08:25 / 17.10.2020
3 863

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun qanday imkoniyatlarni beradi?

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun qanday imkoniyatlarni beradi?
Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan ma’qullangan edi. 15 oktabr kuni davlatimiz rahbari mazkur Qonunni imzoladi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar masalalari doimiy diqqat-e’tiborda bo‘lib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ushbu Qonun ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tartibga soladi, ular uchun jamiyat hayotining barcha jabhalarida nogironlik asosida kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa a’zolari bilan teng ravishda ishtirok etish uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutgan va insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etishga asoslangan.

Qolaversa, mazkur hujjatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning shaxsiy mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish, nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, nogironligi bo‘lgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va o‘z individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish, ob’ektlar va xizmatlarni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay holda yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat va davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga jalb etish kabi prinsiplar yorqin ifodasini topgan.

Qonunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joyga bo‘lgan huquqi ham mustahkamlangan. Avvalo, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joy qurilishini ta’minlashi aniq belgilab qo‘yilgan. Bunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan uy-joy olish bo‘yicha ro‘yxatlarni shakllantirish chog‘ida - nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalar alohida ro‘yxatga kiritiladi hamda bu borada qator imtiyozlar yaratiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalarga yakka tartibda uy-joy qurish, yordamchi xo‘jalikni, dala hovli xo‘jaligini va bog‘dorchilikni yuritish uchun imtiyozli shartlar asosida yer uchastkalari olish huquqi beriladi. Qolaversa, bu toifadagi shaxslarga uy-joyni taqsimlashda imkoniyatga qarab, ob’ektlar va xizmatlarning qulayligi prinsipiga rioya etilgan holda, ish joyiga, tibbiyot va reabilitatsiya muassasalariga yaqin bo‘lgan uy-joy beriladi.

Shu bilan birga, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot olish huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni keng omma uchun mo‘ljallangan, qulay formatlardagi va nogironlikning turli shakllari hisobga olingan texnologiyalardan foydalangan holda axborot bilan ta’minlaydi.

Bundan tashqari, teatrlar, muzeylar, kinoteatrlar, axborot-kutubxona markazlari va axborot-resurs markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun qulay bo‘lishi kerakligi alohida belgilangan.

Davlat organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning ilm va ta’lim olishlari sport bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish va ularni sport bilan shug‘ullanishga jalb etishga doir dasturlarni nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda har yili ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi. Shuningdek, barcha ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga mos keladigan shart-sharoitlar yaratish orqali, ularni inklyuziv ta’lim jarayonlariga jalb etilishiga Qonunda alohida o‘rin berilgan.

Yana bir jihat. Qonunga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslariga yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat qilish huquqiga ega. Mazkur huquq doirasida muloqotda imo-ishora tilidan, surdotarjima xizmatlaridan foydalanish ham ko‘zda tutilgan.

Qonunga asosan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yanada takomillashtirildi. Unga ko‘ra, tekshiruvdan o‘tkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran 10 kun ichida bepul amalga oshiriladi.

Qolaversa, Qonunda shaxsni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish – tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish esa – pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Zamonaviy protez-ortopediya buyumlarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida reabilitatsiya qilish industriyasini rivojlantirish davlatning doimiy nazoratida bo‘lishi ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, mehmonxonalarda kamida bitta xona o‘rindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlanishi, shuningdek, eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilishi ta’minlanishi shart qilib belgilangan. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Muxtasar qilib aytganda, mazkur Qonun mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga qator imtiyozlardan foydalanish imkonini yaratadi.

Mahmudjon PARPIYEV,
Oliy Majlis Senati
Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash
masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun qanday imkoniyatlarni beradi?