
Oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini amalga oshirish muddati yana bir oyga yaqin uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalardan to‘lovlarni qabul qilish hamda talabalikka qabul qilish jarayonlarini rasmiylashtirish muddati 2026 yil 31 yanvarga qadar, shu jumladan ushbu sana kuni ham amal qiladigan tartibda uzaytirilgan.
Yangi belgilangan muddatga ko‘ra, qabul parametrlari doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50 foizini to‘lashi shart. Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, ya’ni “super-kontrakt” asosida tahsil olish istagini bildirgan talabgorlar ham ular uchun belgilangan yillik o‘qitish qiymatining kamida yarmini amalga oshirishi lozim bo‘ladi.
Vazirlik eslatishicha, amaldagi qoidalarga muvofiq, ikkinchi va undan yuqori kurslarda tahsil olayotgan talabalar uchun kontrakt to‘lash muddatini oliy ta’lim muassasasi rahbari tomonidan alohida tartibda uzaytirish imkoniyati mavjud.
Mazkur qaror talabalar va ularning ota-onalari uchun qo‘shimcha yengillik yaratib, yangi o‘quv yiliga moliyaviy masalalarni xotirjam hal etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.