
Gidrometeorologiya xizmati Toshkent viloyati aholisini ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, 5–7-noyabr kunlari havo haroratining keskin o‘zgarishi natijasida viloyatning tog‘li hududlarida — Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlarida, xususan, Chotqol tizmasida qor ko‘chish xavfi yuzaga kelgan.
Fuqarolar, dam oluvchilar va tog‘li yo‘llarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rish, xavfli hududlarga yaqinlashmaslik tavsiya etilmoqda. Ayniqsa, tog‘ yo‘llari va dam olish maskanlari atrofida harakatlanishda alohida ehtiyotkorlik zarurligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarning qayd etishicha, qor ko‘chish xavfi asosan ertalab va kechki soatlarda xavfli bo‘ladi, chunki haroratning tez o‘zgarishi qor qatlamlarining beqarorligiga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 4-noyabrdan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab havo keskin sovidi. Ayniqsa, tog‘li hududlarda qor yog‘ishi va shamol kuchayishi kuzatildi. Gidrometeorologiya xizmati so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ob-havo shunday noustuvor holda bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirgan.
Mutaxassislar fuqarolarni havo sharoiti haqidagi rasmiy ma’lumotlarni muntazam kuzatib borishga chaqiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!