12:31 / 07.11.2017
16 455

Suratlarda qolgan Toshkent. Saqlanib qolmagan qiziqarli inshootlar (fotojamlanma)

«Kommersant.uz» Toshkentdagi e’tiborga loyiq bo‘lgan, lekin buzib yuborilgan o‘nta inshootdan iborat tarixiy fotojamlanmani taqdim etdi. Poytaxtning tarixiy qiyofasi haqida «Qadimiy Toshkent» arxiv fotosuratlari loyihasi bilan hamkorlikda hikoya qilindi, deb yozadi Daryo nashri.

1. Fabrika-oshxona
Suratlarda qolgan Toshkent. Saqlanib qolmagan qiziqarli inshootlar (fotojamlanma)
Semyon Fridlyand surati, 1934 yil

Fabrika-oshxona 1934 yilda qurilgan. Keyinroq u Lenin nomidagi radiolampa zavodi («Foton») korpuslaridan biriga aylandi. 2013 yilda buzib tashlangan. Uning o‘rnida hozir «O‘zavtosanoat» bosh ofisi joylashgan.

Fabrika-oshxona – inqilob davri konstruktiv me’morchiligining yorqin namunasi bo‘lib, yosh sovet davlati uslubiyati va mafkurasini o‘zida yaqqol namoyish etardi. Panoramali derazalar, keng, aniq shakl va amaliy, optimal hisoblangan rejalashtirish minimum vaqt ichida maksimal darajada ko‘p ishchilarga xizmat ko‘rsatish imkonini bergan. Fabrika-oshxonalar 1920 yillarda butun mamlakat bo‘ylab qurilgan – kommunizm quruvchilari nazarida, insonlar qimmatli vaqtlari va kuchlarini uyda taom tayyorlashga ishlatmasliklari kerak edi (bu g‘oya yashash joyiga ham ta’sir ko‘rsatgan – aynan shu sababli sovet davri uylarida oshxonalarga shunchalik kam joy ajratilgan). Hayot bu g‘oya safsata ekanligini ko‘rsatdi, lekin binoning o‘zi tariximizdan o‘rin egalladi.

Foto: Domian Barma, 2009 yil

2. «Vatan» kinoteatri

«Vatan» kinoteatri kiraverishidagi qizlar. Maks Penson surati. 1959 yilda «Vatan» kinoteatri, «Zodchestvo Uzbekistana» kitobidan olingan surat.

1937–1940 yillarda qurilgan «Vatan» kinoteatri (o‘sha paytlarda u «Rodina» deb ham yuritilardi) – Stalin davri me’morchiligining ajoyib namunasi. Oynavand fasadli keng ko‘lamli monumental bino o‘zbek yog‘och o‘ymakorligi naqshlarini esga soluvchi ustunlar bilan bezatilgan. Afsuski, 1966 yilgi zilzilada kinoteatr binosi kuchli zarar yetdi. Uni buzib tashlab, o‘rnida Hamza nomidagi teatr (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri) qurishga qaror qilindi.

3. O‘qituvchilar seminariyasi

Foto: Stanislav Magay, 2009 yil

Eng so‘nggi va shu sababli, eng achinarli yo‘qotish – Toshkent o‘qituvchilar seminariyasi qoshidagi chasovnya – kichik cherkov binosi bo‘ldi. Seminariya 1887 yilda Konstantin xiyoboni (hozirgi Amir Temur xiyoboni) yonida barpo etilgan. 1917 yil inqilobidan keyin seminariya O‘lka o‘zbek erkaklar maorif institutiga o‘zgartirildi. Keyinroq bino buzib tashlandi.

1930 yillarda cherkov yopildi, gumbazlari buzildi, biroq binoning o‘zidan turli maqsadlarda ishlatishda davom etildi. 1990 yillarda u yerda bank ofisi joylashdi. 2009 yil 18–21 noyabrda cherkov binosi butkul buzildi.

4. Jome masjidi

Bosh jome masjidi 1451 yilda Shayx Ubaydulloh Xo‘ja Ahror valiy mablag‘lari evaziga bunyod etilgan. Masjid 1868 yildagi zilzilada vayron bo‘lgan, 1882 yilda qayta tiklangan binosi 1966 yilgi zilzilada kuchli zarar ko‘radi va 1997 yilda butunlay buzib tashlanadi. 2003 yilda barpo etilgan yangi jome masjid avvalgisidan mutlaqo o‘zgacha ko‘rinishga ega.

Maj’am madrasasi

Eski shahar va masjid

5. Hammom

Toshkentdagi milliy hammom 1974 yilda qurilgan Chorsu hammomi – bu sovet me’morlarining zamonaviy me’morchilik va muhandislik yechimlarini o‘zbek tasviriy an’analari va mahalliy hayot turzi bilan uyg‘unlashtirishga urinishlaridan biridir. Mohiyatan an’anaviy sharqona hammom tashqi ko‘rinishidan Bobil zikkuratlarini yodga solardi, lekin ko‘plab noyob zamonaviy yechimlar asosida qurilgandi. 2000 yillarda hammom o‘z o‘rnini yangicha hayotga bo‘shatib berdi – uning o‘rniga ko‘p qavatli avtoqo‘nalg‘a qurildi.

Tashqi ko‘rinish

Hammom. Tarx

6. Spaso-Preobrajensk sobori

Toshkentdagi Spaso-Preobrajensk sobori, shimoli-g‘arbdan ko‘rinishi, 1908 yil.

Toshkentda inqilobdan oldingi davrda qurilgan pravoslav cherkovlaridan bizning kunlarimizgacha faqat bittasi – Botkin qabristonidagi Aleksandr Nevskiy cherkovi saqlanib qolgan. 1920–30 yillardagi qatag‘on darvida Sergiyev cherkovi, Blagoveshensk ibodatxonasi buzib tashlandi. Toshkentdagi birinchi Iosif-Georgiyev cherkovi qoldiqlari 1990 yilda olib tashlandi.

Toshkentdagi Rus sobori. Foto: Uilyam Zaxtleben. 1891 yil 22 noyabr

7. Suv minorasi

Suv minorasi. Foto: Stanislav Magay. 2015 yil

XX asr boshlarida temir yo‘l ehtiyojlari uchun me’mor G.M.Svarichevskiy tomonidan qurilgan minora ko‘p yillardan buyon ishlatilmay kelinardi va, aftidan, aynan shu sababli shahar rahbariyati 2017 yil sentyabrida uni buzib tashlashga qaror qildi. Holbuki, minoraning jozibali metall konstruksiyasi shahar landshaftining bezagi sifatida saqlab qolishga arzirdi.

Salor daryosi manzarasi. Orqada – suv minorasi. Otkritka.

8. Xotin masjidi

1911 yil. Xotin masjidi. Eski shahar, Toshkent

Xotin masjidi. Shayxontohur majmuasi ichidagi, Langar hovuzi bo‘yidagi qizil choyxona.

Xotin masjidi ichki ko‘rinishi

Ixcham, serbezak Xotin masjidi 1754 yilda qurilgan bo‘lib, 1932 yilda Eski shahardan Shayxontohur majmuasi hududiga ko‘chirib o‘tkazilgan. 1967 yilda kutubxona sifatida ishlatilayotgan masjid buzib tashlandi.

9. Sovnarkom

1931 yil, O‘zSSR Sovnarkom binosi. Foto: Semyon Fridlyand

Sovnarkomning jiddiy, sodda, zohidona ulug‘vor binosi 1931 yilda barpo etilgan. Bino fasadi, postamentlari va tribunasi bilan mavzoleyni yodga soluvchi Lenin haykali va uning qarshisidagi keng maydon – bular bari Moskvadagi Qizil maydonning Toshkentdagi analogi bo‘ldi. Qolaversa, u ham shunday nomlanar va shaharda o‘tadigan barcha namoyishlarni qabul qilardi. 1948 yilda bu yerda Hukumat uyi qurildi. 2003 yilda Senat qad rostladi.

Kinooperator – ish ustida. Qizil maydon, Toshkent, 1950-55 yillar. Foto: Maks Penson

10. Oloy bozori

2015 yil. Oloy bozori. Foto: Stanislav Magay

Oloy bozori bir necha asrlardan buyon mavjud, lekin mashhur qiya ustunli ochiq, keng pavilonlar faqat 1970 yillarda paydo bo‘ldi. 2016 yilda pavilonlarni butunlay buzib tashlashdi. Afsus – zamonaviy temir-beton konstruksiya ostida joylashgan sharqona bozor shaharning eng fotojozibali va yodda qolarli maskanlaridan edi.

1970 yillar. Oloy bozori. Noma’lum muallif

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Suratlarda qolgan Toshkent. Saqlanib qolmagan qiziqarli inshootlar (fotojamlanma)