Javohir Sindorov tarix yaratdi, Prezident uni sharafladi...

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston shaxmati uchun tarixiy natija qayd etgan grossmeyster Javohir Sindorovni tantanali sharaflash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda mamlakat rahbari sportchiga yuksak eʼtirof va davlat mukofotini shaxsan topshirdi.
Sindorov Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan tashkil etilgan Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib, O‘zbekiston shaxmat tarixida ilk bor bunday natijani qayd etdi. U musobaqa davomida dunyodagi eng kuchli grossmeysterlarga qarshi yuksak mahorat, sabr va iroda bilan kurash olib bordi.
Eng eʼtiborli jihati, shaxmatchi 14 partiya davomida birorta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, 10 ochko to‘pladi va rekord natija qayd etdi. Bu yutuq xalqaro shaxmat jamoatchiligi tomonidan ham noyob hodisa sifatida baholanmoqda.
Prezident marosimda so‘zga chiqib, bu g‘alaba nafaqat Sindorovning shaxsiy yutug‘i, balki butun Yangi O‘zbekistonning g‘alabasi ekanini taʼkidladi. U sportchining muvaffaqiyati zamirida uzoq yillik mehnat, ustozlar maktabi, ota-ona duosi va temir intizom turganini alohida qayd etdi.
Davlat rahbari shuningdek, O‘zbekistonda shaxmatga berilayotgan eʼtibor natijasida dunyo reytingida kuchli beshlikka kirgan ikki nafar o‘zbek grossmeysteri borligini faxr bilan tilga oldi. Bu holat milliy shaxmat maktabining salohiyati tobora oshib borayotganidan dalolat ekani aytildi.
Marosimda Sindorovning kelgusi maqsadlari ham muhokama qilindi. Uning jahon shaxmat toji uchun kurashda munosib ishtirok etishiga va 2026 yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shaxmat olimpiadasida mamlakat shaʼnini munosib himoya qilishiga ishonch bildirildi.
Tadbir yakunida Javohir Sindorovga davlatning oliy mukofotlaridan biri — «Mehnat shuhrati ordeni» tantanali ravishda topshirildi. U o‘z navbatida Prezidentga va xalqqa bildirilgan ishonch uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!