date

1 maydan “tonirovka” arzonlaydimi? Rasmiy javob maʼlum boʻldi

1 maydan “tonirovka” arzonlaydimi? Rasmiy javob maʼlum boʻldi

Oʻzbekistonda 1 maydan boshlab yoz fasli uchun toʻrt oy muddatga “tonirovka”ga ruxsatnoma olish 412 000 soʻm etib belgilanishi haqida savollar ortib borgach, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati vakili bu masalaga oydinlik kiritdi.

Uning taʼkidlashicha, tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyulda qabul qilingan 547-sonli qarori bilan belgilab berilgan. Yaʼni mazkur qarorga koʻra, hozirgi vaqtda BHMning sakkiz barobari — 3 296 000 soʻm toʻlov evaziga transport vositasi oyna tusini oʻzgartirish uchun ruxsatnoma berish amaliyoti joriy etilgan.

“Ushbu tartib hozircha oʻzgarishsiz qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda yoz mavsumi uchun 412 000 soʻm ‘tonirovka’ ruxsatnomasi joriy etildi, degan mazmundagi xabarlar norasmiy va asossiz, yaʼni yolgʻon maʼlumot hisoblanadi”, deya izoh berdi YHXX vakili.

Shuningdek, qayd etilishicha, “tonirovka”, yaʼni transport vositalari oyna tusini oʻzgartirish boʻyicha ruxsatnoma tartibiga oid qonunchilikka qandaydir oʻzgartirish yoki yangiliklar kiritiladigan boʻlsa, albatta, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining rasmiy manbalari orqali bu haqda batafsil va toʻliq maʼlumot taqdim etiladi.

Shu sabab, barcha fuqarolardan norasmiy va tasdiqlanmagan axborotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik soʻralmoqda.

Eslatib oʻtish joiz, Oʻzbekistonda “tonirovka” uchun yoz faslida arzonlashtirilgan narx joriy qilinishi mumkinligi 2025 yil avgust oyida maʼlum qilingan edi. Qonun loyihasiga koʻra, yengil avtomobillar toifasiga kiruvchi avtotransport vositalarining orqa va old yon oynalarini qoraytirish uchun har yili 1 maydan 31 avgustgacha amal qiladigan ruxsatnomalarni joriy etish rejalashtirilgan.

“Tonirovka” haqida qisqacha

Hozirgi kunda avtomobillarning orqa yon oynalari va orqa oynasini qoraytirish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi va bu jarayon bepul amalga oshiriladi. Biroq old eshiklar oynalarini qoraytirish uchun albatta ruxsatnoma olish zarur. Ushbu ruxsatnoma yillik tartibda beriladi.

Shu bilan birga, avtomobil orqa oynasining tusini, shuningdek avtotransport vositasi old oynasining yuqori qismida 14 santimetrdan oshmagan “polosa” shaklida yorugʻlik oʻtkazuvchanligini cheklamasdan oʻzgartirish (qoraytirish) ruxsatnomasiz, belgilangan davlat standartlari asosida amalga oshirilishi mumkin.

Old eshiklar oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma narxi BHMning 8 baravari — 3 million 296 ming soʻmni tashkil qiladi. “Tonirovka” uchun ruxsatnomani onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirish mumkin. Onlayn murojaat qilinganda haydovchilarga 10 foiz miqdorida chegirma taqdim etiladi.

Ruxsatnomasiz “tonirovka” qilish esa qonunchilikka zid hisoblanadi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 126-1-moddasiga muvofiq, bunday holat uchun jarima BHMning 25 baravari — 10 million 300 ming soʻmni tashkil etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » 1 maydan “tonirovka” arzonlaydimi? Rasmiy javob maʼlum boʻldi