Vincent Kompany PSJga qarshi o‘yin oldidan tarkibdagi o‘zgarishni tushuntirdi

Chempionlar ligasi yarim final javob uchrashuvi doirasida Bavariya Pari Sen-Jermen jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bosh murabbiy Vincent Kompany dastlabki o‘yindagi 4:5 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng tarkibda yagona o‘zgarishni amalga oshirdi: Alphonso Davies o‘rniga Konrad Laimer chap qanot himoyasida harakat qiladigan bo‘ldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Alphonso Daviesning zaxirada qolishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi, ayniqsa, Josip Stanisic birinchi o‘yinda himoyada bir qator xatolarga yo‘l qo‘yganiga qaramay, asosiy tarkibdagi o‘rnini saqlab qoldi. Vincent Kompany bu qarorini Konrad Laimer va Josip Stanisicning mavsum davomidagi barqaror o‘yini hamda parijliklarga qarshi tajribasi bilan izohladi.
"Phonzy bugungi o‘yinda albatta maydonga tushadi", — dedi Kompany. Murabbiy o‘z shogirdlariga to‘liq ishonch bildirib, ular raqib uslubini yaxshi bilishini ta’kidladi. Bavariya hujum chizig‘ida Michael Olise, Harry Kane va Luis Díaz triosi 30-may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan final yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Zaxira o‘rindig‘ida Raphael Guerreiro kabi futbolchilarning safga qaytishi Kompanyga taktik imkoniyatlarni kengaytiradi. Serge Gnabry esa jarohati sababli ushbu muhim bahsni o‘tkazib yuboradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!