
2026 yil Toshkent shahrida "Tezlashtirilgan rivojlanish va aholi daromadlarini oshirish yili" deb e’lon qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, kelasi yilda shaharni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli dastur amalga oshiriladi.
Shahar iqtisodiyotiga 9 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi, ikki yil davomida esa bu ko‘rsatkich 20 milliard dollarga yetishi rejalashtirilmoqda. Sergeli, Yangi Hayot va Bektemir tumanlarida yangi sanoat va logistika loyihalari amalga oshiriladi.
Sergeli tumanida qiymati 70 million dollarga teng agro-logistika majmuasi qurilmoqda. Yangi Hayot va Bektemirda esa to‘qimachilik, avtomobilsozlik va boshqa sohalarda 3 milliard dollarlik loyihalar ishga tushiriladi.
Shahar boshqa tumanlarida esa investitsiyalar xizmat ko‘rsatish, turizm, kreativ iqtisodiyot, dizayn, IT, startaplar, fintex (moliyaviy texnologiyalar), tibbiyot va ta’lim sohalariga yo‘naltiriladi. 2025 yilda Toshkentda 26 ta ko‘cha 24 soat xizmat ko‘rsatishga o‘tkazilib, 5 ming kishining daromad topishiga imkoniyat yaratildi.
2026 yilda yana 18 ta shunday ko‘cha tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Ta’lim sifatini oshirish dasturi kengaytiriladi.
2026 yilga kelib, 7-11 sinf o‘quvchilari IT, tibbiyot, biznes va muhandislik fanlarini o‘rganadigan maktablar soni 24 taga, 2027 yilda esa 33 taga yetkaziladi. O‘qituvchilarga esa o‘quvchilar muvaffaqiyatiga qarab oyiga 20 million so‘mgacha maosh to‘lanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.