22:18 / 17.02.2018
8 740

O‘zbekistonda "Milliy xavfsizlik xizmati" qanday bo‘lishi kerak?

O‘zbekistonda "Milliy xavfsizlik xizmati" qanday bo‘lishi kerak?
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va turli xil saytlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan, Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) faoliyati keng muhokama qilinmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisiga qilgan murojaatida mamlakatimizda Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida qonun qabul qilinishi lozimligini ta’kidladi.

Ushbu mavzuning dolzarbligidan kelib chiqib, mazkur xizmat to‘g‘risida ayrim ma’lumotlarni (ehtimol ko‘pchilik duch kelgan) va ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan qonun loyihasiga takliflarni qisqa va lo‘nda shaklda keltirmoqchiman, lekin aslida bu mavzuda butun boshli dissertatsiya yozish mumkin.

Birinchi navbatda mazkur xizmatning funksional majburiyatlarini ko‘rib chiqish lozim. MXX aniq nima bilan shug‘ullanadi? Balki bu razvedka, kontrrazvedka va terrorizmga qarshi kurash bo‘lar? O‘z navbatida qonun ijodkorlari O‘zbekiston uchun «razvedka» va «kontrrazvedka» tushunchalari nimani anglatishiga e’tibor qaratishlari kerak. Turist metro bekatini suratga olmoqda, bir inson xorijiy elchixona vakili bilan do‘stlashib, u bilan futbol o‘ynamoqda, qaysidir viloyatga Yevropadan 30-40 nafar turist keldi yoki kimdir tuman hokimi haqida salbiy fikr bildirdi. Ularni «josus» yoki «destruktiv kuch» deb atash kerakmi? Aynan shu sababli ushbu tashkilotga oid barcha tushunchalarni, uning huquq va majburiyatlarini puxta aniqlashtirish kerak.

MXXning kundalik faoliyatini ham hisobga olish lozim — bu harbiy faoliyatmi (pogonlar va pistoletlar) yoki fuqarolik ishimi (axborot va tahlil)? Shuningdek, MXXning «maxfiy faoliyati» tushunchasini aniqlashtirib olish zarur. Agar bu haqiqatan ham maxsus xizmat va uning faoliyati «mutlaqo maxfiy» bo‘lsa, unda ular maxfiy faoliyat olib borishlari shart, ular haqida hech kim hech narsa bilishi kerak emas, ular qayerda joylashgan, ishni qanday olib borishadi, qanday mashinalarni haydashadi (hozir MXX binosi Toshkent shahrining markazida joylashgan, «TST» davlat raqam belgili avtotransportlari mavjud va h.), lekin agar bu tashkilot Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining analogi bo‘lsa, unda bemalol.

Ikkinchidan, «informatorlar» faoliyati. Hammaga ma’lum bir gap bor: «Ehtiyot bo‘l, devorning ham qulog‘i bor». Xizmatda informatorlar turlicha bo‘ladi. Kimlargadir qandaydir muammoni hal etishga va’da berishgan, shuning uchun ular «xizmat»ga kirishgan. O‘ylaymizki, ba’zi odamlar allaqachon real hayotni, o‘z fuqarolik pozitsiyasini anglashlari va o‘zlarining «gap tashuvchilik» faoliyatini to‘xtatishlari kerak. Qizig‘i shundaki, ba’zan MXX viloyat boshqarmalari binosi oldidan o‘tilayotganda (ayniqsa Farg‘ona vodiysida), u yerda ko‘pincha o‘z vatandoshlari, qo‘shnilari yoki hamkasblari haqida navbatdagi axborotni berish uchun 10-30 nafar kishi turgan bo‘ladi. Agar bu axborot sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan terakt yoki xavfli jinoyat haqida bo‘lsa, tushunarli, lekin kimningdir hamkasbi kecha AQShda yashaydigan ukasi bilan gaplashgani yoki soliq inspeksiyasi xodimi o‘z xonasida namoz o‘qigani milliy xavfsizlikka tahdid bo‘lmasa kerak?

Umid qilamizki, qonun ijodkorlari «informatorlar» faoliyatini, axborot yig‘ish usullarini hisobga olishadi va buning natijasida MXX xodimlari har xil ig‘vo va tuhmatlar o‘rniga aniq dalil va axborotlarni qonun doirasida yig‘ishadi.

Tarixiy dalil: SSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (DXQ, ya’ni KGB) informatorlardan axborot yig‘ish va o‘z xalqiga qarshi kurashish uchun juda keng foydalangan. Informatorlar vositasida turli xil «antikommunistik» fikrlarni tarqatishgan va shu asosda «o‘zgacha fikrlovchi»larni aniqlashgan. Informator «Kommunistik tuzumga tupurdim» degan va kimdir shu fikrga qo‘shilsa, u kommunistik tuzumga «tahdid» deb hisoblangan, unga qarshi ish ochilib, qamoq jazosi tayinlangan. DXQ va uning informatorlari ishi o‘z natijasini berdi: SSSR inqirozga yuz tutdi va dunyo xaritasidan yo‘qoldi.

Uchinchidan, elektron razvedka, kontrrazvedka hamda terrorizm bilan «virtual kurash». Ba’zan O‘zbekistonda IShID g‘oyalarini «Facebook» va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda faol targ‘ibot qilgan IShID tarafdori qo‘lga olingani haqidagi yangilikni o‘qib qolamiz. Qanday qonuniy asoslar bilan foydalanuvchining shaxsiy sahifasini ochishdi, uning yozishmalarini o‘qishdi, o‘rganishdi va u terrorchi degan xulosaga kelishdi? Agar elektron razvedkani amalga oshirish uchun aniq usullar va qonuniy asoslar bo‘lmasa, bu xizmatdagi ayrim shaxslar uchun fuqarolarning shaxsiy virtual hayotiga hech qanday cheklovlarsiz aralashishga imkoniyat berib qo‘ymaydimi?

Tasavvur qiling, har kuni kimdir sizning shaxsiy xabarlaringizni «xavfsizlikni ta’minlash» bahonasida o‘qiydi, siz esa buni hatto bilmaysiz ham. Axborotdan g‘araz maqsadlarda foydalanilmasligiga qanday kafolat bor? Qonun ijodkorlari «internet kuzatuv» uchun maxsus ruxsatnoma haqida bosh qotirishlari lozim, bunda oddiygina elektron pochtalardan tortib, jahon ijtimoiy tarmoqlari, shu jumladan «telegram» va boshqa shu kabilar nazarda tutilishi kerak.

To‘rtinchidan, davlat chegaralarini qo‘riqlashga alohida e’tibor qaratish shart. Nima uchun chegaralarimizni MXX qo‘riqlaydi degan savolga javobni «Rossiya Federatsiyasining davlat chegarasi to‘g‘risida»gi qonunidan topish mumkin. Ushbu qonunning 3-moddasida «davlat chegarasini qo‘riqlash davlat chegarasini himoya qilishning tarkibiy qismidir va u federal xavfsizlik xizmati tarkibiga kiruvchi chegara organlari tomonidan amalga oshiriladi» (keyingi o‘rinlarda — chegara organlari) deb ta’kidlangan. Ko‘pchilik qonun ijodkorligidagi «ko‘chirish va ishlatish» («copy & paste») tamoyilini yaxshi biladi, ayniqsa yuristlar. O‘zbekistonda mazkur funksiyalarni Mudofaa vazirligiga berish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Shunday bo‘lsa-da, ko‘p narsa kelgusida ishlab chiqiladigan qonun loyihasiga bog‘liqdir, biroq turli milliy xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi buyumlarni chegara nazorat punktlarida bojxona xodimlari aniqlashlari va ularni ichki ishlar xodimlariga tekshirish uchun berishlari mumkin. Tog‘li, borish qiyin bo‘lgan va chekka hududlardagi davlat chegaralarida esa Mudofaa vazirligining chegarachi askarlaridan iborat kazarmalar, vertolyotlar, havo hujumidan mudofaalanish tizimi, durbinlar va infraqizil datchiklar bilan jihozlangan uchar qurilmalar (dronlar) va eng asosiysi — qo‘shni davlatlar bilan ishonchli diplomatik hamkorlik bo‘lishi kerak.

Beshinchidan, ehtimol ko‘pchilik «kuratorlar» bilan to‘qnash kelgandir. Ko‘pincha odamlardan MXXdan telefon qilishganini va qandaydir hujjatlarni so‘rashganini (ushbu ish usuli ayniqsa hududlarda rivojlangan) eshitib qolamiz. Buning qonuniy asoslari bormi? MXX xodimlariga, masalan, yarim yillik bank yoki soliq hisoboti, fermer xo‘jaliklari yoki pensionerlarning soni yoxud biror fuqaroning ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi nima uchun kerak?

Afsuski, ba’zi odamlar o‘ylab ham o‘tirmay MXX bo‘limlariga o‘zlari ishlayotgan tashkilot yoki hamkasblari haqidagi barcha ma’lumotlarni berishadi. Aynan shu sababli qonun ijodkorlaridan mana shu holatlarni inobatga olishlari talab etiladi, ya’ni qaysi qonuniy asoslarga ko‘ra MXX kimdandir yoki qaysidir tashkilotdan hujjat talab qiladi va «kuratorlar» faoliyatining qonuniy asoslari qanday bo‘ladi? Vazirliklarda, davlat va nodavlat muassasalarida, ta’lim muassasalarida, mehmonxona va banklarda, ommaviy axborot vositalarida, masjid va mahallalarda, ichki ishlar va prokuratura organlarida, hokimiyatlarda, umuman kundalik hayotimizning barcha jabhalarida MXX «kuratorlari» qanchalik kerak?

Prezident parlamentga qilgan murojaatida har qanday oddiy masala ham milliy xavfsizlikka tahdid deb baholab kelingani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab bo‘ldi deb ta’kidladi. Afsuski, ayrim tashkilotlar uchinchi shaxslarga oddiy ma’lumotlarni ham taqdim eta olishmaydi, chunki buning uchun viloyat yoki tuman (shahar) MXXdagi kuratoridan ruxsat so‘rashi kerak.

Yoki «MXXning ta’lim sohasi bo‘yicha kuratori» viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilib, singlisini tezda biror maktabga ishga joylashlari kerakligini aytadi. Bu milliy xavfsizlik masalasini hal etish hisoblanadimi? Aynan «kuratorlik» tizimi (hech bir normativ-huquqiy hujjatda ko‘rsatilmagan) MXXning hayotimizning barcha jabhalariga chuqur singib ketishiga imkoniyat berdi va, ming afsuski, ayrim hollarda mansabini suiiste’mol qilish holatlari ham kuzatildi (so‘nggi vaqtlarda mansabini suiiste’mol qilgan MXX amaldorlari haqidagi ma’lumotlar OAVda ko‘p yoritilmoqda). Umid qilamizki, qonun ijodkorlari «kuratorlik» va «maxsus nazorat» tizimlariga barham berishadi yoki qonun bilan tartibga solishadi.

Navbatdagi masala MXXga qancha xodim kerakligi va kadrlar siyosati haqida. Umid qilamizki, qonun ijodkorlari Moliya vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Milliy xavfsizlik xizmati organlarida ishlayotgan xodimlarning sonini inobatga olishadi. O‘zbekistonda MXX instituti bor, lekin shunga qaramay xizmatga har yili qo‘shimcha xodimlarni ishga qabul qilishadi (afsuski, statistik ma’lumotlar yo‘q).

MXXga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlardan «nimaga MXXga ishga kirmoqchisiz?» deb so‘ralganda, ularning aksariyati obro‘, hurmat, xizmat guvohnomasi, yaxshigina maosh va katta miqdorda pensiya uchun deb javob berishgan. Biror-bir chet tilini bilasanmi — yo‘q, hech bo‘lmasa rus tilini bilasanmi — yo‘q. Shu kadr bo‘lajak razvedkachi(kontrrazvedkachi)mi?

Bundan tashqari, odatda MXXga 30 yoshdan oshganlarni, bo‘yi 170 santimetrdan pastlarni, xorijiy davlatlarda bo‘lganlarni, harbiy xizmatni o‘tamaganlarni yoki shunchaki sog‘lig‘i «xizmatga yaroqsiz»larni ishga qabul qilishmaydi. Qonun ijodkorlari ushbu jihatlarni — kadrlar siyosatini hisobga olishlari zarur. Bir odam harbiy xizmatni o‘tamagan bo‘lishi, lekin kompyuter texnologiyalarini a’lo darajada bilishi yoki kimdir 33 yosh bo‘lishiga qaramay kuchli tahliliy fikrlash qobiliyatiga ega professional politolog bo‘lishi mumkin.

Tashkilot uchun 10 nafar (30 yoshdan kichik bo‘lgan) birorta ham chet tilini bilmaydigan xodimdan qanday naf bor, agar bu ish bilan talab darajasida kuchli bilim va hayotiy tajribaga ega 3 nafar (40 yoshga to‘lgan va harbiy xizmatni o‘tamagan) odam shug‘ullanishi mumkin bo‘lsa? Masalan, mana deyarli 27 yildan beri MXX o‘zining saytini va elektron pochtasini yarata olmaydi. Xorijdagi maxsus xizmatlar allaqachon o‘zlarining sayti va elektron pochtasiga ega. Muammo nimada? Sayt yaratish oson, lekin uning virtual xavfsizligini 100 foiz ta’minlash muammo. Ko‘rinib turibdiki, yana yuqorida keltirilgan kadrlar siyosati bilan bog‘liq masala ko‘tariladi — kadrlar barchasini hal qiladi.

Virtual xavfsizlikni faqatgina axborot texnologiyalari bo‘yicha professional mutaxassis ta’minlay oladi, biroq unda sog‘liq bilan bog‘liq muammolar bor va u harbiy xizmatni o‘tamagan. Mana tanlov bilan bog‘liq bo‘lgan muammo: bo‘yi 180 santimetr, 2 yil harbiy xizmatni o‘tagan, sportchilar kabi chiniqqan, lekin kompyuterdan oxirgi saqlangan faylni 10-15 daqiqa qidiradigan odam yoki ko‘rish qobiliyati pastroq, bo‘yi 166 sm bo‘lgan, butun kompyuter tizimini «bo‘laklarga bo‘lib tashlay oladigan» axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis (deyarli xaker).

Endi MXXning tuman bo‘linmalari haqida fikr yuritamiz. Eng yirik apparatga ega bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organ — Ichki ishlar vazirligi (ko‘p mamlakatlar singari). Qishloqlarda maishiy muammolarni ichki ishlar xodimlari (uchastka profilaktika inspektorlari) hal qiladi. Bezorilar, jinoyatchilar, fohishalar haqidagi barcha axborot va boshqa ma’lumotlar profilaktika inspektorlarida turadi. Shunday ekan, MXX tuman bo‘linmalari nima uchun kerak?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda viloyatga bo‘ysunuvchi 169 ta tuman mavjud. Aytaylik, har bir tuman MXX bo‘linmasida 5 nafardan xodim ishlaydi, ularning o‘rtacha oylik ish haqi 2 mln. so‘m (ehtimol noto‘g‘ridir, chunki bu bo‘yicha statistik ma’lumot mavjud emas). Demak, har oyda davlat byudjetidan 1 mlrd. 690 mln. so‘m (MBning 2018 yil 13 fevraldagi rasmiy kursi bo‘yicha (1$ = 8188.33 so‘m) 206 ming 391 AQSh dollari) mablag‘ sarflanadi. Bu faqat ish haqi. Shuningdek, xarajatlarga avtotransportlar, xizmat uylari, bino(idora)ni saqlash (elektr toki, suv ta’minoti) xarajatlari, xodimlar uchun ijtimoiy paketlar, ijtimoiy muhofaza turlari va boshqa xarajatlar ham qo‘shiladi.

Bundan tashqari, har bir tumanda prokuratura, soliq, ichki ishlar organlari, hokimiyatlar, xalq qabulxonalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari (MFY), majburiy ijro byurolari (MIB), advokatlar, notariuslar va boshqalar faoliyat yuritadi. Yo‘l harakati qoidasini buzdingizmi, bezorilik, o‘g‘irlik qildingizmi — IIB, iqtisodiy jinoyatlarni sodir etdingizmi — prokuratura, aliment to‘lamadingizmi — MIB, huquqingiz buzildimi — advokat, MFY va xalq qabulxonalari shug‘ullanadi. MXX tuman bo‘linmalari nima bilan mashg‘ul? Terrorchi chiqdimi — uchastka inspektori va MFY raisi qayga qaragan, qani profilaktika? Josuslar aniqlandimi — MXX viloyat boshqarmasidan xodimlar kelib o‘sha joyda o‘z ishlarini bajarishlari mumkin.

Umid qilamizki, qonun ijodkorlari mazkur oylik summani (1 mlrd. 690 mln. so‘m) inobatga olishadi va xulosa qilishadi (hali MXXning shahar bo‘limlariga qilinadigan xarajatlar hamda to‘lanadigan pensiyalar hisobga olinmadi). Agar ushbu mablag‘lar sanoatni rivojlantirish maqsadida, reja asosida tuman/shaharlarga ajratilsa, odamlar ma’lum ish haqi to‘lanadigan ish bilan band bo‘lishadi va turli «destruktiv kuchlar» ta’siriga tushishmaydi.

Va nihoyat, eng asosiy va yakuniy fikrlar — nazorat. MXX faoliyatini kim yoki qaysi organ ob’ektiv nazorat qiladi? Odatda (ayniqsa rivojlangan davlatlarda) maxsus xizmatlar faoliyatini xalq vakillari nazorat qiladi. Bizning mamlakatimizda bu ish bilan Oliy Majlis Senatining tegishli qo‘mitalari shug‘ullanishi mumkin. Lekin Senatning MXXni to‘laqonli nazorat qilishiga resurslari va kuchlari yetarlimi? Bunday holatda MXX hisobotlari yuzaki bo‘lishi va ko‘p ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

Agar MXXning tuman va shahar bo‘linmalari yopilsa, albatta ish ancha yengillashadi. Ehtimol, O‘zbekiston Prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi boshchiligida guruh tuzish vaqti kelgandir. Mazkur amaliyot ko‘plab davlatlarda amalga oshiriladi (ayniqsa, AQShda). Prezident huzurida (faqatgina O‘zbekiston Prezidentiga bo‘ysunadi) yordamchi boshchiligidagi 10-20 nafar kuchli tahlilchilardan (sotsiolog, psixolog, politolog, diplomat, yurist, iqtisodchi, auditor va b.) iborat uncha katta bo‘lmagan guruh tashkil qilinadi. Ular polkovnik yoki general bo‘lishlari shart emas, eng asosiysi, kuchli tahliliy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lsin. Shunda Prezident MXX va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda nimalar sodir bo‘layotganini aniq bilib turadi.

Masalan, MXX raisi Namangan viloyatida «IShIDning destruktiv kuchlari» tuzilmoqda va xavfsizlikni ta’minlash uchun byudjetdan 40 mln. so‘m ajratish hamda 10 nafar qo‘shimcha xodim jalb qilinishi kerak degan xabarni kiritdi, biroq Prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi besh nafar mutaxassisni Namangan viloyatiga jo‘natganda, vaziyat barqaror va hech qanday tahdid mavjud emasligi aniqlandi. Haqiqatan 120 nafarga yaqin odam mahallada to‘plangan va Qur’oni karimni o‘qishni tashkil qilishgan. Chuqur tahlil natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, barcha ishtirokchilar tinchliksevar bo‘lib, ular hech qanday tahdid tug‘dirishmagan. Mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman IIB xodimlari va qo‘shnilar ushbu shaxslar haqida ijobiy fikr bildirishgan.

Tadbir tashkilotchilari 100 va undan ortiq odam to‘planib tadbir o‘tkazganda, bu haqda tuman IIB xodimlarini ogohlantirish kerakligidan bexabar bo‘lishgan, ular uzr so‘rab, kerakli xulosani chiqarishgan. Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilarini 70 foizi ishsiz ekanligi aniqlanib, ularni ishga joylashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilgan. Xulosa — navbatdagi vahima, viloyat MXX faoliyatini kengaytirish va viloyatdagi o‘rnini mustahkamlash uchun o‘z manfaatlarini lobbizm orqali olg‘a surish. Ma’lumotning ob’ektivligi va to‘g‘riligi har qanday sohada muhim ahamiyatga ega, shu jumladan milliy xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham. Agar ob’ektiv ma’lumot va nazorat bo‘lmasa natija bitta — ishonchsizlik va tartibsizlik.

Ushbu tahliliy ma’lumot biror-bir shaxsga qaratilmagan. Har qanday jamiyatda bo‘lganidek, ushbu xizmat tarkibida ham o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan vatanparvar xodimlar bor.

Umid qilamizki, yuqorida keltirilgan mulohaza va takliflar «Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida e’tiborga olinadi, shuningdek barcha mayda detallarga e’tibor beriladi, MDH davlatlari qonun moddalari ko‘chirilmaydi, qonun 3-4 varaqdan iborat bo‘lmaydi hamda barcha statistik va tegishli ma’lumotlar o‘rganilib, fuqarolarning takliflari inobatga olinadi.
Manba: Xabar.uz

O‘zbekiston xavfsizlik MXX
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)