14:56 / 03.09.2018
7 083

Kumush Razzoqova bilan siz kutgan intervyu

Kumush Razzoqova bilan siz kutgan intervyu
Kumush Razzoqova — goʻzal, yoqimli ovoz sohibasi, samimiy inson. Xonanda oʻzbek sanʼatida oʻz oʻrnini topgan ijodkor. Uning qoʻshiqlari yillar oʻtsa-da, oʻz mavqeini yoʻqotmaydi. Boisi, koʻngil tubidan otilib chiqqan taronalar hech qachon eskirmaydi.

— Kumush opa, intervyuga roziligingizni olish uchun qoʻngʻiroq qilganimizda “Ijod qilmayapman!” degan javobingiz bizni oʻylantirib qoʻydi. Juda erta nafaqaga chiqmadingizmi, axir muxlislar sizdan haligacha yangi qoʻshiqlarni kutishadi?

— Har narsaning ibtidosi boʻlganidek, intihosi ham bor. Kun kelib sanʼatkor sahnani tark etishi, oʻzidan keyingi yosh avlodga joy boʻshatishi kerak. Qariganda ham reyting talashib, tish-tirnogʻi bilan kurashayotgan xonandalarni tushunmayman. Sanʼatda nimaga erishish mumkin boʻlsa, erishdi, endi yoshlarga oʻrin boʻshatish kerak.

— Boshingizga tushgan ishlardan xabarimiz bor, balki sogʻligʻingizni tiklashingiz uchun yana joʻshqin ijod bilan shugʻullanishingiz kerakdir?

— (biroz oʻylanib) Balki. Jiddiy avtofalokatga uchrab, ikki oy toʻshakka mixlanganimda bu haqda koʻp oʻyladim. 10-15 yil oldingi vaziyat boʻlganda ham boshqa gap edi. Sanʼat istaysizmi-yoʻqmi, yoshlikni talab etadi. Avvalgidek kuchim va jurʼatim yoʻq. Garchi baynalmilal oilada ulgʻaygan boʻlsam-da, tarbiyamizga alohida eʼtibor berilgan. Sharq ayolimiz, yoshim ulgʻayganda ham omma eʼtiborida boʻlishim shart emas, deb oʻylayman.

— Intervyularingizning birida eng katta kamchiligim kurashuvchan emasligimdir, degan ekansiz…

— Toʻgʻri, bu kamchiligimni haligacha yengolganim yoʻq. Osongina taslim boʻlaman! Ijod qilmasligimning yana bir sababi bor. Bugungi dunyo va oʻzbek estradasi menga yoqmaydi. Estrada tushunchasi oʻzligini yoʻqotdi, klassik estrada allaqachon tanazzulga yuz tutdi. Masalan, Beyonse dunyo yulduzi, uning millionlab muxlislari bor. Lekin men uni xonanda deb bilmayman. Qoʻshiqlari baqir-chaqir, kliplari esa fahsh harakatlaridan boshqa hech narsa emas. Oʻzimizning estarada-chi, birorta qoʻshiq 10-15 yil yashayaptimi?

Oilamizda boshqacha muhit boʻlsa-da, oʻzbek tilini bilishga intilardim. Bugun esa uzuq-yuluq soʻzlarni istagancha talaffuz qilib, qoʻshiq kuylashyapti. Oʻzbek tilida qoʻshiq kuylab, shu tilni bilishga intilmayotgan xonandalar oz deysizmi? Bu nafaqat oʻziga, balki xalq va sanʼatga ham behurmatlik emasmi?

— Hayot va ijodingiz bevosita “Sado” ansambli bilan bogʻliq. Agar guruh tarqalmaganda, “Unutma meni”, “Yomgʻir yogʻdi”, “Meni seni seni hech kimga bermayman”, “Saraton” yoki “Ikki daraxt” kabi umrboqiy qoʻshiqlar yarata olarmidingiz?

— Biz guruh tarkibidan tashqari yakka holda ham qoʻshiqlar ijro etardik. “Unutma meni” qoʻshigʻi ansamblda ishlayotgan kezlarim yaratilgandi. Mila Romadini va Aziza rus, men esa oʻzbek tilidagi qoʻshiqlarni ijro etardim. “Vodillik kelin” filmi uchun Nargiz Zokirova “Unutma meni” qoʻshigʻining rus tilidagi variantini ijro etdi. Ammo uning qoʻshigʻi film ichida qolib ketdi, oʻzbek tilidagi varianti esa kutilmaganda mashhurlikka erishdi. Qoʻshiqni tasmaga muhrlagan kunimiz kechagidek yodimda (kulib). Koʻzlarimni chirt yumib, nima boʻlsa boʻldi, degandim. Chunki juda qoʻrqardim, oʻz ovozimga ishonmasdim.

— Tahlil qilsak, trio guruhlarining aksariyati yulduzli onlarni boshdan kechiradiyu, soʻng baʼzi sabablarga koʻra tarqalib ketadi. Masalan, “Setora”. Bunga nima sabab deb oʻylaysiz?

— Guruh boʻlib ishlash juda ogʻir. Aravani har kim oʻz tomoniga tortishga intiladi. Ayollarga nisbatan erkak xonandalar guruhi uzoq yashaydi. Chunki ularda gina-kudurat, injiqlik va rashkchilik ancha kam boʻladi (kulib).

Mila qoʻshiqni yaxshi aytolmasdi, shu bois uni ovoz yozish studiyasiga chaqirishmasdi. Albatta, bu tanlov Milaga yoqmasdi. Aziza ham yetarlicha injiq edi, u bilan koʻp tortishardik. Ikkisi Rossiyada ijod qilishni istashardi, repertuarda ham koʻproq rus tilidagi qoʻshiqlarga eʼtibor berishardi. Menga bu narsa yoqmasdi, Toshkentni tashlab ketishni istamasdim. Xullas, fikrlar qarama-qarshiligi sabab boʻlib, “Sado” tarqalib ketdi.

— Guruhning tarqalishi ham yaxshilikka boʻlgandir…

— Albatta, oʻzimga boʻlgan ishonchim ortdi. 1990 yildan boshlab yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yuritdim. Sanʼatda Kumush Razzoqova nomi paydo boʻldi. Muxlislarning “Qachon konsert berasiz? Yangi qoʻshiqlar yarating”, kabi gap-soʻzlarini eshitsam, quvonib ketaman. Demak, meni unutishmabdi.

— Qoʻshiqlaringizda falsafiy maʼno bor. Masalan, “Kuz gullari”ni olaylik, unda, aslida, tabiat hodisasi emas, insonlar taqdiri aks etgandek goʻyo. Bugun ana shunday qoʻshiqlarning yaratilmayotganiga nima sabab?

— Bu qoʻshiq u qadar ommalashmagan boʻlsa-da, oʻzimga ham juda yoqadi. Usmon Azim, Muhammad Yusuf kabi shoirlar chuqur maʼnoga ega sheʼrlar yozishardi. Ularning sheʼrlarida voqea, drama bor edi. Hozirgi yoshlar esa, kechirasizu, shoir tugul, oʻzbek tilini chala-chulpa biladigan qalam ahliga sheʼr yozdirishyapti. Eʼtibor bering, sheʼrlar ham buyurtma asosida yozilyapti. Oʻzi sheʼr yozib, ham musiqa bastalab ijro etayotgan xonandalarning qobiliyatiga havasim keladi (kulib).

— Yosh xonandalarning biri yoʻl-yoʻriq koʻrsatishingizni soʻrashsa, ularga qanday talablar qoʻyasiz? Negadir Kumush Razzoqovaning shogirdiman, degan gapni hech eshitmaymiz…

— Sanʼatda shogird kim, ustozining soyasimi? Ustoziga taqlidan ijod qilayotgan xonandaning parodiyachidan nima farqi bor? Xonanda pedagog emas, u ustozlik qilolmaydi. Maslahat soʻrashsa, koʻkragidan itarmayman, ammo mening yoʻlimda qoʻshiq yaratishini istamayman.

— Qoʻshigʻingizni qayta ijro etishni istagan xonandalarga rad javobini bergan ekansiz.
— Toʻgʻri, men hali oʻlganim yoʻq! Toʻy-hashamlarda ijro etishlariga koʻz yumishim mumkin, ammo sahnada kuylashlarini istamayman.

— Biron-bir yosh xonandaning qiyofasida oʻzingizni koʻrgandek boʻlasizmi?
— Yoʻq, koʻpchilik sobiq “Setora” guruhidagi Feruza Latipovani menga oʻxshatishadi. Ammo men hech qanday oʻxshashlikni sezmayman.

— Qaysi xonandalarning ijodiga befarq emassiz?

— Hech kimga taqlid qilmay, oʻz yoʻlini topishga intilayotgan xonandalarni hurmat qilaman. Masalan, keyingi paytlarda Shahlo Ahmedovaning qoʻshiqlari yoqyapti. U opasi Lola Ahmedovaning yoʻlidan borib, oʻzini urintirmay milliy estradani tanlamadi. Gulsanam Mamazoitovaning esa lapar yoʻnalishidagi milliy qoʻshiqlari yoqadi.

— Shaxsiy hayotini koʻz-koʻz, baʼzida muhokama qilib omma eʼtiborida boʻlayotgan yosh ijodkorlar bisyor. Ularga munosabatingiz qanday?

— Bu butun dunyoga tekkan kasallik. Piarni qandaydir manfaatni koʻzlab, xonandaning oʻzi emas, atrofdagi insonlar ham qilishyapti. Oila — shaxsiy hudud. Shu kungacha jurnalistlarning bu haqidagi savollariga javob berishni istamaganman. Qancha jurnalistlarga shunday savollari bois, intervyu bermaganman. Ular mendan xafa boʻlishgani aniq. Ammo oʻylab koʻring, men faqat xonanda emas, ayolman. Uydagi ikir-chikirni koʻchaga olib chiqsam, ayolligim qoladimi? Oldinlari homilador ayol sanʼatkorlar omma eʼtiboridan chetda yurishga intilishardi. Bugungi yoshlar qornini doʻppaytirib sahnaga chiqib, fotosessiya oʻtkazib, kliplarda ham suratga tushishyapti. Bu estetika qoidalariga toʻgʻri kelmaydi, bundan tashqari, ona-bola salomatligiga ham aks taʼsir etishi mumkin. Axir koʻz tegishi bor gap-ku! Uch-toʻrt oy sabr qilsa, osmon uzilib, yerga tushmaydi. Ammo bunday gaplarni hamma ham toʻgʻri qabul qilmaydi.

— Balki, suhbatni oʻqib, oʻzlariga tegishli xulosani chiqarib olishar…
— Ular yurishga chogʻlangan yoʻldan biz allaqachon oʻtib boʻldik. Soʻzlarimiz ular uchun xarita, quloq solishsa, yoʻldan adashishmaydi.
Nargiza MURODOVA
suhbatlashdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Kumush Razzoqova bilan siz kutgan intervyu