OpenAI kompyuterni boshqara oladigan yangi GPT 5.4 modelini taqdim etdi

Sun'iy intellekt sohasidagi yetakchi OpenAI kompaniyasi o'zining yangi GPT 5.4 modelini rasman e'lon qildi. Mazkur neyrotarmoq asosan murakkab ish jarayonlarini avtomatlashtirish va dasturlash vazifalarini bajarishga mo'ljallangan. Ishlab chiquvchilarning ta'kidlashicha, yangi model o'zidan oldingi versiyalarga qaraganda ancha aqlli va samaraliroq ishlaydi.
Yangi model GPT 5.2 hamda GPT 5.3 Codex imkoniyatlarini o'zida mujassam etgan. GDPval testlarida u 44 ta turli kasbiy yo'nalish bo'yicha insonlar bilan deyarli teng yoki ulardan ustun natijalarni qayd etdi. Ayniqsa, investitsion tahlil va kompyuterni boshqarish bo'yicha vazifalarda model juda yuqori ko'rsatkichlarni namoyish qildi. Masalan, kompyuterni boshqarish testida u 75 foiz natija bilan insonlarning o'rtacha 72,4 foizlik ko'rsatkichini ortda qoldirdi.
Texnik jihatdan GPT 5.4 ancha tejamkor bo'ldi. Avvalgi versiyalarda barcha vositalar bir vaqtning o'zida yuklangan bo'lsa, yangi model kerakli funksiyalarni Tool Search tizimi orqali zaruratga qarab tanlab oladi. Kontekst oynasi hajmi 1 million tokenni tashkil etadi. Shunga qaramay, API orqali foydalanish narxlari biroz qimmatlashdi: kiruvchi tokenlar narxi 2,5 dollargacha, chiquvchi tokenlar esa 15 dollargacha ko'tarildi. Hozirda ushbu yangi texnologiyadan API va Codex orqali foydalanish imkoniyati mavjud.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!