
Yaqin yillarda Toshkent va Samarqand shaharlari orasidagi qatnov vaqti 1,5 soatga qisqarishi mumkin. Tashqi tomondan ko‘rganimizda oddiy temir yo‘l loyihasi kabi tuyulgan bu reja ortida — katta infratuzilmaviy o‘zgarishlar yotadi. “Spot” nashrining Transport vazirligi taqdimotiga tayangan holda xabar berishicha, yangi tezyurar temir yo‘l yo‘nalishi uchun bir nechta variantlar ishlab chiqilgan.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Chorievning aytishicha, loyiha texnik-iqtisodiy asoslari Koreya Eksimbanki granti asosida tayyorlangan. 2025 yil boshidan boshlab, Hyundai Rotem kompaniyasining 6 ta yangi poyezdi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshlaydi.
Yangi tezyurar yo‘l Toshkentdagi yangi xalqaro aeroportdan boshlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Samarqandga yetib boradi. Bu bilan yuk va yo‘lovchi tashishni ajratish, tranzitni yengillashtirish ko‘zda tutilmoqda. Mavjud temir yo‘llarda bunday imkoniyat yo‘qligi sababli, yangi alohida yo‘l zarur ekani ta’kidlandi.
3 ta muqobil variant ishlab chiqilgan:
1-variant: 282 km, 1 soat 26 daqiqa, o‘rtacha tezlik – 185,7 km/soat
2-variant: 291,7 km, 1 soat 33 daqiqa, 179,4 km/soat tezlik
3-variant: 302 km, 1 soat 45 daqiqa, 166,9 km/soat tezlik
Har bir variantda o‘nlab ko‘prik va tunellar qurilishi rejalashtirilgan. Hozirda bu loyihani moliyalashtirish bo‘yicha Xitoy Eksimbanki va Yevropa Investitsiya banki ham qiziqish bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.