Yangi turdagi koronavirus epidemiyasi tufayli dunyo mamlakatlari kutilmagan murakkab vaziyatga tushib qoldi. Davlat va hukumatlar bunday paytda mamlakat ichkarisidagi barqarorlikni ta’minlash barobarida turli sabablarga ko‘ra xorijda bo‘lib turgan fuqarolarining taqdiri haqida ham bosh qotirishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Xo‘sh, epidemiya sharoitida xorijdagi fuqarolarni mamlakatga qaytarish qanchalik to‘g‘ri? Ushbu masalaning murakkabligi nimada? Bu borada boshqa davlatlar qanday yo‘l tutmoqda?
Quyida shu kabi savollarga oydinlik kiritiladi.
Boshqa mamlkatlar qanday yo‘l tutmoqda?
Koronavirus epidemiyasi sabab ko‘plab mamlakatlar xorijdagi fuqarolarini o‘z uylariga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirmoqda. Masalan, Turkiya 5 may holatiga ko‘ra, havo yo‘li orqali 103 mamlakatdan 65 mingdan ortiq fuqarosini vatanga qaytargan.
Ruslar ham Gosuslug portalida maxsus shaklni to‘ldirish orqali vatanga qaytishmoqda. Ularning yurtga qaytishi faqat Sheremetevo aeroporti orqali amalga oshirilmoqda. Mazkur mamlakatda yo‘lovchilar soni kuniga 500 kishidan oshmasligi kerakligi belgilab qo‘yildi. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikovaning ta’kidlashicha, ushbu qaror ikki sababga ko‘ra qabul qilingan. Birinchidan, mazkur holat vataniga qaytish istagini bildirgan odamlar ro‘yxatini shakllantirish bilan, ikkinchidan, chet eldan qaytib kelgan ruslarni qabul qilish punktlarining imkoniyatlari cheklangani bilan bog‘liq.
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ham epidemiya boshlangandan beri charter reyslar yordamida 520 mingga kishini Yevropaga qaytardi.
AQSH esa 13 may holatiga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida 132 mamlakat va hududlardan 900ta reys tashkil qilish orqali jami 86 ming 576 nafar amerikalikni o‘z vatanga qaytarishga ulgurgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH hukumati tomonidan amalga oshirilgan har bir reysga o‘rtacha 96 nafar fuqaro to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu mamlakat tomonidan muayyan bir hududga bittadan 84tagacha reys yo‘lga qo‘yilgan.
Masalaning murakkab tomonlari nimada?
Albatta, epidemiya sharoitida xorijdagi fuqarolarni qaytarish masalasining har bir mamlakat uchun o‘ziga xos murakkab jihatlari mavjud.
Birinchidan, epidemiya davrida dunyo miqyosida xavo yo‘llari sohasida umumiy qisqarish va cheklovlar kuzatilayotgan ayni paytda bir mamlkatdan ikkinchi mamlakatga reyslar tashkil qilish muayyan qiyinchiliklar tug‘dirishi, ma’lum tashkiliy jarayonlarni talab qilishi aniq. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston TIV, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi va transport vazirligidan odatdagidan ko‘ra faol bo‘lishni, uyushgan holda – ish birligi asosida faoliyat olib borishni taqozo qiladi.
Ikkinchidan, turli sabablarga ko‘ra, chet elda bo‘lib turgan fuqarolarning barchasini bir paytning o‘zida vatanga qaytarishning imkoni yo‘q. Shu bois ishni bosqichma-bosqich va tizimli tarzda tashkil qilish, ya’ni amalga oshiriladigan parvozlar uchun fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish lozim. Ro‘yxatga esa birinchi navbatda kasal yoki bemorlar; yosh bolali va homilador ayollar; keksa yoshdagi fuqarolar; shuningdek, bekor qilingan doimiy aviaqatnovlarga chipta xarid qilgan fuqarolarni kiritish amaliyotini qat’iy davom ettirish darkor.
Aytish joizki, hamma imkon qadar tezroq vatanga qaytish taraddudiga tushgan ayni bir paytda mazkur jarayonni shaffof va to‘g‘ri tashkil qilish muhim ahamiyatga ega.
Uchinchidan, hukumat chel eldan qaytgan fuqarolar sabab mamlakatdagi epidemik vaziyat izdan chiqishining oldini olishi, buni doimiy nazorat ostida ushlab turishi lozim. Chunki ushbu jarayon yetarli darajada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmasa, virusga chalinganlar soni keskin ortib ketish ehtimoli mavjud.
Qolaversa, xorijdan qaytgan fuqarolar soni ortib borishi natijasida ularni eng kamida 14 kun davomida karantinda saqlash bilan bog‘liq muammolar ham yuzaga kelishi turgan gap.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 13 may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston elchixona va konsulliklari tomonidan tuzilgan onlayn ro‘yxatga 55 ming fuqaro kiritilgan. Tabiiyki, bunday katta massani karantin hududiga bir paytning o‘zida kiritishning imkoni yo‘q.
Qanday sabablar vatanga qaytishga undamoqda?
Hozirda Rossiya, Turkiya, Angliya, Hindiston, Qatar va Misrdan tortib to Maldiv orollarigacha bo‘lgan mamlakatlarda vatanga qaytish istagini bildirayotgan yurtdoshlarimiz bor. Albatta, bu boradigi murojaatlar soni davlatlarga ko‘ra farq qiladi. Ammo har bir murojaat ortida inson turganligini ham unutmaslik kerak.
Bugun xorijdagi yurtdoshlarimizni asosan quyidagi sabablar tezroq ortga qaytishga undamoqda:
- epidemiya sabab ishsiz va mablag‘siz qolishgan;
- sog‘liq bilan bog‘liq muammolar;
- xorijiy mamlakatlardagi normal hayotga qaytish muddatining mavhumligi;
- epidemik vaziyat yomonlashib borayotgani tufayli virus yuqtirib olish xavfi va qo‘rquvi ortayotgani;
- epidemiya sharoitida xorijliklarga nisbatan turli mamlakatlarda turlicha munosabat bildirilayotgani;
- ayrim mamlakatlarda bahorgi semestr rasman yakunlangani va talabalarga yangi o‘quv yiliga qadar ta’til berilgani.
Albatta, bundan tashqari ba’zi ob’ektiv va sub’ektiv sabablar ham mavjud.
Aviachipta narxlari: hamma ham sotib olishga qodirmi?
Xabaringiz bor, hozirda O‘zbekiston 11-24 may kunlari davomida 12ta reys orqali xorijdagi fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqda. Avvalroq charter reyslar uchun sotuvga qo‘yilgan chiptalar narxi minimal tarifdan yuqori bo‘lmasligi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, Frankfurt–Toshkent yo‘nalishidagi charter reys narxi 400 AQSH dollari, Moskva-Toshkent yo‘nalishi narxi 147 AQSH dollari, Istanbul-Toshkent yo‘nalishi 285 AQSH dollari, Sankt-Peterburg–Toshkent yo‘nalishi 178 AQSH dollari, Dehli–Toshkent yo‘nalishi 224 AQSH dollari, Rostov–Toshkent yo‘nalishi 160 AQSH, Qozon–Toshkent yo‘nalishi 148 AQSH dollari, London–Toshkent yo‘nalishi 440 AQSH dollari, Novosibirsk–Toshkent yo‘nalishi 186 AQSH dollari, Sharja–Toshkent yo‘nalishi 221 AQSH dollari deb belgilangan. Ammo keyingi paytlarda ayrim joylarda aviachiptalar narxi ko‘tarilib ketayotgani bo‘yicha ham turli gap-so‘zlar tarqalmoqda. Bu esa ayni paytda mazkur masalaning jiddiy nazorat ostiga olinishini talab qilmoqda.
Albatta, epidemiya sharoitida o‘zga yurtda o‘z mablag‘ining eng so‘nggi chaqasigacha sarflab bo‘lgan insonlar uchun yuqorida keltirilgan narxlarda aviachipta sotib olish ham alohida bir muammo. Shu bois, hozirda hukumat tomonidan aviachipta sotib olishga qurbi yetmayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Unga ko‘ra, agar fuqaro konsullik va elchixonalarda charter reyslar uchun ro‘yxatdan o‘tgan va tasdiqlangan bo‘lsayu, ammo chipta xarid qilishga mablag‘i bo‘lmasa, uning qarindoshlari O‘zbekistondan turib ham chipta pulini to‘lashlari mumkin.
Bundan tashqari, fuqaro haqiqatan ham muhtoj bo‘lsa va tegishli tartibda murojaat qilsa, masala individual tarzda o‘rganib chiqilib, ijobiy yechim topish ko‘zda tutilmoqda.
Elchixonalar qanday ijtimoiy yordam ko‘rsatmoqda?
Ayni paytda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari ham o‘z vakolati doirasida yurtdoshlarimizga ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelmoqda va bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish yo‘llarini izlamoqda. Masalan, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va mamlakat hududidagi bosh konsulxonalari tomonidan 14 maydan e’tiboran karantin va cheklov choralari tufayli og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga Rossiyada belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda (12 130 rubl, ya’ni 165 dollar atrofida) bir martalik moddiy yordam to‘lab berishni boshladi. Shuningdek, O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi ham yordamga muhtoj vatandoshlarimiz uchun Turkiyaning turli hududlari bo‘ylab «BİM» savdo kartalari (100 turk lirasi)ni yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.
Kim nima qilishi kerak?
Ta’kidlash joizki, hozirgi murakkab sharoitda fuqarolarning to‘g‘ri va ishonchli axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish ham muhim ahamiyatga ega. Ya’ni ortiqcha vahima va mavhumlik yuzaga kelmasligi, turli mish-mishlar urchimasligi uchun elchixona va vakolatxonalarimizdan fuqarolarga o‘z vaqtida zaruriy axborotlarni berib borish talab qilinadi. Shuningdek, hukumatning Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni mamlakatlar bilan kelishgan holda, ayrim hududlardan fuqarolarni birgalikda olib kelish chora-tadbirlarini ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiqdir.
Xorijdagi fuqarolarimizdan esa mavjud vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda ish tutishlari, aeroport va elchixonalar atrofida yig‘ilib, epidemik sharoitning izdan chiqishiga sababchi bo‘lmasliklari, dastavval yuqorida keltirilgan toifadagi yurtdoshlarimizning vatanga qaytishida yordamchi bo‘lishlari, agar moddiy-ma’naviy imkonlari yetarli bo‘lsa va sharoitlari imkon bersa, O‘zbekistonga qaytishni biroz muddatga kechiktirib turishlari so‘raladi.
Otabek Tillayev “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»