07:03 / 02.05.2018
11 502

Yodgor Sa’diyev bilan “Shaytanat” va Asadbek haqida suhbat (video)

Yodgor Sa’diyev bilan “Shaytanat” va Asadbek haqida suhbat (video)
“Shaytanat” deganda inson ko‘z oldiga Asadbek, Asadbek deganda esa “Shaytanat” keladi. Bu uzviy tushunchalarni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki asar va qahramonni yagona ko‘prik – O‘zbekiston xalq aktyori Yodgor Sa’diyev bog‘lab turibdi. Bu haqda aktyorning o‘zi nima deydi? Jurnalist Xayrulla Hamidovning “Ildiz” nomli ko‘rsatuvida bu haqda samimiy suhbat boradi.

Asadbek obrazi haqida...

Men Asadbek obraziga ijobiy yondashishga harakat qilganman. Tohir Malikning “So‘nggi o‘q” asari qahramoni Jahongirning gapini eslang: “Men bu millatni har qanaqa kamchiligi bilan yaxshi ko‘raman, chunki bu mening millatim”. Ana shu pozitsiyadan kelib chiqib, Asadbek obrazini o‘ta ablah qiyofada ko‘rsatmaslik uchun, Tohir akaga iltimos qilib bo‘lsa ham o‘zgartirganman. Chunki, asardagi obrazlardan biri Muhiddin otaning bir gapi bor: “Aslida, buning palagi toza edi...”.

Asadbek rolini o‘ynayotgan paytimda keyingi faoliyatim nima bo‘ladi, deb o‘ylamaganman. Boshqa obrazlarim Asadbekka o‘xshab qolmasmikan, degan fikr xayolimga kelmagan. Qaytanga, men bu rol menga nasib etganiga xursandman. Ammo Asadbek rolini ijro etishim ijodkorlik faoliyatimda o‘zim izlagan “nimanidir topganim”ni anglatmaydi. Qidiryapman, ammo topolmayapman. “Shaytanat”dan so‘ng uchta filmda rol ijro etibman.

“Shaytanat” qanday kitob o‘zi?..

Ko‘pchilik aytib qoladi: “Ha, bu asar falon jinoiy to‘da haqda, falon jinoiy to‘da rahbari haqida” va shunga o‘xshash gaplar... Ammo unday emas. Tohir Malik bu asarni chuqur ilmi va fantaziyasi asosida yozgan. Hatto ayrim mutasaddilar mendan, Tohir Malik “ko‘cha”ni qayerdan biladi, deb so‘rashgan paytlari ham bo‘lgan. Bularning bari, menimcha, hayotni kuzatish mahsuli. Yaxshi film yaratish uchun, albatta, yaxshi ssenariy kerak bo‘ladi. Bu asarning ildizi baquvvat. Chunki unda hayot borligicha ochib berilgan. Bundan tashqari, asar qahramonlarining o‘zaro dialoglari ham pishiq.

- Men do‘zaxda kuyishimni bilaman, ammo mendan oldin o‘sha sovet hokimiyati kuysin.
- Nega? – deb so‘raydi ota.
- Agar otamni begunoh olib ketishmaganida, uni o‘ldirishmaganida – onam o‘lmas edi, ukam o‘lmas edi, men esa bu ko‘chaga kirmas edim, - deb javob qaytaradi Asadbek.
Shunda Muhiddin ota deydi:
- Otasi otilganlarning barchasi ham bu ko‘chaga kirgan emasku...

Tohir Malikning donoligini qarang. Mana shunday dialoglar tomoshabinni o‘ziga qamrab olgan.

Tuzum

Asarda Asadbekning ko‘z o‘ngida otasini olib chiqib ketishganidan so‘ng uning yoniga do‘sti Jalil kelib, hol-ahvol so‘raydi. Shunda kichkina Asadbek “hammasini o‘ldiraman”, deydi. Bu go‘dakning og‘zidan chiqayotgan gap. Qachon o‘zbek bunday deydi, qachonki nohaqlikni ko‘rsa. O‘zbekning sabri katta, ammo nohaqlikka chiday olmaydi. Tohir Malik ustalik bilan bola qalbiga o‘sha tuzumga bo‘lgan nafratni joylab qo‘ydi. Tuzum, qatag‘on yillarining alami tufayli bosh qahramon boshi berk ko‘chaga, jinoyat ko‘chasiga kirib qoladi.

Suhbatda Yodgor Sa’diyev bilan bugungi ijodkorlar, umuman, ijod olamining nima ekanligi, uning muqaddasligi va turli mavzularda samimiy va ancha ma’noli fikr yuritilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yodgor Sa’diyev bilan “Shaytanat” va Asadbek haqida suhbat (video)