17:02 / 22.02.2017
7 713

O‘zstandart: Non mahsulotlari sifat talablariga javob bermaydi

O‘zstandart: Non mahsulotlari sifat talablariga javob bermaydi

O‘tgan yilning oxirgi choragida “O‘zstandart” agentligining topshirig‘iga binoan oziq-ovqatlarning sifatini baholash uchun savdo rastalaridan 34 xil kundalik ishlatiladigan oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilinib, sinov laboratoriyasiga keltirildi. Keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining 13 xili me’yoriy hujjat talablariga nomuvofiq deb topildi. Bu haqda agentlik Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi mutaxassisi Hilola Toshpo‘latovaga asoslanib Uz24.uz ma’lum qildi:

— Tvorog, qaymoq, kefir, osh tuzi, margarin, kolbasa mahsulotlari sifat talablariga nomuvofiq deb topildi. Tvorogni olib qaraydigan bo‘lsak, laboratoriya sifat tekshiruvi o‘takzilganda bu mahsulotdagi yog‘ning massaviy ulushi yorlig‘ida ko‘rsatilgan me’yordan kam chiqdi. Bu mahsulotning tashqi ko‘rinishi, ya’ni organoleptik ko‘rsatkichlari ham me’yorga nomuvofiq deb topildi. Masalan, yog‘ining ko‘pligiga qarab oqroq, qaymoqrangga mosroq bo‘lishi kerak, tekshiruvga olib kelingan bu turdagi mahsulotlarning rangi esa pushtiroq, hidli, mazasi nordonroq bo‘lib chiqdi. Bunday holatlar asosan mahsulotni ishlab chiqarish jarayonidagi texlogiya talablarini buzilganida, rastada saqlanishida talabga rioya qilinmaganida kuzatiladi. Agar bunday mahsulotlar tekshirilganda yog‘ kamligi aniqlansa, bu ishlab chiqaruvchining aybi hisoblanadi, iste’molga yaroqsizligiga, ya’ni organoleptik ko‘rsatkichlarning o‘zgarishiga esa ishlab chiqarishdan tortib rastaga etib kelingan holatlarda talablarning va savdoga qo‘yilgan muhitlar buzilishi ham sabab bo‘ladi.

Nomuvofiq deb topilgan oziq-ovqat mahsulotlari orasida kundalik iste’mol qiladigan osh tuzimiz, margarin, kolbasa mahsulotlari ham bor. Hammaga ma’lumki, yurtimizda ishlab chiqarilib, iste’molchiga taklif etilayotgan osh tuzlari yodlangan holda bo‘lishi kerak. Ammo tekshiruvdan o‘tkazilgan osh tuzlarida bu me’yor buzilgan, ya’ni yod miqdori kam chiqdi. Vaholanki, aholi salomatligi, uning organizmidagi yod tanqisligiga barham berish uchun hukumat tomonidan tuzlarning yod bilan ishlab chiqarilishi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Tekshiruvdan o‘tkazilgan oliy navli kolbasaning tarkibidagi kraxmal miqdori me’yoriy hujjatda ko‘rsatilganidan ko‘p chiqdi. Kefirdagi yog‘ miqdori ham yorliqdagi talabga muvofiq chiqmadi. Yorliqda agar yog‘lilik ko‘rsatkichi 2 foizli deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, tarkib shunga mos bo‘lishi kerak, ammo tekshiruvda buning aksiga guvoh bo‘ldik. Bunday holatni iste’molchini aldash deya baholash mumkin, chunki u kefirning yog‘lilik miqdori 5 foiz deb yozilgan yorliqqa ishonib, qimmat pul to‘laydi-da, arzon narxdagi 2 foizlisini yoki undan ham miqdordagisini xarid qiladi. Bu tekshiruv natijalarining achinarlisi shundaki, sifati talabga javob bermaydigan aksariyat mahsulotlarning asosiy iste’molchilari bolalardir. Masalan, yogurt, kefir, sut kabi...

Nimalarga e’tibor berish kerak?

— Birinchi tavsiya oziq-ovqat mahsulotlarini avvalo ko‘cha-ko‘yda sotilayotganda emas, ruxsat etilgan va lisenziyasi bor savdo shoxobchalaridan xarid qilish kerak. Masalan, tez ayniydigan, jumladan kolbasa mahsulotlarini xarid qilayotganda savdodagi muhit, ya’ni saqlash sharoiti, muzlatkichlar mavjudligi, haroratning me’yordaligi, rastalarning tozaligi talabga javob berayotganini kuzatish kerak. Agar mahsulot organoleptik, ya’ni tashqi ko‘rinishi bilan shubha uyg‘otsa, muvofiqlik sertifikati, sanitar talablar qayd etilgan hujjatlarni sotuvchidan so‘rash kerak. Tanovvul qilmasdan turib sifati sizda shubha uyg‘otgan mahsulotning yorliqdagi qaydlarini ham ko‘zdan kechiring. Unda savdoga ruxsat etuvchi barcha ma’lumotlar, ya’ni mahsulotning to‘liq nomi, ishlab chiqaruvchi va uning manzili, ishlab chiqarilgan me’yoriy hujjat talablaridan tortib saqlash uchun qo‘yilgan talablar ham yoziladi. Mahsulotni savdoga qo‘yish uchun talablar do‘konda mavjudligiga aniqlik kiritish lozim. Tarkibdagi nomuvofiqlik bo‘yicha shubhangiz haqiqatga yaqin kelsa, eng avvalo yorliqda ko‘rsatilgan ishlab chiqaruvchi bilan bog‘laning va izoh so‘rang.

Talablarni buzganlik uchun javobgarlik qanday?

— Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda talablar buzilsa, avvalo ishlab chiqaruvchiga nisbatan ogohlantirish e’lon qilinadi. Ogohlantirishdan so‘ng takrorlangan me’yorlar buzilishi uchun ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanadi. Uchinchi bor nomuvofiqlik kuzatilsa, ishlab chiqarish uchun berilgan muvofiqlik sertifikati bekor qilinadi. Bundan tashqari rahbariyat talabi bilan mas’uliyatsizlik bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar agentlik saytida to‘liq manbalari bilan e’lon qilinadi. Bunday chora-tadbirlar albatta iste’molchilar tomonidan o‘sha sifatsiz mahsulotga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishi va xaridni cheklashga asos bo‘lishi shubhasiz, shu bilan birga ishlab chiqaruvchilarning ham tartibli faoliyat yuritishini ta’minlash uchun foydali bo‘lishi sir emas.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri sinov va sertifikatlashtirish markazi Kimyo biologiya laboratoriyasida kundalik iste’mol qilinadigan “buxanka” nonining bir donasi misolida sifati tekshirilgan. Tekshiruvga olib kelingan non 2-sort undan tayyorlangan nonning namligi me’yordan yuqori, g‘ovaklik darajasi ham talabga muvofiq emasligi aniqlangan.

Talablari qanday bo‘lishi kerak?

— Namlik 45 foizdan oshmaslik kerak, bu mahsulotniki esa 48,5 foiz chiqdi. G‘ovakligi ham 65 foizdan kam bo‘lmasligi kerak, bu mahsulotniki 66 foiz chiqdi. Bu juda yomon emas-u, ammo to‘la sifatli deb ham bo‘lmaydi. Non mahsuloti tarkibida yot moddalar, minerallar bo‘lmasligi kerak. Ishlab chiqarilganidan keyin 16 soatdan ko‘p saqlanganda sifati buziladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zstandart: Non mahsulotlari sifat talablariga javob bermaydi