08:32 / 13.04.2018
4 289

Bosh chanog‘i o‘g‘irlangan yozuvchi

Bosh chanog‘i o‘g‘irlangan yozuvchi
Eng taniqli rus klassik yozuvchilaridan biri bu Nikolay Gogoldir. Hayratlanarli bo‘lsa-da, adibning ko‘p asarlari o‘lim va qo‘rquv bilan bog‘liq. Balki, bu inson bilan bo‘lib o‘tgan dahshat faqat tasodifdir, biroq yozuvchi bir kun kelib o‘z asaridagi qahramonga aylanib qolishini kim ham bilibdi, deysiz?! Bu yerda gap Gogolning bosh chanog‘i o‘g‘irlangani haqida ketmoqda.

QAYTA KO‘MILGAN TARIX
1931 yil Avoiyo-Danilov ibodatxonasi yaqiniga, ya’ni Gogolning qabri joylashgan hududga voyaga yetmagan jinoyatchi bolalarning qamoqxonasini qurmoqchi bo‘ladi. Va u yerga dafn etilgan yozuvchining suyak qoldiqlarini Novodeviche qabristoniga ko‘chirib o‘tkazishni kelishishadi. Ushbu jarayonda juda ko‘p ko‘zga ko‘ringan rus adabiyotshunoslari qatnashadi. Qabr ochiladi va hamma hayratdan dong qotadi. Ne ko‘z bilan ko‘rishsaki, qabrdagi tananing o‘rni o‘zgartirilgan, eng dahshatlisi, marhumning bosh suyagi yo‘q edi. Tarixdan ma’lumki, qadimda tana a’zolarini alohida-alohida ko‘mish ba’zi bir hududlarda urf bo‘lgan. Aytishlaricha, boshni tanadan ayri holda ko‘mish ruhning o‘sha tanaga qayta kira olmasligi uchun bajarilgan ekan. Sir emaski, bunday marosimlarga qadimiy xalqlar juda ishongan. Ma’lumotlarga qaraganda, Gogol yozuvchilikdan tashqari, afsungarlik bilan ham shug‘ullangan. Balki, bu biror joduning natijasidir?

Aynan yozuvchining bosh suyagi yo‘qolganligiga oid boshqa bir taxminga ko‘ra, qabrda Gogolning boshi umuman bo‘lmagan. Keyinchalik yozuvchi A. Y. Arosev shunday yozgan: «Men V. Ivanov, Pavlenko va N. Tixonovlar bilan uchrashdim. Ular Gogol, Xamyakov va Yazikovlar kabi insonlarning qabrlari ochilganda o‘sha yerda bo‘lishgan. Ular ham Gogolning bosh chanog‘i yo‘qligini bir ovozdan tasdiqlashgan. Boshqalar esa bunga ishonmagan holda Gogolning bosh chanog‘i uning yon qismida joylashgan qabrda deya ta’kidlashgan. Ammo bu qabrni ocha olishmagan». Keyinchalik esa barcha ishlar to‘xtatilgan. Aytishlaricha, bu ishlarning barchasi Stalinning buyrug‘i asosida maxfiyligicha qolishi kerak bo‘lgan.

BALKI, YO‘QOLGAN SUYaK TEATRDADIR?!
Xabarlarga ko‘ra, professor Lidin ibodatxonada surishtiruv ishlarini olib boradi. U aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, moskvalik kolleksiyachi Baxrushin teatr muzeyiga asos solgan. 1909 yil yozuvchining 100 yilligiga bag‘ishlanib tashkil etilgan marosimda uning qabriga yodgorlik qo‘yishga o‘z hissasini qo‘shgan. Aytishlaricha, Baxrushin teatr muzeyida juda bebaho ko‘rgazma tashkil etishni xohlagan. Shu boisdan ham go‘rkovlardan biriga katta miqdorda pul berib, yozuvchining bosh suyagini o‘g‘irlashni tayinlagan. Ko‘pchilik insonlar muzeyda haqiqatan ham, Gogolning bosh chanog‘ini ko‘rganini ta’kidlashgan. Bu gapni professor Lidin ham tasdiqlagan. O‘sha yerda bo‘lganlarning so‘zlariga ko‘ra, Baxrushinning uy muzeyida 3 ta bosh suyagi bo‘lib, ulardan birinchisi aktyor Mixail Sherkin, ikkinchisi Nikolay Gogol va uchinchisi noma’lum bir shaxsga tegishli ekan. Buni sinoat deysizmi yoki bir tasodif, ammo mana shu suyak Baxrushinning muzeyida paydo bo‘lganidan so‘ng uning barcha ishlari orqaga ketadi. Topilgan chanoq baxtsizlik olib kelganini tushunib yetganidan so‘ng uni Gogolning nabiralariga qaytarib beradi. Buni qarangki, shundan keyin Baxrushinning ishlari yana yurishib ketadi. Bu hodisaning haqiqatan bo‘lgan yoki bo‘lmaganini hech kim aniq bilmaydi. Baxrushin 1929 yilda vafot etadi va bu savolning javobini ham o‘zi bilan olib ketadi.

BU BIR AFSONAMI?
Baxrushin rostdan ham Gogolning boshini o‘g‘irlashni buyurganmi? Vaholanki, kolleksiyachi juda tarbiyali, madaniyatli inson bo‘lgan. Balki, bu ishni boshqa odam qilgandir? Yana bir taxminga ko‘ra, qabrdan qabrga ko‘chirish jarayonida ishtirok etgan Vsevolod Ivanov yozuvchining qovurg‘a suyagini, qabriston direktori Arakchev uyalmasdan uning etigini, Lidin esa nimchasidagi qimmatbaho toshni uzib oladi. Balki, aynan ulardan biri bosh chanoqni olgan-u, bu haqda hech kimga aytmasdan o‘lib ketgandir. Ular bu jinoyatni Baxrushinga to‘nkab, tinchgina hayot kechirishgan. Nima bo‘lgan taqdirda ham Gogolning boshi hamon topilgani yo‘q. Qayerdaligi esa eng katta sirlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Saodat EShPO‘LATOVA, ToshDITAU akademik litseyi o‘qituvchisi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bosh chanog‘i o‘g‘irlangan yozuvchi