
27-28 sentyabr kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisi oʻtkazildi.
Oʻn oltinchi yalpi majlis davomida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlash va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan 21 ta masala, shu jumladan, 14 ta qonun koʻrib chiqildi.
Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.
Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qilishicha, mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksiga jarima ixtiyoriy ravishda toʻlanganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi haqidagi norma kiritilgan.
Qonunga koʻra, Jinoyat kodeksidagi 90 ta moddada jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning ushbu turi qoʻllanilishi mumkin.
Buning uchun tegishli moddada nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan shaxs, oʻz aybiga iqror boʻlishi, yetkazilgan zararni bartaraf etishi hamda tegishli modda boʻyicha nazarda tutilgan jarimaning eng koʻp miqdoriga teng summani ixtiyoriy ravishda toʻlashi kerak boʻladi.
Qonun jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi jinoiy, jinoiy-protsessual va maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgani qayd etilgan.
Jumladan, Qonunda yoʻl harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, Qonunda hayoti yoki sogʻligʻi xavf ostida boʻlgan shaxsga shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishni asossiz ravishda rad etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik, noqonuniy aralashganlik hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiluvchi boshqa huquqbuzarliklar uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Muhokama chogʻida Qonun qabul qilinishi jamoat xavfsizligini taʼminlashning qonunchilik asoslarini mustahkamlashga koʻmaklashishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda eʼlon qilingach yuridik kuchga ega boʻladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar