date

Fransiyada mushuk qo‘shnilarnikiga borgani uchun ayolga 1,2 ming yevro jarima

Fransiyada mushuk qo‘shnilarnikiga borgani uchun ayolga 1,2 ming yevro jarima

Fransiyada yashovchi Dominik Valdes ismli ayol o‘zining Remi laqabli malla mushugi sabab sud orqali jarimaga tortiladi. Sud qaroriga ko‘ra, u qo‘shnining mulkiga yetkazilgan zarar uchun 1,2 ming yevro tovon to‘laydi va hayvoni har safar begona hududga chiqsa, 30 yevro miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘ladi.

Le Parisien'ning yozishicha, tergovda mushuk yangi suvoqni, adyolni va bog‘ni ifloslagani aytilgan. Ammo Valdes bu ayblovlarni inkor etgan holda, bu ishda aniq dalil yo‘qligini ta’kidladi:

— Mahallamizda yana bir malla mushuk bor. Suratlarda ham turli mushuklar ko‘ringan, — dedi u.

Hodisa ortidan qo‘shnilar yana ikki ming yevro tovon talab qilib, qo‘shimcha da’vo kiritgan. Endi esa Valdes o‘z mushugini uyda saqlashga majbur.

— Remi hozir uyda qamoqdagiday. U semirib, bezovta bo‘lib qoldi. Bog‘ga chiqarishga ham qo‘rqaman, — deydi u.

Bu ish jamoatchilik noroziligini keltirib chiqardi. Hayvonlarni himoya qilish jamiyati (SPA) bu qarorni tanqid qildi. Tashkilot rahbari Giyom Sanchesning ta’kidlashicha, mushuklar tabiiy ravishda o‘z atrofini o‘rganishga intiladi va bu holat pretsedentga aylansa, hayvonlarni asrab olish jarayonini qiyinlashtirishi mumkin.

Mahalliy fuqarolar ham sud qaroridan tashvishda. “Mushuklar uydan-uyga erkin yuradi. Ular kalamushlarni yo‘q qilib, foyda keltiradi. Endi ular uchun ham jazo tayyorlanishi adolatdan emas”, — deydi to‘rtta mushuk egasi Natali.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiyada mushuk qo‘shnilarnikiga borgani uchun ayolga 1,2 ming yevro jarima