
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘z debyutini Paragvayga qarshi o‘yin bilan boshladi. Yigitlarimiz raqibga qarshi bahsda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va musobaqani g‘alaba bilan boshladi. Uchrashuvdan so‘ng terma jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov bellashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Albatta, bu juda og‘ir va mas’uliyatli o‘yin bo‘ldi. Birinchi bahs har doim katta hayajon bilan kechadi, ayniqsa, yosh futbolchilar uchun bu tabiiy holat. Biz tayyorgarlik jarayonida bu jihatga katta e’tibor qaratgan edik, biroq shunga qaramasdan, futbolchilarda hissiyot ustunlik qilib turganini ko‘rdik. Shu bilan birga, ular vaziyatni nazoratda ushlab, murabbiylar tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni a’lo darajada bajarishdi. Buni men jamoaviy intizom va iroda namunasi deb baholayman,” — dedi Ismoilov.
Murabbiy ta’kidlashicha, raqib jismoniy jihatdan kuchli bo‘lgani uchun taktik reja jadal harakat va tezkorlikka qaratilgan. “Paragvay futbolchilari jismoniy jihatdan yetuk va faol jamoa ekan. Biz ularning ustun tomonlarini tahlil qilgan holda, o‘yinni tezlashtirish va qarshi hujumlarda faol bo‘lishni maqsad qildik. Birinchi bo‘limda aynan shu rejamiz ish berdi. Hisobda oldinda ketar ekanmiz, himoyada ham o‘zini yo‘qotmagan futbolchilarimdan minnatdorman. Bu o‘yin oldidan tayyorlab chiqilgan reja samarasi edi,” — dedi u.
Bosh murabbiy musobaqaning emotsiyalarga to‘la kechayotganini ham ta’kidladi: “Jahon chempionatida har bir bellashuv jangga teng. 8–9 ta o‘yinni kuzatdingiz — hamma joyda hissiyot, bosim, kartochkalar. Shuning uchun futbolchilar bilan tinchlikni saqlash, xato qilmaslik haqida ko‘p gaplashdik. Bu muhim. Eng asosiysi, jamoa g‘alaba qozonishni biladi. Bugungi natija — barchamiz uchun katta motivatsiya.”
Islombek Ismoilov o‘z so‘zining yakunida jamoa a’zolari va murabbiylar shtabiga minnatdorchilik bildirdi hamda oldindagi o‘yinlarda ham shunday ruh bilan harakat qilish lozimligini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.