandirman, ammo turmush o‘rtog‘im “Siz yaxshi otasiz”, deydi. Faarzandlarim kelajakda yuzimizni yorug‘ qiladigan insonlar bo‘lishsa, eng katta baxtim shu. Bugungi kundagi intilishim, harakatlarim ular va oilam uchun.

— Ularga qay darajada vaqt ajrata olasiz?
— Boshqalarga o‘xshab “Bolalarimga ko‘p vaqt ajrataman”, desam, noto‘g‘ri bo‘ladi, chunki san’atkorman, bunga doim ham imkonim bo‘lmaydi. Ammo ba’zan ish bilan yurgan bo‘lsam ham, ularni birga olib yurib, ko‘proq muloqot qilishga harakat qilaman. Oilaviy an’anamiz bor — ma’lum bir vaqtda barchamiz birga aylanishga, tushlik qilishga chiqib turamiz.

O‘zimiz bobolarimiz, buvilarimizning suhbatlariga to‘ymaganmiz, ular juda kichkinaligimizda o‘tib ketishgan. Bolalarim ota-onamning tarbiyasini olayotganiga shukurlar qilaman. To‘ylarda ham nabiralariga duo berayotgan buvilarni ko‘rsam, ko‘zimga yosh olib, “Ilohim, mening farzanlarimga ham mana shu baxt nasib etsin”, deyman.

“Men doim xursandmanki, ota-onamiz biz — farzandlarining orzu-istaklari bilan hisoblashgan ota-ona. Ko‘p oilalarda buning aksi bo‘lsa ham, kattalarga qarshi chiqishga o‘zbekona tarbiyamiz yo‘l qo‘ymaydi. Ammo mening ota-onam bizning orzularimizni doim qo‘llab-quvvalashgan, to‘xtab qolmasligimiz uchun undab turishgan. Ular mening birinchi muxlislarim, ayniqsa, otam ijodim uchun ko‘p jon kuydirganlar. Shu kunlarga erishishimda ularning mehnati, hissasi katta. Buning uchun ulardan juda minnatdorman!”

— O‘zingizni teleboshlovchilikda ham sinab ko‘rdingiz, ammo bu faoliyat uzoqqa bormadi…
— To‘g‘risi, bu holatni “sinov” deyishni xohlamasdim, chunki biron ko‘rsatuvni topshirishsa, uni bemalol olib bora olishimga ko‘zim yetardi. Faqat bu faoliyat meni asosiy ishimdan chalg‘itib qo‘yadi. To‘g‘ri, ba’zi kanallarga yo‘q deya olmay, ko‘rsatuvlarida boshlovchilik qidim. Lekin o‘shanda ham bunga vaqtinchalik ish deb qarashlarini, bu faoliyatni uzoq vaqt davom ettira olmasligimni aytganman. Agar mavzusi hech kimda yo‘q, mohiyati yaxshilikka chorlovchi va birovga ketib qolishidan o‘zim qizg‘anadigan darajadagi ko‘rsatuv bo‘lsa, boshlovchilik qila olaman. Lekin bugungi kunda meni o‘ziga jalb qiladigan va o‘zimni boshlovchi sifatida ko‘radigan ko‘rsatuv yo‘q. Bu bilan ko‘rsatuvlar yomon demoqchi emasman, ularga o‘zim to‘g‘ri kelmayman.

— Muxlislardan qanday e’tiroflar va e’tirozlar eshitasiz?
— Bugungi kunda “instagram” ijtimoiy tarmog‘ida bir millionga yaqin muxlisga egaman. Ular ba’zan “Savollarimga javob bermaysiz”, deb e’tiroz bildirib qolishadi. Buni atay qilmayman, chunki hamma taklif va xabarlarni o‘qib chiqaman, ammo ularning barchasiga javob yozishga doim ham imkonim bo‘lmay qoladi. Bunaqa paytda o‘zimdan ham xafa bo‘laman. Vaqtlarini ayamay, o‘z fikrlarini bildirayotgan muxlislardan uzr so‘rayman, kelgusida ularning barcha savollariga javob berishning imkonini topishga harakat qilaman.

Rahmat aytadigan, minnatdor bo‘lgan muxlislarimiz ham ko‘p, ular minnatdor bo‘lib, duo qilishyaptimi, demak, qo‘shiqlarimiz bilan kimgadir kerakmiz, bundan albatta xursandman. Barcha muxlislarimiz sog‘ bo‘lishsin!

“Bugungi kunda telefon shu darajada bizning eng yaqin do‘stimizga aylanib qolyaptiki, u kichik televizor vazifasini ham bajara olyapti. Unda bemalol istagan ko‘rsatuvingizni ko‘ra olasiz. Ammo biz — san’atkorlarda vaqt ancha muammo. To‘g‘risi, televizor ko‘rishga imkoniyatim, vaqtim bo‘lsa, men ko‘proq kino ko‘rgan bo‘lardim. Chunki kinoni yaxshi ko‘raman. Agar televizorda yaxshi kino berilayotgan bo‘lsa yoki yaxshi musiqa bo‘lsa, TV tomosha qilaman. Yangiliklar, ma’lumotlarni esa internetdan olaman”.

— Yaxshi notiqsiz, bunga sabab bo‘lgan omillar ko‘p kitob o‘qiganingizmi yoki boshqa biron sababi bormi?
— “Juda ko‘p kitob o‘qiganman” desam, yolg‘on bo‘lib qolmasin. Lekin kitoblar ham o‘qib turaman, aforizmlar, hayotiy maqollarni ko‘p o‘qiyman. Kam qo‘llaniladigan iboralarni, so‘zlarni yodlashga harakat qilaman. Shunda fikringizni oson tushuntira olasiz. Nutqim yaxshiligiga ko‘p kino ko‘rishim ham sabab bo‘lsa kerak, chunki kino ham bir kitob. Ssenariy ham kitob asosida yoziladi, u ham insonga ko‘p ma’lumot beradi. Olim, komil, yoshi katta insonlar bilan ko‘p suhbatlashishni yaxshi ko‘raman. Ulardan ham ko‘p narsa o‘rganganman. Bundan tashqari, nutq ravonligi menga onamdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Ularda ustozlik iqtidori bo‘lgan, bolaligimdan ular menga ko‘p narsalarni o‘rgatganlar, birinchi ustozim onam, deb bilaman.

— Kelgusida qanday loyihalar, rejalar qilish niyatingiz bor?
— 2018 yil juda yaxshi boshlandi, yangi ijod namunalarimiz tez kunda taqdim etiladi. Yaqinda 2017 yilgi konsertimning DVD ko‘rinishdagi albomi taqdim etiladi. Bu taqdimot uchun uch oy davomida montaj ishlari olib borildi. Bundan tashqari, ko‘p qo‘shni davlatlarga gastrol safarlari uyushtiramiz, shu bilan birga qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlarni boshlaganmiz, ularni amalga oshirish niyatidamiz. Niyatlarimiz ko‘p, eng kerakligi, sog‘lik-salomatlikda, yurtimizga xizmat qilib charchamaylik!
Muhabbat SHARIFOVA suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ulug‘bek Rahmatullayev: “O‘zgarishlar o‘z vaqtida kelayotganidan xursandman”