00:09 / 23.12.2018
6 943

“Berlin-Oqqo‘rg‘on” – Musoqovning o‘ziga xos “dastxat”i (foto)

“Berlin-Oqqo‘rg‘on” – Musoqovning o‘ziga xos “dastxat”i (foto)
Maqolada muallif Zulfiqor Musoqovning "Berlin-Oqqo‘rg‘on" filmi haqidagi mulohazalarini bildiradi.

Ba’zi kinolarni bir marta ham oxirigacha ko‘ra olmaysan, sabring yetmaydi. Ba’zi kinolarni bir marta ko‘rish bilan kifoyalanmaysan, chunki ularni hazm qilish qiyin kechadi. “Berlin-Oqqo‘rg‘on” filmida shu narsani boshdan kechirdim. Aslida hammasi oson ko‘rinadi, lekin uqib olish qiyin kechadi.

Musoqovning avvalgi filmlari bunchalik murakkab ishlanmagan. “Berlin-Oqqo‘rg‘on” filmi keng qamrovli va pishiq ijod qilingan. Film boshidagi “Xotira quroq ko‘rpachaga o‘xshaydi” jumlasi kinoasarning maqsad-muddaosini anglatgandek tuyulsa-da, filmni xotiralardan iborat yaxlit asar, deyish biroz noto‘g‘ri. Har bir film, agar u badiiy va g‘oyaviy jihatdan barkamollik da’vo qilsa, undagi zamon hamda makon ikkinchi o‘rinda bo‘lib qolaveradi. Paleozoy erasidagi voqea bo‘ladimi, kelajakning qaysidir asriyu kosmosning nechanchidir qavatida bo‘lsa ham, u bor-yo‘g‘i mohiyatga xizmatkor, xolos.

Men Musoqovning ushbu filmini xotiralardan iborat va urush haqidagi kinokartina, demagan bo‘lardim. Film g‘oyasi umumbashariy, shu jihat “Berlin-Oqqo‘rg‘on”ning xorij tomoshabiniga ham manzur bo‘lishiga ishonaman. U yerda faqat o‘zbek yoki yahudiy, nemis yoki rus millatining emas, umuman, Yer fuqarolarining biografiyasidagi qora dog‘lari, o‘xshash qismatlari ifodalangan. Xulosani oxirida aytaman, filmga qaytamiz.

“Berlinda o‘t yoqilsa, Oqqo‘rg‘onda tutuni”

Urush keltirgan falokatlar butun insoniyatni qiynaydi. Film syujeti 3 davr: urushdan oldin, urush va urushdan keyingi voqealar asosiga qurilgan. Kino avvalida tomoshabin nima bo‘layotganini ilg‘ashga qiynaladi. Chunki kadr tez almashadi, bir qarasangiz, Oqqo‘rg‘on, keyin Berlin, orada Tel-Aviv ko‘rsatiladi. Birdan urush sahnasi paydo bo‘ladi. Nima bo‘layotganini anglashga ulgurmasdan kadrlar yana tezlikda almashaveradi. Filmda syujet liniyalari ko‘pligini hisobga olsak, yagona o‘q tomir sezilmaydi. Bir o‘rinda o‘rmondagi Qo‘zivoy Shodiyevning nigohlari aks ettirilgan kadr Qo‘zivoy boboning ajin bosgan yuziga, o‘ychan nigohlariga ulanadi. Shu yerda rejissyor o‘q tomirga ishora qiladi.

Urushdan avvalgi Berlin. Qo‘shni bo‘lib yashaydigan nemis va yahudiy oilalarining eshigi tagiga har kuni ikki idishda sut qo‘yib ketishadi. Ikkovi ikki xil. Oradan biroz vaqt o‘tgach, ko‘rsatilgan kadrda esa idish ko‘tarib kelgan odam faqat nemislarning eshigi tagiga idishni qo‘yadi va svastika (fashizm emblemasi) tushirilgan bayroqni pastga tushiradi, yahudiylarga esa idishni qo‘ymay, ortiga qaytadi. O‘rtadagi devorda esa Gitlerning portreti osilgan bo‘ladi. Bu kadr nemislarning oliy irq da’vosi va yahudiylar qirg‘ini boshlanganiga ishora edi.

Filmning umumiy fonida yahudiy va nemislar oilasining qo‘shnichiligi, Oqqo‘rg‘ondagi Stalin kolxozidagi voqealar, Maryam Yoqubova va Meyerxold teatridagi voqealar izma-iz ko‘rsatib boriladi. Voqealar silsilasi bugun va o‘tmish bilan parallel va darajama-daraja ochiladi. Nemis ofitseri Klausning bolaligiyu keksaligi, o‘zbek yigiti Qo‘zivoyning o‘smirligiyu qarilik vaqtigacha. Asosiy ikki qahramon shular. Chunki ikki atmosferadagi voqealar shu qahramonlar bilan bevosita bog‘liq.

Meyerxold teatri va Maryam Yoqubova bilan bog‘liq uchinchi voqealar oqimi esa Meyerxold bilan Zinaida Rayxning o‘limi, Maryamning Nodira Norboyeva (Nigora Karimboyeva)ning xatini Stalinga yetkazishi bilan yakunlanadi. Voqelikning uch tomonlama rivoji uchun rus millatiga mansub oilaning hayotini qo‘shgan ma’qulroq edi, nazarimda. Qo‘shiqda (“Marg‘ilonda o‘t yoqsam, Farg‘onada tutuni”) aytilganidek, Berlindan ibtido olgan urush olovi Moskvadan bu yog‘iga o‘tmasa-da, uning tutuni Oqqo‘rg‘ongacha kelgan edi.


“Lenin o‘lgan, Stalin esa tirik...”

Musoqovning filmlaridagi g‘aroyib topilmalar, shubhasiz, uning sodda, biroz dovdir qahramonlari va ularning gap-so‘zlari bilan bog‘liq. Kinoshunoslar film tomoshabin yodida qolishi uchun yangicha va boy syujetga ega bo‘lishi yoki qahramonlar tilida “uchqur iboralar” bo‘lishi kerak, deyishadi. Masalan, “Hamma raqsga tushsin!” degan jumla “Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi” filmining "pasporti"ga o‘xshaydi. Shu jumlani aytganimizda, Ivan Vasilevich yodimizga tushaveradi.

Musoqovning filmlarida ham xalq o‘ziniki qilgan jumlalar ko‘p. “Osmondagi bolalar”, “Kichkina tabib” kabi filmlarni eslang. “Berlin-Oqqo‘rg‘on” filmi qahramonlari, Qo‘zivoy, uning onasi (Ra’no Shodiyeva), Sattor tog‘a, Gulshoda – o‘ziga xos xarakter egalari. Har bir gapida bir qiziq ibora bor. Militsioner Soqiboyev (Fatxulla Masudov) xalq dushmanining oilasini Stalin kolxoziga olib kelib, qishloq faollariga tushuntirish beradi, ularga qo‘yilgan taqiqlarni aytadi, shunda Qo‘zivoy “ularga suv ichish, nafas olish mumkinmi?” deb so‘raydi. Soqiboyev "qog‘ozda bular yozilmagan" deb javob beradi, Qo‘zivoy “ularni qabristonga olib borish kerak” deydi. Bu gaplardan rejissyor oddiy odamlarning soddaligi bilan birga o‘sha davr muhitini, amaldorlar qiyofasini ochishda foydalangan. Shuningdek, ularda davr va amaldorlarga qaratilgan zaharxanda kinoya yotibdi.

Yana bir lavhada Stalin kolxoziga teatr kelishi ko‘rsatiladi. Shunda Stalin va Lenin obrazini ijro etadigan aktyorlar (Bobur Yo‘ldoshev va Farhod Abdullayev) tortishib qoladi. Bahs Lenin rolini o‘ynaydigan aktyorning “Nega mening so‘zim ko‘p bo‘la turib, Stalindan kam oylik olaman?” deya teatr rahbariga bergan savolidan keyin yakunlanadi. Nima deyishni bilmagan teatr rahbari mantiqiy javob topa oladi: “Lenin o‘lgan, Stalin esa tirik”.

Kim qanday talqin qiladi, bilmadim, Musoqov bu sarkazmni o‘z o‘rnida kiritibdi. Bu – hamma zamonlar siyosati uchun aksioma.


“Siz xudodan ham balandsiz, chunki siz fyurersiz!”

Film davomida oddiy fuqarolar bilan birga davr o‘zanining burilishiga sababchi bo‘lgan tarixiy shaxslarning harakatlari ham kontrast holda rivojlanib boradi. Garchi Stalin va Gitler asosiy figura bo‘lsa-da, ularning qanotidagi shaxslar ham davr fojiasini yaratishda "cholg‘uchilik" qilishgan. Masalan, Stalinning kotibi Poskrebishev obrazi, garchi tarixiy haqiqat bo‘lsa-da, umumlashma epizod. U makon va zamon tanlamaydigan odam. Uning ish tartibiga e’tibor bering: o‘zi uchun qiziq deb hisoblaydigan xatlarga qizil belgi, qiziqarli bo‘lmaganlariga yashil, oddiy aholidan kelgan xat va murojaatlarga sariq, oliy jazo haqidagi xatlarga esa ko‘k belgi qo‘yadi. Shu yo‘l orqali u xat va shikoyatlarni saralaydi, Stalinga bu murojaatlarni yetkazishda o‘z tanlovidan foydalanadi. Bu faqat Poskrebishevning uslubi emas, rejissyor bejiz ushbu epizoddan foydalanmagan.

Shuningdek, Stalin atrofida Tashqi ishlar vaziri Litvinov epizodi ham kiritilgan. Musoqov kadr orti ovoz orqali tarixiy shaxslarni tomoshabinga tanishtiradi, ularning qisqacha biografiyasini ham keltiradi. Garchi shu o‘rinlarda hujjatli film elementlari ko‘zga tashlansa-da, bu filmning badiiyatiga zarar keltirmagan.

Gitler atrofidagi odamlar – Gess, Gebbels, Gimmlerlarning ham tarixiy voqelikning pishib yetilishidagi ulushi ko‘rsatiladi. Gitler va uning safdoshlari xarakteri to‘rtovlonning suhbatida aks etgan. Gesning “Sovetlar uchun Stalin – xudo” degan gapiga “Demak, men xudo emas ekanman-da...” deya o‘pkalagan Gitlerni Ges “Siz xudodan ham balandsiz, siz fyurersiz” deyishi har ikki shaxsning botiniy qiyofasini ko‘rsatib beradi.

Tarixiy haqiqat buzilmagani Musoqovning tarixiy hujjatlarni chuqur o‘rganganini ko‘rsatadi. Ushbu filmga tarixchilar ham munosabat bildirsa, yaxshi bo‘lardi.


"Gitlerning qulog‘ini kesaman...” “Quloq”xo‘rlik afsonasi

Yahudiy qiz va nemis farzandi Klaus bolaligidan sevishadi. Qiz unga yahudiylarning ko‘plab odatlarini gapirib beradi. Ayniqsa, filmning rosa gap-so‘z bo‘lgan sahnasi – “yahudiycha bo‘sa” olishni ham qiz hikoya qilib bergan.

Yahudiy qiz yana bir afsonani aytib beradi. Eramizdan 3 ming yil avval forslar Yahudiyani bosib olmoqchi bo‘ladi. Lekin yahudiylar fors podshohini asir olib, uning chap qulog‘ini uzib tashlashadi. Menga sal mantiqsizlikdek tuyulgan narsa urushda Qo‘zivoyning “quloqxo‘r”ligi-yu (u tog‘asining o‘limidan keyin nemislarni qulog‘ini uzishga astoydil berilib ketadi) va O‘rinboyning “Gitlerning qulog‘ini kesib kelaman” deyishi bo‘ldi. Quloq bilan bog‘liq detallarda mantiqiy bog‘liqlik topa olmadim, ehtimol, tushunmagandirman.


“Dastxat”ga qaytamiz

Filmning har bir detalini tahlil qila olmayman. Ba’zi mulohazalarimnigina bildirayapman, xolos. Qo‘shimcha ba’zi bir qaydlarni aytib o‘tsam.

* Filmda Klausning "sevgimga sodiq qolaman" deb, keyin sevgilisini shafqatsizlarcha otib tashlashi Gitlerning g‘oyalari nemis yoshlarini qanchalik o‘zgartirib yuborganining bir misolidir. Musoqov “Gitleryugend” tashkiloti nemis yoshlarining shuuriga Gitlerga nisbatan e’tiqodni qay darajada paydo qilganini Klaus misolida ochib beribdi. Bu mavzu ham faqat nemis jamiyati uchun emas, istalgan jamiyat uchun xos.

* Filmda Qo‘zivoyning otasi (Seydulla Moldaxanov)ning ijrosi ham yangi bir xarakter sifatida ma’qul bo‘ldi. Rejissyor uni gapirtirmasdan gapirtiribdi. Rais ayol obrazidagi Ra’no Shodiyevaning obrazi ham xarakter darajasiga chiqqan.

* Darvoqe, film qonli urushni ko‘rsatsa-da, unda beg‘ubor muhabbat ham tasvirlangan. Lekin Gulshodaning ba’zi gap-so‘zlari o‘sha davr atmosferasiga unchalik ham tushmagan, deb o‘yladim. Lekin ularning sevgisi filmga o‘zgacha kayfiyat baxsh etgan.

Qarib qolgan Qo‘zivoy bobo ham Gulshoda momoga haliyam sevishini aytib, filmga finish qilgan. Ular o‘rtasidagi dialog Musoqovning eski filmlaridagi sevishganlarning tortishuvlarini yodga soladi. Qo‘zivoy O‘rinboyga Gulshoda haqida "xunuk, tasqara" deganini eshitgan Gulshoda xafa bo‘ladi. Keyin Qo‘zivoyga "Sen o‘zingni chiroyli bolaman deb o‘ylayapsanmi? To‘g‘risini aytsam, seni birinchi marta ko‘rganimda, qusvoray deganman" deydi. Fojialardan charchagan vaqt yumor ham kerak baribir...

* Zulfiqor Musoqov o‘z uslubiga sodiq qolib, bu filmda ham “aktyorlar kashfiyot”ini davom ettiribdi. Bosh rollarda yangi chehralar: Qo‘zivoy (Hasan Shuhratov), Gulshoda (Rayhon Asadova), Ulfat (Mahliyo Asqaraliyeva) va boshqalar, yana o‘sha dovdir-sovdir qahramonlar bor. Bularning borligi ijobiy va normal holdir. Chunki bu elementlar – Musoqov dastxati, Musoqov uslubi. Rejissyor o‘z uslubi bilan ajralib turar ekan, o‘sha dovdir-sovdir obrazlardan, qahramonlarning fojiali vaziyatda ham kutilmagan va kulgili gaplarni aytishidan biz Musoqov dastxatini tanib olaveramiz.


Film inson haqida, urush haqida emas. Hayot balandlik va pastlikda ikki xil ekani ko‘rsatib berilgan. Bu ekran asarini tomosha qilar ekan, undan oddiy fuqaro pastda turib balanddagi shovqinu turfa o‘yinlar ichida o‘yinchoq bo‘lib qolganini sezib olishi mumkin. Film haqidagi fikri ojizim shular.
Xurshid Serobov

Manba: Turon24.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Berlin-Oqqo‘rg‘on” – Musoqovning o‘ziga xos “dastxat”i (foto)