“Alkimyogar” romani braziliyalik yozuvchi Paulo Koelo tomonidan yozilgan dunyoga mashhur asarlardan biri hisoblanadi. Asar dunyoning 120ga yaqin davlatida chop etilgan, 60ga yaqin xorijiy tilga tarjima qilingan. Xo‘sh, asar nega bu daraja mashhur bo‘ldi?
Asar haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, asar to‘qima obraz cho‘pon bola Santyago va uning sayohati haqida ketadi.
Yozuvchi o‘z fikrlarini asar obrazlarining o‘zaro suhbatlari orqali tasvirlab o‘tgan. Misol uchun, Salim podshoh va Santyagoning suhbatini olaylik. Podshohning aytishicha, bu sayyorada bir ulug‘ haqiqat mavjud: sening kimligingdan va nima qilayotganingdan qat’i nazar, qachonki sen bir nimani chin yurakdan istasang, bunga erishasan, chunki shunday istak Olam Qalbida ham yaraladi. Bu sening Yerdagi nasibangdir. Teologik (diniy) nazariyalarga murojaat qiladigan bo‘lsak ham ularda inson doim yaxshi niyat qilishi, tinmay harakat qilishi va Yaratgandan so‘rashi lozimligi, natijada o‘z orzusiga erishishi mumkinligi haqida aytiladi. Yozuvchi bu suhbat orqali doim orzu yo‘lida harakatni davom ettirishni tavsiya qiladi.
Asarning bir joyida Qariya (Salim podshoh) Santyagoga baxt haqida bir hikoya aytib beradi. Bir savdogar o‘g‘lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mashhur donishmand huzuriga yuboribdi. O‘g‘lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog‘ tepasidagi ajoyib bir qal’ani ko‘ribdi. Bu qal’ada u izlab yurgan Donishmand yashar ekan. Kutilganidek, qal’a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham o‘xshamas, aksincha, odam bilan to‘la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko‘rsatib u yoq bu yoqqa chopqillashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo‘’jazgina sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o‘rtasida, bu o‘lkada topsa bo‘ladigan jamiki noz-ne’matlarga to‘la to‘kin dasturxon tortilgan. Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir ko‘rishib-so‘rashib chiqadi va yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga to‘g‘ri keladi. Nihoyat Donishmand uning tashrifidan ko‘zlagan maqsadini eshitadi, biroq baxt nimaligiyu, uning qanday sir-asrorlari borligini hozir tushuntirib o‘tirishga vaqti yo‘qligini aytadi. Yigitchaga qal’ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga kelasan, deb tayinlaydi.
«Darvoqe, sendan yana bir so‘rovim bor, — deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan choy qoshiqni uzatib. — Bu qoshiqchani olgin, qara, tag‘in moy to‘kilmasin». Yigitcha, ko‘zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki soatdan so‘ng yana Donishmand qoshida hozir bo‘ladi. «Xo‘sh, — deydi Donishmand, — oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog‘dagi dov-daraxtlar, gulzorlarchi? Ularni qo‘li gul bog‘bonlar o‘n yil deganda barpo etishgan. Mening kutubxonamdagi eski qalin kitoblar, teriga bitilgan qo‘lyozmalarchi?». O‘sal bo‘lgan yigitcha bularni ko‘rmaganini tan oladi, zotan qal’ani aylanganda u butun diqqatini xo‘jayin qo‘liga ishonib topshirgan choy qoshiqdagi moydan uzmagan edi. «Izingga qayt va mening uyimdagi mo‘’jizalarni tomosha qil, — deydi Donishmand. — Turish-turmushini ko‘rib bilmagan odamingga qanday ishonasan». Yigitcha qo‘lida qoshiq bilan yana saroyni aylangani jiladi. Bu safar u oldingiday diqqat bo‘lmay, xonalarni bezab turgan kamyob jihozlarni, san’at asarlarini ko‘rib chiqadi. U bog‘larni va qal’ani o‘rab turgan qoyalarni kuzatadi, gullarning va suratu haykallarning go‘zalligini o‘zicha baholaydi. Donishmandning oldiga qaytgach, u ko‘rganlarining hammasini oqizmay-tomizmay aytib beradi. «Ikki tomchi moy qani, men senga to‘kib qo‘yma deb tayinlagandim?» — so‘raydi Donishmand. Shunda yigitcha qoshiqchadagi moyning to‘kilganini payqaydi. «Mana shu men senga beradigan birdan-bir maslahat, — deydi unga donolar donosi. — Baxtning siru asrori dunyoning bor jozibasiyu tarovatini ko‘ra bilishda va ayni paytda choy qoshiqdagi ikki tomchi moyni ham hech qachon yoddan chiqarmaslikda».
Foto: goodreads.com
Fikrimcha, yozuvchi ikki tomchi moy timsolida har qanday vaziyatda ham inson hech qachon o‘zligini va yerdagi asl vazifasini unutmasligi kerakligi haqida aytib o‘tgan.
Yana bir joyida Lo‘li kampirning Santyagoga aytgan so‘zlari o‘quvchining diqqatini tortadi. Tangri har bir odamning bu dunyodagi yo‘lini belgilab qo‘yadi, sen u yoqqa ana shu belgilar orqali yo‘l topasan. Faqat sen belgilarni — nimalar yozib qo‘yilganini o‘qiy bilsang bas. Albatta, agar orzuga chin dildan ishonilsa, hayot davomida Yaratgan tomonidan bandalariga ma’lum belgilar berib boriladi. Dilimga soldi, degan jumlalar bejiz emas.
Asarning kulminatsion nuqtasi sifatida men quyidagi fikrlar berilgan joyni deb bilaman. Ma’nosi shunday. Inson orzusi nega ushalavermaydi? Bunga to‘rtta to‘siq xalaqit beradi doim. Birinchisi, yoshligingizda katta orzu qilganingizda (prezident, fazogir va hokazo) atrofdagi yaqinlaringiz ushalmaydigan orzu qilma, deb uqtiradi. Bu birinchi xavf. Umidsizlik shundan kelib chiqadi odatda. Ikkinchisi juda ko‘pchiligimiz duch keladigan sevgi-muhabbatdir. Ba’zan insonlar sevgi hayotimga to‘siq bo‘ladi, deb hisoblaydi. Aslida teskarisi. Harakatga rag‘bat bo‘ladi. Sevgi to‘siq emasligini tushunganda esa uchinchi g‘ov paydo bo‘ladi. U omadsizlik va mag‘lubiyatlardan qo‘rqish hissiyoti. Hayot faqat sinovdan iborat shuni unutmaylik. Har sinovni yengganingda mukofoti beriladi. Ulardan qo‘rqmaslik kerak aslida. To‘rtinchi to‘siq esa juda g‘alati lekin amaliyotda uchraydi. Inson orzusiga yetishganda o‘ylanib qoladi, men bunga mos emasman deydi. Mehnatining samarasidan voz kechadi. Barcha ko‘rgan qiyinchiliklarini unutadi. Men bu bosqichni g‘alabaning kushandasi, deb atagan bo‘lardim.
Xulosa qilib aytsak, asar mazmunga boy. Mutolaa qilishga tavsiya qilaman. Asarni hayot haqiqatlari aks etgan qo‘llanma desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zafarbek Solijonov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Gruziya bilan strategik hamkorlikni to‘xtatdi
Suriya prezidenti Bashar Asad murakkab vaziyatga izoh berdi
Xitoy Donald Trampning BRICS a’zolariga nisbatan tahdidlariga javob berdi
Prokuratura tergovchisi 20000$ pora olayotganda qo‘lga tushdi
Bashar Asad rejimi Suriyaning muhim hududlari ustidan nazoratni yo‘qotmoqda
Erdo‘g‘an Putin bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi
O‘zbekistonda 10 oyda qancha ish haqi va nafaqa pullari talon–toroj qilingan?
Isroillik ravvinni Ummonga o‘g‘irlab ketishmoqchi bo‘lgan...