
AQSHning Men shtatidagi eng yirik tibbiy muassasalardan biri — MaineHealth 531 nafar bemorga ularning “vafot etgani” haqida noto‘g‘ri xabarnoma yubordi. Xatlarda yaqinlariga mulkiy ishlar va meros masalalarini hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar ham berilgan, deb yozadi The Guardian.
Oradan ko‘p o‘tmay, MaineHealth vakillari voqea sababini izohlab, bunday xatolik “meros ishlari bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantiradigan” IT-tizimdagi texnik nosozlik tufayli sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Ular jabrlanganlardan chin dildan uzr so‘rab, xatolik bartaraf etilganini ma’lum qildilar.
Kompaniya bayonotida qayd etilishicha, barcha tibbiy ma’lumotlar bazasida bemorlarning tirik ekanligi haqidagi yozuvlar saqlanib qolgan.
Shu bilan birga, bunday xatdan hayratda qolganlar ham bo‘ldi. Anonim qolishni istagan bir ayol CBS13 telekanaliga bergan intervyusida shunday dedi:
— Tekshiruvdan o‘tgan shifoxonadan hamdardlik xati oldim. Rostini aytsam, qattiq hayajonlandim. Shundan keyin shifoxonaga qo‘ng‘iroq qildim va xodim: “Hali ham sog‘-salomat ekanligingizni eshitib xursandman,” dedi. Men esa: “Ha, men ham,” dedim.
Bemor, shuningdek, bunday xato uning tibbiy ma’lumotlariga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotir bildirdi:
— Men hatto bu ma’lumotni qayerdan olganlarini ham bilmayman, — dedi u.
Shunday qilib, bir necha daqiqaga “rasman vafot etganlar” ro‘yxatiga tushib qolgan yuzlab bemorlar voqea ortidan haqiqiy shok holatini boshidan kechirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!