08:08 / 25.10.2020
8 210

Javlon Shodmonov ilk marta Mo‘min Oripovning o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokat tafsilotlarini ochiqladi (video)

Javlon Shodmonov ilk marta Mo‘min Oripovning o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokat tafsilotlarini ochiqladi (video)
Foto: «Daryo»
Aktyor va prodyuser Javlon Shodmonov «Daryo» internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi. Javlon Shodmonov ilk marta Mo‘min Oripovning o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokat tafsilotlari haqida gapirib berdi.

- "To‘g‘risini aytsam, bu narsani eslagim kelmaydi. Tojikistonga konsert qo‘ygani borganmiz. Kunduzi Dushanbeda, kechqurun Regar degan joyda konsert qo‘yganmiz.

Konsertdan chiqib, Surxondaryoga borganmiz. Xullas, yo‘lda charchab uxlab qolganmiz. Bizning maqsadimiz Termizga yetib olish bo‘lgan. Ikkita seans konsert qo‘yib, kechki o‘nlarda Termizga yo‘l olganmiz. Rosa charchaganmiz. Angor degan joyda uxlab qolganmiz, o‘sha yerda falokat bo‘lgan.

Hamma uxlab qolgan. O‘zi doim uzoq yo‘lga chiqsak, gaplashib ketardik. Men doim oldida ketardim. Taqdirda shu narsa yozilgan, afsuski, shunaqa bo‘lgan. Bu voqea 2009 yil 28 iyun sanasida yuz bergan.

Mening xavfsizlik kamarim taqilgan bo‘lgan, yelkam singan. Haliyam yelkamda temirim bor. Yelka suyagim sinib, o‘pkamni teshib yuborgan. Keyin umurtqamning pastki qismi singan, haligacha davolanib turaman, har 6 oyda muolaja olib turaman. Peshonamda «shram» ham bor.

Ko‘zimni ichi tikilgan, chunki halokatda yirtilib ketgan ekan. Xullas, o‘sha avtohalokatdan keyin 3 marta operatsiya qilinganman. Birinchi Termizda Toshkentdan shifokorlar chaqirib, o‘pkamni operatsiya qilishgan. Termizda 16-shahar shifoxonasining filiali bo‘lgan. Ruslan aka ismli mutaxassisni chaqirishgan, salomat bo‘lsinlar. Tanamni yormasdan, lazer operatsiya qilishgan. Keyin Toshkentga kelganmiz, Toshkentda Doctor D shifoxonasida yotganmiz. U yerda yelka suyagim operatsiya qilingan.

Chiqqandan keyin oyog‘im og‘rishni boshlagan, tekshirtirganimizda umurtqa bilan bog‘liq ekanligi, operatsiya qilish kerakligini tushuntirishgan. Operatsiya qilishgan, 6 oy yotganman. 6 oy o‘tirish mumkin bo‘lmagan. Hozir ham tig‘ teggan joylar havo bulut bo‘lgan paytlar og‘rib turadi.

O‘sha kunlarni eslashni xohlamayman. Dastlab Mo‘min olamdan o‘tganini bilmaganman. Menga aytishmagan. Surxondaryoda 10 kun yotganmiz. Yuragim joyidan siljigan, siqilish mumkin bo‘lmagan. Mo‘min qayerdaligini so‘raganimda Toshkentga olib ketishdi, komada, deyishgan. Telefonlarni olib qo‘yishgan. Orada uyiga ham telefon qilganman, adalari Mahmud akaga. «Mo‘min yaxshimi?» desam, «Ha yaxshi!», deb qo‘yishgan.

Toshkentga keldik, Mo‘minni so‘rayveraman. Xullas, Mo‘min vafot etganini Doctor D shifoxonasida voqeadan 20 kun o‘tib bilganman. Bu xabarni shifoxonadan chiqayotgan kunimiz Dilmurod aka aytganlar. Meni ko‘rgani kelganlarga ham Mo‘min vafot etgani haqida gapirmaslikni tayinlab, ogohlantirib turishgan ekan.

Mo‘min mening haqiqiy o‘rtog‘im edi, u bilan shou-biznesdan oldin ham do‘st edik. U bilan birga ishlardik, u rasm chizardi. Do‘konlarga plakat chizib, bir nimalar qilib yurardik. Ko‘zimga birdan yosh kelib ketdi
", - deydi aktyor, rejissyor, prodyuser Javlon Shodmonov.

Ma’lumot uchun, «Bojalar» guruhi a’zosi Mo‘min Oripov 2009 yilning 28 iyun kuni mudhish avtohalokat sabab vafot etgan. «Bojalar» guruhi a’zolari Jahongir Poziljonov hamda Mo‘min Oripov kuylagan «Jiyda gullaganda», «Boyvachcha», «Achchiq hayot», «Anhor bo‘yida», «Eslama meni» kabi qo‘shiqlari muxlislar orasida ommalashgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Javlon Shodmonov ilk marta Mo‘min Oripovning o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokat tafsilotlarini ochiqladi (video)