18:00 / 23.05.2020
6 806

Pardozdagi "Azador"

Pardozdagi "Azador"
Bugun bizda (ekranlarimizda) tabiiy chehralar qolmadi, hisob. Hozirgi aktrisalarimizning deyarli hech biri chaplangan qiyofa, o‘rdak lab, ulama kiprik, yasama qosh va jarrohlik amaliyotidan so‘ng tarang tortilgan, mimikadan xoli yuz qiyofasi bilan tomoshabinni ortidan ergashtirolmaydi, o‘zi ijro etayotgan yuzaki qahramonga nisbatan mehr uyg‘otolmaydi.

Aksariyat aktyor, aktrisalarimiz xoh klip, xoh kinoda rol o‘ynasin, go‘zallik salonidan “sip-silliq” bo‘lib chiqqandan so‘nggina obrazga kirishadi. Sochi zamonaviy uslubda turmaklangan, yuzi eng oldi “imijmeyker” tomonidan pardoz-andoz vositasida “sayqallangan”, ayniqsa bir qarich ulama kiprikni yopishtirib olgan rol ijrochisi ekranda mushfiq ayol, hayotda qiynalgan yolg‘iz ona yoki nogironlik aravasiga umrbod mixlangan yarim jon rolida tomoshabinning g‘ashiga tegadi.

Kezi kelsa, ayrim aktrisalarimiz urf-odat, an’analarimiz ustidan “bir sakrab o‘tib”, o‘zi o‘ynayotgan kinodagi, hatto, ta’ziya sahnasida ham yasama qosh-kiprikda, yuziga bir tomchi gletsirinni tomizib qo‘yib, ekran oldida mung‘ayib turganini ko‘rib, bunday “o‘ta professional”likdan “dod” deging keladi.

Nega hozir ishlanayotgan kinolarni darrov esdan chiqaramiz-u, yigirma, o‘ttiz yil ilgari olingan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Shum bola”, “Maftuningman”, “Suyunchi”, “Mahallada duv-duv gap” singari filmlarni qayta va qayta ko‘raveramiz?!

Negaki, avvalgi kinolardagi obrazlar tabiiy, jonli va umriboqiy. O‘sha mashhur filmlarda rol ijro etgan aktyor, aktrisalarimiz qiyofasida ortiqcha hashamni uchratmaymiz. Masalan, “Mahallada duv-duv gap” filmidagi Lutfixonim Sarimsoqova ijrosidagi rol shu qadar ishonarliki, hatto, ayaning biliniar-bilinmas qaltirashida ham tabiiylik bordek. Yoki “Suyunchi” filmidagi qizlarning sovchilar oldiga choy keltirish sahnasini eslang.

Mashhur opa-singillar — Halima, Salima, Karima, Naziraning yuzi, o‘zbekona qoshu ko‘zi, hatto, shaharda o‘qiydigani ham ekranda ro‘molda namoyon bo‘ladiki, kiroyi shunday kelining bo‘lsa, qaniydi, deya ularga mahliyo bo‘lib qolasan. Anzirat ayaga ma’qul kelgan Nazirani olaylik. Haqiqatan, uning qiyofasi momosi aytganidek, “shunaqangi o‘jar, shunaqangi qaysarki”, degan ta’rifiga shu qadar mos tushganki, agar bu sahna shu kecha-kunduzda olinganda bormi, bugungi Nazira ekranda bir qarich ulama kiprik bilan tomoshabinni ko‘nglini ozdirishi aniq edi.

Shu o‘rinda “O‘tkan kunlar”dagi Kumushbibi hamda uning kundoshi Zaynab obrazini olaylik. Kumushbibi xuddi kitobda Abdulla Qodiriy ta’rif etganidek sohibjamol, ortiqcha pardozdan xoli, ismi jismiga monand malaksiymo Marg‘ilon go‘zali. Zaynab ham go‘zallikda Kumushdan aslo qolishmaydigan, ammo uning ichki olamidagi kemtiklik zarralari yuzida aks etgani bois “raqibasi”ga nisbatan bir pog‘ona past ko‘rinuvchi qiyofa shu qadar mohirona tanlanganki, aktrisalarimiz ijrosiga tasanno, aytmay ilojimiz yo‘q. Qaysidir bir suhbatda bu haqda Gulchehra Sa’dullayeva shunday degan edi: Zaynabni o‘ynayotganimda rejissyor mening go‘zalligimni, ekranda birinchi planga chiqib ketyapti, deb grimm orqali berkitishga urinardi. Men ham qahramonimni u xohlagandek ijro etishga intildim va bunga e’tiroz bildirmadim.

Ko‘rinib turibdiki, yuqoridagi sanab o‘tilgan kinolardagi chehralarda tabiiylik bor, aktyor va aktrisalar professional. Ularning har biri o‘z kasbining fidoyisi bo‘lishgani bois ham bu kinolar biz uchun g‘oyat qadrli. Yosh aktrisalarimizni hali yosh-da, desangiz, tabarruk yoshga yetib qolgan ayrim aktrisalarimiz ham rolini qoyilmaqom ijro etish o‘rniga yuzini “chaplab”, ulama kiprikda ekranga chiqishda uncha-muncha yoshni ortda qoldirishmoqda. Yaxshiyamki, bugun bunday aktyorlar xashaki rollardan ortib, O‘zbekoyimni o‘ynamaydilar. Shunday bo‘lganda bormi, bugungi yosh avlod xotirasida ulama kiprik momolar muhrlanib qolarmidi?!

Orzugul RUSTAMOVA

Manba: fikrat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Pardozdagi "Azador"