19:33 / 08.12.2018
4 431

Prezident qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish kerakligini aytdi

Prezident qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish kerakligini aytdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan qonunlar qabul qilish kerakligini aytdi. Bu haqda 7 dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida aytib o‘tgan.

"Misol uchun, hozirgi vaqtda xorijiy investitsiyalar sohasida 8 ta qonun, 14 ta farmon va 100 dan ortiq qonunosti hujjatlari mavjud. Lekin mahalliy va chet ellik investorlarga bizda nechta farmon yoki qaror borligi emas, balki ularning aniq va samarali ishlashi uchun yaxlit tizim mavjudligi muhim", degan prezident.

Davlat rahbari deputatlardan qonun loyihalarini ishlab chiqishda shunchaki kuzatuvchi yoki ekspert emas, balki tashabbusni o‘z qo‘llariga olib, bevosita loyiha tashabbuskori va ijodkori bo‘lishlarini so‘ragan.

"Bu borada zudlik bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunlar ro‘yxatini shakllantirishimiz, amaldagi mavjud muammolarni chuqur va tanqidiy ravishda o‘rganib, eng ilg‘or xalqaro tajribalar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga qo‘llanadigan qonunlar qabul qilishimiz lozim", deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini tashkil etishda tub o‘zgarish sezmayotganini aytgan. 2018 yilda davlat organlari va mansabdor shaxslarga Senat bor-yo‘g‘i 2 ta, Qonunchilik palatasi esa 3 ta parlament so‘rovi yuborgani qayd etilgan.

"Xalq vakillarining qat’iy pozitsiyasi qayerda qoldi? Misol uchun, qaysi senator yoki deputat Soliq siyosati konsepsiyasi ijrosi bilan qiziqib, Moliya vazirligi yoki Davlat soliq qo‘mitasi rahbarlariga so‘rov yubordi?" deya savol bergan prezident.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis hali-hanuz haqiqiy bahs-munozaralar maydoniga aylanmaganini asosiy kamchilik sifatida keltirgan. Shu munosabat bilan davlat rahbari Oliy Majlis palatalarida qonunlar ijrosini ko‘rib chiqish, rahbarlar hisobotini eshitish bilan cheklanmasdan, bevosita joylardagi ahvolni tizimli ravishda o‘rganish va tegishli takliflar ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish zarurligini aytgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish kerakligini aytdi