Real Madrid mashg‘ulotlarida janjal: Valverde va Tchouameni o‘rtasida nizo

Real Madrid jamoasida vaziyat keskinlashmoqda. Mashg‘ulotlar jarayonida yarim himoyachilar Federico Valverde va Aurelien Tchouameni o‘rtasida jiddiy to‘qnashuv yuz berdi. Oddiy mashq vaqtida boshlangan bahs tez orada jismoniy qarama-qarshilikka aylanib ketdi va jamoadoshlar ularni zo‘rg‘a ajratib olishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
MARCA nashrining xabar berishicha, ushbu voqea Valdebebas qarorgohida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Futbolchilar o‘rtasidagi kelishmovchilik kiyim almashtirish xonasida ham davom etgan. Bu holat jamoa ichidagi muhit naqadar og‘ir ekanligini va futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashganini ko‘rsatadi.
Ayni damda Real Madrid Ispaniya chempionatida Barselona jamoasidan 11 ochko ortda qolmoqda. Mavsum yakuniga yaqinlashgan bir paytda, jamoa ichidagi bunday nizolar murabbiylar shtabi uchun jiddiy bosh og‘rig‘iga aylanmoqda. Antonio Rüdiger bilan bog‘liq avvalgi voqealar ham jamoada tartib yo‘qligidan dalolat beradi.
Oldinda turgan El-Klasiko o‘yini oldidan yuz bergan bu holat muxlislarni xavotirga solmoqda. Agar jamoa o‘zaro kelishmovchiliklarni bartaraf eta olmasa, Barselona aynan shu o‘yinda chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin. Murabbiylar shtabi futbolchilarni birlashtirish va mavsum oxirini munosib o‘tkazish uchun qiyin vazifaga duch kelgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!