Ertaga ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

O‘zgidromet mutaxassislarining prognozlariga ko‘ra, ertaga, 22 aprel kuni mamlakatimizning bir qator viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo‘lib, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol o‘z o‘rnini g‘arbiy shamolga bo‘shatib, soniyasiga 3-8 metr tezlikda esadi, ba’zida esa 12-14 metrgacha kuchayishi mumkin. Tunda harorat 17-19 daraja atrofida bo‘lsa, kunduzi quyosh havoni 24-26 darajagacha isitadi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazm vohasida havo o‘zgaruvchan qiyofa kasb etadi. Ayrim joylarda tez o‘tuvchi yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq chaqnashi mumkin. G‘arbdan esayotgan shamolning tezligi soniyasiga 13-18 metrgacha ko‘tarilishi va ba’zi hududlarda chang-to‘zonlarni ko‘tarishi mumkin. Harorat kechasi 10-15 daraja iliq, kunduzi esa 18-23 darajani tashkil etadi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham ob-havo beqaror bo‘lib, ba’zi nuqtalarda yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayib, changli bo‘ronlar kuzatilishidan ogohlantirilmoqda. Kechasi harorat 13-18 daraja, kunduzi esa 20-25 daraja iliq bo‘ladi.
Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida esa havo bulutli bo‘lib, momaqaldiroq bilan birga yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Sharqiy shamol yo‘nalishini g‘arbga o‘zgartirib, kuchli esadi. Chang-to‘zonlar kuzatilishi ehtimoli mavjud. Harorat kechasi 15-20 daraja, kunduzi esa 22-27 daraja iliq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Qashqadaryo va Surxondaryoning issiq iqlimida ham ertaga namlik ortadi. Viloyatlarning ayrim joylarida yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol tezligi soniyasiga 18 metrgacha kuchayishi ehtimoli bor. Kechasi 17-22 daraja, kunduzi esa haqiqiy bahor issig‘i — 24-29 daraja bo‘ladi.
Vodiy viloyatlarida (Andijon, Namangan, Farg‘ona) kun davomida havo yaxshi bo‘ladi, faqat kechga yaqin ba’zi joylarda yomg‘ir tomchilashi mumkin. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat tunda 13-18, kunduzi 22-27 daraja iliq bo‘ladi.
Tog‘li hududlarda esa ehtiyotkorlik talab etiladi.
Tog‘oldi va tog‘li tumanlarda yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Eng muhimi, 21-23 aprel kunlari kuchli yog‘ingarchilik sababli sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi xavfi bor. Shamol tezligi tog‘larda soniyasiga 15-20 metrgacha yetishi mumkin. Harorat tunda 7-12 daraja iliq, kunduzi 13-18 darajani tashkil etadi.