O‘zbekistonda soliq tushumlari keskin oshdi: rekord ko‘rsatkichlar

O‘zbekistonda 2026 yil boshidan buyon asosiy soliq turlari bo‘yicha tushumlar sezilarli darajada ortdi. Bu haqda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, umumiy soliq tushumlari 63,6 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga o‘sgan. Eng katta ulush foyda solig‘iga to‘g‘ri kelib, u 20,4 trillion so‘mga yetgan va bir yil ichida 43 foizga oshgan.
Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tushumlari 12,5 trillion so‘mni tashkil etib, 27 foizga ko‘paygan. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i esa 10,7 trillion so‘mga yetib, 15 foiz o‘sish qayd etgan.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 6 trillion so‘mni tashkil etib, 17 foizga oshgan. Aksiz solig‘i 4,6 trillion so‘m (+1%), soliqsiz tushumlar esa 3,3 trillion so‘m (+1%) bo‘lgan.
Yer solig‘i bo‘yicha tushumlar 2,8 trillion so‘mni tashkil etib, 34 foizga oshgani qayd etildi. Mol-mulk solig‘i 2,3 trillion so‘m (+11%), aylanmadan olinadigan soliq esa 0,6 trillion so‘m (+12%) bo‘ldi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari esa 0,4 trillion so‘mga yetib, eng yuqori o‘sish — 82 foizni ko‘rsatgan.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, ushbu statistik ko‘rsatkichlarda oltin va boshqa qimmatbaho qazilmalar narxining jahon bozorida oshishi bilan bog‘liq daromadlar hisobga olinmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!