date

Qanday oilalar rasman “kambag‘al oilalar” toifasiga kirishi ma’lum bo‘ldi

Qanday oilalar rasman “kambag‘al oilalar” toifasiga kirishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-fevraldan boshlab yangi tartib joriy etiladi.

Farmonga asosan, hozirga qadar alohida yuritib kelingan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” hamda Kambag‘al oilalar reestri birlashtirilib, yagona Ijtimoiy reestr shakllantiriladi. Ushbu reestr “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuritilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lgan oila va shaxslarni aniqlash hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini baholashga xizmat qiladi.

Yangi tizimga ko‘ra, Ijtimoiy reestrdagi oilalar uchta asosiy toifaga ajratiladi:

— davlat ta’minotidagi oila;

— kambag‘al oila;

— kambag‘allik chegarasidagi oila.

Belgilangan tartibga muvofiq, agar oila a’zolari mehnatga layoqatsiz yoki ishlash imkoniyati cheklangan bo‘lsa va har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lsa, bunday oila “davlat ta’minotidagi oila” deb tan olinadi.

Agar oila a’zolari mehnatga layoqatli yoki ishlash imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, har bir kishi hisobiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lsa, ular “kambag‘al oila” toifasiga kiritiladi.

Daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan oilalar esa “kambag‘allik chegarasidagi oila” sifatida qayd etiladi. Bular qatoriga avval “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” ro‘yxatidan chiqarilganlar, shuningdek, “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan deb topilgan oilalar ham kiritiladi.

Farmonga muvofiq, Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam turlari ham qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, davlat ta’minotidagi oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam oila a’zolarining ish bilan bandligiga qaramasdan, uzluksiz to‘lab boriladi.

Kambag‘allik chegarasidagi oilalarga esa bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam 6 oy davomida daromad miqdoriga qarab to‘lanadi. Agar oila daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1–1,25 baravariga teng bo‘lsa, yordam 75 foiz miqdorda, 1,25–1,5 baravariga yetsa — 50 foiz hajmda ajratiladi. Ilgari bu toifadagi oilalarga bunday to‘lovlar umuman amal qilmagan.

Yangi tartib ijtimoiy adolatni ta’minlash, haqiqatan ham yordamga muhtoj oilalarni aniqlash va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qanday oilalar rasman “kambag‘al oilalar” toifasiga kirishi ma’lum bo‘ldi