Janet Fontane ismli amerikalik ayol hayotidagi eng katta orzusini amalga oshirdi: u 76 yoshida ilk bor turmushga chiqdi. Bu voqea nafaqat uning yaqinlarini, balki minglab odamlarni ilhomlantirdi, deb yozadi Business Insider.
Janetning so‘zlariga ko‘ra, u umri davomida muhabbatga va samimiy munosabatlarga ishongan, biroq o‘z taqdiriga mos insonni topa olmagan. Turli erkaklar bilan munosabat o‘rnatgan bo‘lsa-da, hatto yillar davom etgan ayrim munosabatlar ham chinakam uyg‘unlikni bermagan.
Nafaqaga chiqqanidan so‘ng u hayotida yangi sahifa ochishga qaror qildi. 2016-yilda shaxsiy rivojlanish kurslariga yozilib, o‘zini qayta kashf etishni boshladi. Bu davr uning ichki dunyosiga katta ta’sir ko‘rsatdi — u o‘z qadrini, orzu va maqsadlarini angladi.
“O‘zim ustimda ishlay boshlaganimdan keyin, qolgan hayotimni baham ko‘ra oladigan insonni topish vaqti kelganini his qildim”, deydi u. Shu fikr bilan u tanishuv saytida ro‘yxatdan o‘tdi. Dugonasi yordamida anketa to‘ldirdi: u yerda sayohat qilish, chang‘ida uchish, rotari-klubdagi faolligi va cherkov yig‘ilishlarida qatnashishi haqida yozdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, taqdir uni 81 yoshli Kliff ismli erkak bilan uchrashtirdi. Kliff Arizonada yashar, Janet esa Sietlda istiqomat qilardi. Masofa uzoq bo‘lishiga qaramay, ular telefon orqali muntazam gaplashib turdilar. Bir necha haftalardan so‘ng vino zavodida ilk uchrashuv bo‘lib o‘tdi — u kunni Janet hech qachon unutolmasligini aytdi.
“Kliff haqiqiy jentlmen edi. Biz uch soat davomida suhbatlashdik, vaqt qanday o‘tganini bilmadik”, deydi u. Ilk ikkilanishlarga qaramay, Janet bu munosabatni davom ettirishga qaror qildi. Ular bir-birini to‘liq to‘ldirgan juftlikka aylanishdi.
Bir necha yil davom etgan uzoq masofali muhabbatdan so‘ng Kliff Janetga turmush qurish taklifini berdi. “Men endilikda tizzalab o‘tira olmayman, lekin seni suyganimni so‘z bilan emas, hayot bilan isbotlayman”, degan erkak, uzuklarni birgalikda tanlashni taklif qildi.
To‘y haqiqiy orzuga aylandi — oppoq libos, mehmonlar, bayramona musiqa va suratchilar qurshovidagi nikoh marosimi. Janet bu lahzani hayotining eng baxtli kuni sifatida eslaydi.
“Biz hayotning katta qismini alohida o‘tkazdik, endi esa so‘nggi bo‘limimizni birgalikda yozmoqdamiz”, deydi Fontane tabassum bilan.
Bu hikoya nafaqat muhabbatning yoshi yo‘qligini isbotlaydi, balki inson o‘z ustida ishlab, qalbini ochsa, taqdir ham shunday qadam tashlaydi. Janet va Kliffning dostoni hayotda ikkinchi imkoniyat har doim mavjudligini yana bir bor ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!