
Xalqaro kredit reyting agentligi Standard & Poor's (S&P) yaqinda e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonning suveren kredit reytingini «BB-» darajasida saqlab qoldi, biroq ilk bor reytingning istiqbolini «barqaror»dan «ijobiy»ga ko‘tardi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar va rivojlanish jarayonlari yo‘lga qo‘yilganini va xalqaro moliyaviy institutlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchining kuchayganini ko‘rsatadi.
Energetika sohasidagi muhim islohotlar va tariflarning oshirilishi hisobotda alohida qayd etilgan. 2023 yil oktyabr oyidan boshlab elektr va gaz tariflari bosqichma-bosqich oshirila boshlandi va 2027 yilgacha energiya narxlarini to‘liq xarajatlarni qoplash darajasiga olib chiqish ko‘zda tutilgan. Subsidiyalarning qisqarishi, qulay oltin narxlari hamda umumiy ichki mahsulotning (YAIM) nominal o‘sishi orqali, 2025-2028 yillarda davlat budjeti taqchilligi o‘rtacha 3 foizga tushishi kutilmoqda. Bu esa davlatning moliyaviy barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Biroq, O‘zbekistonning rivojlanish rejalarini amalga oshirish uchun katta hajmdagi tashqi qarzlarni jalb qilishi natijasida davlat qarzi miqdori oshishi ehtimoli bor. Davlat va davlat kafolati ostidagi qarzlar 2027 yilga kelib YAIMning 40 foizi atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Buning ortida yirik investitsiya loyihalari va davlat-xususiy sheriklikning tez sur’atda kengayishi turibdi.
S&P hisobotiga ko‘ra, 2025-2028 yillarda O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 5,6 foizni tashkil etadi. Bu o‘sishning asosiy sabablari sifatida iqtisodiy islohotlar, xorijiy investitsiyalar oqimining ko‘payishi va eksport salohiyatining oshirilishi keltirilmoqda. Mis, oltin, kumush va uran ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali eksport imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mamlakatning energetika sohasida diversifikatsiya qilish bo‘yicha katta rejalari mavjud. Jumladan, Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi 2030 yilga qadar O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarishga 7,5 mlrd dollarlik investitsiya kiritadi. Bugungi kunda O‘zbekiston energiya iste’molining 20 foizini yashil energiya manbalari hisobiga qoplamoqda, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkich 40 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Iqtisodiy o‘sishga qaramay, O‘zbekistonning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM hali ham jahon standartlariga ko‘ra pastligicha qolmoqda. 2025 yilga borib bu ko‘rsatkich 3300 dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, mamlakatda ijobiy demografik ko‘rsatkich mavjud bo‘lib, aholining 90 foizga yaqini mehnatga layoqatli yoshda. Ammo, ish o‘rinlari yaratish sur’ati aholi o‘sishiga nisbatan yetarli bo‘lmasligi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud.
Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat O‘zbekistonlik migrantlar uchun ham xavf yaratadi. Chunki doimiy va mavsumiy migrantlarning aksariyati Rossiyada ishlaydi va ushbu davlat iqtisodiyotidagi har qanday qiyinchiliklar O‘zbekiston aholisining daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor.
Davlat budjeti daromadlari asosan oltin va mis kabi qimmatbaho xom ashyo eksporti hisobiga shakllanadi. 2025 yilda oltin narxlarining yuqori bo‘lishi budjet daromadlarini ko‘paytirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, energiya va gaz tariflarining oshirilishi orqali 2025 yilda YAIMning 0,5 foizigacha budjetni tejash imkoni paydo bo‘ladi.
Markaziy bankning zaxiralari 2028 yilgacha pasayishi kutilyapti, bu esa asosan oltin narxlarining kutilayotgan pasayishi bilan bog‘liq. Biroq, zaxiralar 2025-2028 yillarda joriy hisob to‘lovlarini taxminan yetti oylik muddatgacha qoplash uchun yetarli bo‘ladi.
Inflyatsiya ham bosqichma-bosqich pasayib boradi. 2025 yilda o‘rtacha inflyatsiya darajasi 10,1 foizni, 2028 yilga borib esa 8,6 foizni tashkil etadi.
Bank tizimida davlat banklari hali ham asosiy o‘rinni egallaydi. Hukumat banklarni xususiylashtirish bo‘yicha ishlar olib bormoqda, lekin bu jarayon birmuncha vaqt talab etadi.
Shunday qilib, S&Pning ijobiy kutilmalari O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim imkoniyatlarning boshlanishiga ishora qiladi va mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada mustahkamlaydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar