14:40 / 25.01.2018
6 024

O‘zbekistonga propiska bo‘yicha cheklovlarning bekor qilinishi nima beradi?

O‘zbekistonga propiska bo‘yicha cheklovlarning bekor qilinishi nima beradi?
O‘zbekistonda 2018 yilning 1 aprelidan vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga taqiq bekor qilinadi. Bunday qaror prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 22 yanvardagi farmoni bilan nazarda tutilgan.

An’anaviy madaniyatlar markazining Markaziy va O‘rta Osiyo geoiqtisodiyoti va geosiyosati bo‘yicha direktori o‘rinbosari Baxtiyor Ergashev Repost.uz’ga bergan intervyusida bunday qaror bilan jamiyatdagi qanday muammolarning oldi olinishi, nazariy jihatdan qanday yangi mushkulliklar yuzaga kelishi haqida gapirib berdi.

Siz bu yangilikka qanday munosabatdasiz?
Menimcha, bu juda muhim va tizimli yechim. Ushbu taqiqni bekor qilish ko‘p tomonlama xarakterga ega bo‘lib, uchta muhim ijobiy holatga ega. Ularning mohiyati nima?

Birinchidan, vaqtinchalik yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga taqiqning bekor qilinishi mamlakatda yagona mehnat bozorini tashkil etadi. Ushbu qoida mehnat bozorida tizimni yaratadi, u yerda O‘zbekiston Respublikasining har qanday fuqarosida propiska joyidan qat’i nazar, hech qanday ma’muriy cheklovlarsiz mamlakatning istalgan hududida, shu jumladan, poytaxtda ham ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ikkinchidan, bu shubhasiz ishchi kuchi harakatlanishi rivoji uchun jiddiy turtkiga aylanib, uning respublika ichidagi harakatini faollashtiradi, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtiradi. Sanoatlashtirish borasida olib borilayotgan siyosat doirasida - bu temir majburiyatdir.

Uchinchidan, propiskasi bo‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilishga taqiqning bekor qilinishi korrupsiyaga qarshi va jinoyatchilikka qarshi jiddiy tagma’noga ega.

Shuning uchun bu taqiqning bekor qilinishi – korrupsiya va kriminal tizimga jiddiy zarbadir.

Ta’kidlash kerakki, hozirda Toshkentdagi katta ko‘lamli uy-joy qurilishi ko‘plab ishchilarni talab qiladi. Odamlar Toshkentga kelib, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ochiq, halol va shaffof sharoitda ishlashlari mumkin bo‘lishi juda to‘g‘ridir.

Shu tariqa O‘zbekistondan tashqariga mehnat migratsiyasi kamayishini kutish mumkinmi?
Albatta, bu migratsiya bilan vaziyatga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ishchi kuchi juda ko‘p bo‘lgan mintaqalarda yashovchi odamlar bor. Bunday odamlar odatda o‘n va yuz minglab kishi bo‘lib xorijga pul topish uchun ketadi.

Agarda bu shaxslar ma’muriy to‘siqlarsiz Toshkentga kelishi va ishga joylashishi bo‘yicha rasmiy imkoniyatga ega bo‘lsa, Rossiya va Qozog‘istonga pul ishlab topish uchun ketmoqchi bo‘lganlar soni qisqaradi.

Shu bilan birga, bu barcha plyuslarni yaqin va o‘rta istiqbolda kutish mumkin. Poytaxtda uch yil davomida qariyb 600 ta ko‘p xonadonli uylar qurilishi kerak. Ya’ni ishchilar, qurilish sohasi xodimlariga katta talab bor. Aprelda qoida kuchga kiradi, demak, mavsumiy ishlar boshlanishiga qadar bu odamlar pul ishlab topish uchun Toshkentga ma’muriy cheklovlarsiz kelishi mumkin bo‘ladi.

Ichki migratsiya muammosi paydo bo‘lishi mumkinmi? Ushbu yo‘nalishda inqiroz ehtimoli qanday?
Ma’lumki, Toshkent shahri aholisi mamlakat aholisining 5-6 foizini tashkil qiladi. Shu bilan birga, Toshkentning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 16-17 foizga teng. Ya’ni, Toshkent doimo mamlakatning iqtisodiy markazi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Mintaqalar, viloyatlardan kelgan odamlar muqarrar ravishda Toshkentga kelishadi. Hozirgi kunda jinoyatchilikka aralashgan bu jarayon butunlay boshqa tekislikka ko‘chiriladi.

Hozirda hamma Toshkentga yog‘ilib keladi, deb o‘ylamayman. Sababi mamlakat sanoatini rivojlantirish dasturi mintaqalarda o‘sish nuqtalarini yaratishni nazarda tutgan. Misol uchun, mavjud 7 ta erkin iqtisodiy zona mamlakat hududlarida joylashgan.

Kichik sanoat zonalarining ko‘p qismi ham hududlarda. Bu yerda shuni ta’kidlab o‘tish muhimki, mintaqada sanoat rivojlanishi nuqtalarining paydo bo‘lishi/rivoji bunday o‘sish nuqtalari atrofida yangi iqtisodiy o‘sish maydonlarining bosqichma-bosqich paydo bo‘lishi va taraqqiy topishiga yordam beradi. Shuning uchun, faqat Toshkentda o‘zingizni topishingiz mumkin ekani haqida o‘ylash noto‘g‘ri.

Menimcha, transport sohasini rivojlantirish strategiyasi diqqat bilan ko‘rib chiqilgan bo‘lib, u mintaqalarning o‘zaro muvofiqligini samarali ta’minlashga qaratilgan. Temir, avtomobil yo‘llari mintaqalarda iqtisodiy rivojlanish uchun transport infratuzilmasini ta’minlash imkoniyatini beradi. Masalan, yaqinda Qarshi-Termiz elektrlashtirilgan temir yo‘l uchastkasi ochildi. Ushbu yo‘lni elektrlashtirish (325 km uzunligi) yuklarni tashish narxini deyarli 30 foizga qisqartiradi. Bu transport xarajatlarini kamaytirishga qiziqqan korxonalar uchun jiddiy narsa.

Bundan tashqari, olis hududlarga alohida e’tibor berish orqali Internet tezligini 2,5 barobar oshirishga qaratilgan dastur mavjud. Har bir hatto eng chekka qishloqlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan mobil tarmoq sifatini yaxshilash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi mamlakat hududlari orasidagi nomutanosibliklarni kamaytirishga qaratilgan.

Nomutanosibliklar tushunchasi mintaqalarni rivojlantirishni jadallashtirish uchun poytaxtni ko‘chirish bilan amalga oshishi mumkinmi?Poytaxtni ko‘chirishga alohida ehtiyoj yo‘q. Zipf qonuni bor, u har qanday mamlakatda shaharlarning rivojlanish parametrlarini belgilaydi. Shunday qilib, O‘zbekistonda bugungi kunda aholining mavjud tuzilmasi va bandlik tuzilmasidan kelib chiqib, Toshkentdan tashqarida million kishi bo‘lgan kamida ikki shahar bo‘lishi kerak. Bu haqda ham o‘ylash kerak. Biz bu tadqiqotlarni 2008 yilda o‘tkazgandik, o‘shanda hisob-kitoblarga ko‘ra, Samarqand million aholisi bo‘lgan shaharga aylanishi kerak edi. Va bugungi kunda u shunga qarab ketmoqda, har yili umumiy aholiga 30-40 ming kishi qo‘shilmoqda. Yana 10 yil va bu shaharda million kishi yashaydigan bo‘ladi.

Million aholisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikki ehtimoliy nomzod – bu Farg‘ona-Marg‘ilon aglomeratsiyasining shakllanishi. Aslida, bu ikki shaharning birlashishi million aholisi bo‘lgan boshqa shaharni shakllantirish istiqbollarini oshirishi mumkin.

Lekin poytaxtni emas, balki yirik milliy kompaniyalar qarorgohini asosiy quvvatlar jamlangan shaharlarga ko‘chirish bilan bog‘liq juda qiziq g‘oya bor. Amalda u shunday eshitilardi: «Masalan, «O‘zbekneftegaz» kompaniyasi Toshkentda o‘tirishi shart emas, u Qarshi yoki Muborakka ko‘chishi mumkin; «O‘zbekiston ipagi» uyushmasi ham Toshkentda bo‘lishi shart emas, u Marg‘ilonga ko‘chishi mumkin, u yerda asosiy quvvatlar bor».

Boshqacha aytganda, xo‘jalik boshqaruvi va yirik kompaniyalarning boshqaruv organlarini qayta tashkil etish haqida gap borgan. Bu teng darajada rivojlanish, nomutanosibliklarni yo‘qotishga olib kelishi mumkin bo‘lgan choralardan biri, sababi bu ma’muriy markazga yaqin bo‘lgan mintaqa hamda hududlar rivoji uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Aynan shunday yangi harakat, yangi rivojlanish impulslari boshlanadi.

Darhaqiqat, bu g‘oya u yoki bu tarzda qabul qilganiga ishonish uchun barcha asoslar mavjud. Yaqinda Toshkent viloyati markazini To‘ytepa shahriga ko‘chirish ham buning yorqin tasdig‘i.

O‘zbekiston urbanizatsiyaga bo‘lgan butunjahon tendensiyasini aks ettira oladimi?

Hozir yuz berayotgan hodisalar - urbanizatsiya jarayoni keng sur’atlar bilan rivojlanayotganining belgisidir. Shahar aholisi soni ortib bormoqda, shaharlarning o‘rni o‘smoqda.

Aslida, O‘zbekiston yirik sanoat o‘zgarishini amalga oshirmoqda, mamlakatda jiddiy sanoatlashtirish jarayoni ro‘y bermoqda, bu, odatda, har doim urbanizatsiya bilan birga kechadi.

O‘zbekiston agrar-sanoat tuzilmasidan sanoat-agrarga o‘tish bo‘yicha muhim bosqichni boshidan kechirmoqda, bu qishloq xo‘jaligining roli va hajmi mamlakat iqtisodiyotida qisqarib boradi. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga kelib mamlakat iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligining ulushi hozirgi 19 foizdan 9-8 foizga kamayadi. Sanoat 40 foizni, xizmat ko‘rsatish sohasi esa 50 foizdan ortiqni tashkil etadi. Iqtisodiyotning tuzilmasi o‘zgaradi va juda muhim o‘tish davri bo‘ladi.

Ishga qabul qilishga propiskani bekor qilish bo‘yicha qarorning salbiy tomonlari bormi?

Aslida, plyuslar shu darajada ko‘pki, minuslar deyarli ko‘rinmayapti ham. Biroq, kamchiliklar orasida uy-joy bozoridagi (birinchi navbatda, ijara) muayyan muammolar, barcha shahar infratuzilmasiga, jumladan muhandislik-kommunal va transportga yuklama oshishi bor. Lekin menimcha, bu qarorning «plyuslari» «minus»lardan ancha ko‘proqdir.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonga propiska bo‘yicha cheklovlarning bekor qilinishi nima beradi?